O’rganiladigan chuvalchanglarning sistematik o’rni
Tip To’garak chuvalchanglar – Nemathelmintes
Sinf Nematodalar – Nematoda
Kenja sinf Sesernentlar – Secernentea
Turkum Askaridalar – Ascaridida
Tur Odam askaridasi – Ascaris lumbricoides
Tur Bolalar ostrisasi – Enterobius vermicularis
Umumiy tushunchalar
Odam askaridasi. Odam askaridasi ancha yirik chuvalchangsimon nematoda bo’lib, jinsiy dimorfizm aniq ifodalangan. Urg’ochilarining uzunligi 35-40 sm, erkaklari esa 15-20 sm, gavda eni 4-6 mm ga teng. Erkaklarining dum qismi qorin tomoniga qarab qayrilgan bo’ladi. Urg’ochilarining dumi to’g’ri va o’tkir uchli, tananing taxminan 1/3 qismida urg’ochilik jinsiy teshigi – vulva joylashgan. Erkak va urg’ochilarining og’iz atrofi uchta lab bilan o’ralgan.
Askaridalar geogelmintlar hisoblanadi. Ular bir xo’jayinli monofag parazitlardir. Rivojlanishi tashqi muhit bilan bog’langan. Har bir tur askarida faqat ma’lum bir turga mansub bo’lgan xo’jayinida parazitlik qiladi. Masalan, odam askaridasi faqat odam tanasida yashay oladi.
Odam askaridasining tanasi ko’p qavatli (6 qavat) kutikula bilan qoplangan. Bunday kutikula yarim o’tkazuvchi xususiyatga egadir. Shunga binoan uning tanasi doimo tarang (turgor) holatda bo’ladi. Kutikula ostida sinsitiy holatdagi gipoderma joylashgan. Aslida askaridalarning lichinkalik davrida gipoderma qavati hujayraviy tuzilishga ega. Lichinkaning rivojlanib voyaga yetib borishi jarayonida gipoderma hujayralari orasida chegara yo’qolib va sinsitiy hosil qiladi. Hujayralarning yadrolari esa suyuqlik ichida tarqoq joylashgan. Gipoderma ostida bir qavat bo’ylama muskul tolalari shakllangan, lekin gipoderma 4 ta valiklari (iskanalari) muskul qavatini 4 ta tutamga ajratib turadi.
Askaridaning ovqat hazm qilish sistemasi oldingi, o’rta va orqa ichakdan iborat. Uchala qismlar birgalikda naysimon ichak sistemasini hosil qiladi. Oldingi va orqa ichakning ichki yuzalari kutikula bilan qoplangan. Orqa ichak urg’ochi askaridada anal teshigi bilan tashqariga ochiladi. Erkaklarida esa anal teshigi jinsiy sistemasi teshigi bilan qo’shilib kloakani hosil qiladi.
Ajratish sistemasi ikki yon tomondagi gipoderma valiklari ichidan o’tuvchi ikkita ajratish kanallaridan iborat. Ushbu kanallarning oxirgi uchi berk bo’ladi. Shunga binoan, ularning chiqarish teshigi tananing oldingi qismida, qizilo’ngachning yonida tashqariga ochiladi. Ajratish kanali aslida bitta hujayra hisoblanadi, chunki unda faqat bitta yadro bo’ladi. Ushbu naychalardan tashqari askaridada naychalar ustida joylashgan 4 ta fagositar hujayralar ham ajratish jarayonida ishtirok etadi, ya’ni askarida tanasiga kirgan mikroorganizmlarni yutib, organizmni tozalab turadi.
Askaridaning nerv sistemasi tomoq oldi nerv halqasidan, undan tananing oldingi va orqa uchlariga boruvchi bo’ylama nerv tolalaridan iborat. Qorin va orqa nerv tolalari gipodermaning qorin va orqa valiklari ichidan o’tadi.
Askarida ayrim jinsli. Urg’ochi va erkak jinsiy organlari uzun ingichka nay shaklida. Urg’ochilik jinsiy organlari bir juft ingichka tuxumdonlardan, undan biroz kengaygan tuxum yo’llaridan iborat. Tuxum yo’llari yanada kengayib, juft bachadonni hosil qiladi. Bachadonlar o’zaro qo’shilib, tananing o’rta qismida jinsiy teshik bilan tashqariga ochiluvchi qinni hosil qiladi.
Rasm 49. Askaridaning ichki tuzilishi
A – urg’ochisi, B – erkagining jinsiy sistemasi, C – erkak askarida tanasini keyingi bo’limini bo’ylanma kesmasi
1 – lablar, 2 – tana devori, 3-7 – hazm qilish nayi (3 – og’iz teshigini joyi, 4 – halqum, 5 – o’rta ichak, 6 – keyingi ichak, 7 – erkagida ichakni kloakaga chiqishi, 8 – urg’ochisini anal teshigi, 9-13 – urg’ochisini jinsiy sistemasi (9 – tuxumdon, 10 – tuxum yo’li, 11 – bachadon, 12 – qin, 13 – jinsiy teshigi), 14-16 – erkaklik jinsiy sistemasi (14 – urug’don, 15 – urug’ yo’li, 16 - urug’ tukish nayi), 17-21 – kloaka (17 – erkaklik jinsiy teshigi, 18 – anal teshigi, 19 – spikulalar, 20 – kloaka bo’shlig’i, 21 – kloaka teshigi, 22 – nerv halqasi).
Erkaklik jinsiy sistemasi toq bo’lib, nayning eng uchki qismi urug’don, biroz yo’g’onlashgan urug’ yo’li, urug’ to’kuv kanali, uning uchi esa kutikulyar bir juft qo’shilish organi – spikulaga aylanadi. Spikulalar kloaka orqali tashqariga chiqariladi va urg’ochisining jinsiy teshigiga kiritilib urug’ suyuqligini to’kadi.
Askarida odamning ingichka ichagida parazitlik qilsa, lichinkalari ma’lum vaqt davomida jigarda, yurakda va o’pkada parazitlik qiladi. Askaridaning urg’ochisi juda ham serpusht bo’lib, bir sutkada 200 mingtagacha urug’langan tuxumlar qo’yadi. Tuxumlari ovalsimon, qalin oqsilli po’st bilan o’ralgan, o’lchami 50-70 mkm. Odam najasi bilan tuxumlar tashqi muhitga chiqarilgandan so’ng, muhit harorati +250-300 S da, yetarli namlik va kislorodli muhitda 14-16 kunda uning ichida lichinka shakllanadi va invazion (yuqumli) davrga o’tadi.
Rasm 50. Askarida tanasining ko’ndalang kesimi.
1 – gipodermaning orqa valigi, 2 – muskul hujayralarini plazmatik o’simtalari, 3 – muskul hujayralari, 4 – tuxumdonning bo’ylanma kesimi, 5 – ichak devori, 6 – kutikula bo’ylama muskul tolalari, 7 – gipodermaning yon valiklari, 8 – ayirish sistemasining bo’ylama naylari, 9 – tuxumdonning ko’ndalang kesimi, 10 – bachadon, 11 – tuxum yo’lining buylama kesimi, 12 – gipodermaning qorin valigi, 13 – tuxum yo’lining ko’ndalang kesimi.
Atrof muhit omillari noqulay, ya’ni past harorat, quruq tuproq, kislorodsiz sharoit bo’lganda rivojlanish juda sekinlashadi yoki to’xtaydi. Bunday muhitda tuxumlar o’zlarining tiriklik qobiliyatini 5-6 yilgacha saqlab qolishi ham mumkin.
Odam yuvilmagan va ifloslangan mevalar hamda oziq-ovqat maxsulotlari bilan ichida invazion lichinka shakllangan tuxumlarni o’ziga yuqtiradi. Ichakka tushgan tuxumning po’sti yemirilib, ichidan 0,2-0,3 mm uzunlikdagi lichinka chiqadi va ichak devori orqali ichakning venoz qon tomiriga, qon bilan jigar va yurakka boradi. Yurakdan o’pka arteriyasi orqali o’pkaga o’tadi. Lichinka o’pkada 10-12 kun yashab, o’pka to’qimalarini mexanik jihatdan buzadi, nerv uchlarini yallig’laydi, kapillyar qon tomirlarini yemiradi. Bu vaqtda lichinka o’sib 1,5-2 mm uzunlikka yetadi. Odam yo’talganda lichinka xalqumga, undan og’iz bo’shlig’iga o’tadi. Og’iz bo’shlig’idagi lichinka qayta yutiladi va ingichka ichakka borib, lablari yordamida ichak devoriga mahkam yopishib, 2,5-3 oy mobaynida voyaga yetadi hamda 1-1,5 yil parazitlik qilib, keyin halok bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |