O’rganiladigan obyektlarning sistematik o’rni
Tip Bo’g’imoyoqlilar – Arthropoda
Kenja tip Xelitseralilar – Chelicerata
Sinf O’rgimchaksimonlar – Arachnoidea
Turkum O’rgimchaklar – Aranei
Tur Uy o’rgimchagi – Araneus diadematus
Umumiy tushunchalar
O’rgimchaklar turkumi 20 mingga yaqin turni o’z ichiga olib, Yer yuzining quruqlik hududlarida, ayniqsa tropiklarda, shuningdek issiq iqlimli mintaqalarda keng tarqalgan. Ularning o’lchamlari ham turlicha, ya’ni 1 mm dan 10-12sm gacha bo’ladi. Uy o’rgimchagining kattaligi 5-10 mm ga teng.
O’rgimchaklarning tanasi aniq ikki bo’limdan, ya’ni boshko’krak va qorindan iborat. Qorin bo’limining birinchi bo’g’imi ingichka va kalta poyacha ko’rinishida bo’lib, u boshko’krak va qorin bo’limlarini qo’shib turadi. O’rgimchaklarning tana segmentatsiyasi aniq ifodalanmagan. Boshko’krak qalqonining oldingi va yon chetlari qorin tomoniga qarab sal egilgan. Boshko’krakning oldingi uchiga yaqin joyda 4 juft oddiy ko’zlar joylashgan. O’rgimchakni qorin tomonidan kuzatsak, boshko’krak qalqonining shakllanishida ko’krak segmentlarining sternitlari ishtirok etganligini ko’rish mumkin.
O’rgimchaklarning boshko’krak bo’limidagi olti juft oyoqlarning birinchi jufti xelitsera (jag’oyoq), ikkinchi jufti pedipalplarni (paypaslagich oyoq) hosil qilgan bo’lsa, qolgan 4 jufti haqiqiy yurish oyoqlaridir. Xelitseralar og’iz ustida joylashgan bo’lib, u ikki bo’g’imdan iborat. Uning asosiy bo’g’imi ancha yirik va enli silindrik shaklda, ikki tomoni biroz qavariq. Xelitseraning ikkinchi uchki bo’g’imi o’tkir uchli ilgaksimon va harakatchan. Xelitsera ichidan suyuqlik (zahar) yo’li o’tib, chiqarish teshigi bo’g’imning uchidan tashqariga ochiladi. Xelitsera o’rgimchakning oziqlanishida va dushmanlaridan himoyalanishda ishtirok etadi. Og’izning ikki yon tomonida pedipalplar joylashgan bo’lib, ular bo’g’imlarga bo’lingan va nisbatan uzun bo’ladi. Pedipalplar o’rgimchakda sezgi vazifasini bajaradi. Erkak jinsli o’rgimchaklarda pedipalplar qo’shilish organiga aylangan.
O’rgimchaklarda yurish oyoqlari ham bo’g’imlarga bo’lingan, ularning uchidagi tirnoqsimon bo’g’imlar to’rli tuzoq va uya yasashda ishtirok etadi.
O’rgimchaklarning qorin oyoqlari bo’lmaydi, balki ular o’zgarib o’pka qopqoqchalari va to’r so’gallariga aylangan. To’r so’gallari asosida ichki tomonda suyuqlik ajratuvchi bezlar bo’lib, ularning soni ayrim turlarida 1000 tagacha bo’ladi. Bezlarning yo’li qorinning keyingi qismiga, to’r so’gallarining oldidagi plastinkaga ochiladi. Bezlar ishlab chiqargan yopishqoq suyuqlik havoda qotib, ip hosil qiladi. Bir necha yuzlab bezlar ishlab chiqargan ingichka iplarni bitta umumiy ipga yopishtirib o’rgimchak inini hosil qiladi. Ushbu iplar har xil holatda bo’lishigi qarab, o’rgimchak ulardan tutuvchi in va pilla yasash uchun foydalanadi.
O’rgimchakning qornini oldingi qismida bir juft jinsiy teshikchalar joylashgan. Undan pastroqda esa bir juft nafas olish teshikchalari bo’ladi.
O’rgimchaklar hayotida sezgi organlari muhim ahamiyatga ega. Tana yuzasidagi sezgir tuklar tuyg’u vazifasini bajaradi. O’rgimchaklar tuklar yordamida yaqindan uchib o’tayotgan hasharotlarni yoki tutqich in iplarining tebranishini tez sezadi. Bir qator o’rgimchak turlari ovoz chiqarish va eshitish xususiyatiga ega. Bunday organlar tananing turli joylarida, xususan xelisera va pedipalplari, ko’krak va qorin qismlarida joylashgan. Hid bilish vazifasini oldingi oyoqlarining panjasidagi tarzal organlari yoki tana sirtida va maxsus o’simtalarida joylashgan lirasimon organlar bajaradi. Ushbu organlar ta’m bilish vazifasini ham o’taydi.
O’rgimchaklarda jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Erkaklari urg’ochilariga nisbatan kichik bo’ladi va pedipalplari kuyikish organiga aylangan. Erkaklik va urg’ochilik jinsiy bezlari juft va ular qisman qo’shilib, toq organni hosil qiladi. Urug’lanish ichki. Urug’ bilan to’lgan xaltacha ya’ni spermatoforlar urg’ochi jinsiy teshigiga o’tkaziladi. Urug’langan tuxumlar jinsiy bezlarning yo’lida o’z rivojlanishini boshlaydi. O’rgimchaklar embrionining qorin bo’limi 12 bo’g’imdan iborat va 4-5 ta bo’g’imlarda oyoqlar bo’ladi. Qorin bo’g’imlari o’zaro qo’shilib ketadi, qorinoyoqlar reduksiyaga uchraydi.
Rasm 75. Araneus diadematus o’rgimchagini tashqi tuzilishi
1 – boshko’krak, 2 – xelitseralar, 3 – pedipalpalar, 4 – oyoqlar, 5 – qorin bo’limi, 6 – xitinlashgan qoplamlari.
O’rgimchaklarda qiziq xususiyatlardan biri shuki, erkaklari kuyikish paytida raqsga o’xshash turli harakatlar qiladi. Ayrim turlarida erkagi urg’ochisiga o’ldirilgan o’lja in’om etadi. Ba’zan urg’ochisi urug’langandan so’ng erkagini yeb quyishi ham mumkin.
O’rgimchaklarning har xil turlari turli muddat yashaydi. Ularning aksariyati bir yil, tropik iqlimda tarqalgan o’rgimchaklar uzoqroq-3-5 yil yashasa, qushxo’r o’rgimchaklar 7-8 yildan 20 yilgacha umr ko’radi.
O’rgimchaklar ko’plab zararkunanda hasharotlar bilan oziqlanib, katta foyda keltiradi. Ularning ko’pgina turlarini zahar bezlarining suyuqligi hasharotlarga kuchli ta’sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |