O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA
INSTITUTI
O‘ZBEK ADABIYOTI KAFEDRASI
5111200- O‘zbek tili adabiyoti
bakalavr ta’lim yo‘nalishi uchun
MUTOLAA MADANIYATI VA RITORIKA
fanidan
MA’RUZALAR MATNI
NUKUS - 2020
1-MODUL.
Mutolaa madaniyati va ifodali o‘qish” fanining predmeti. Notiqlik san’atining paydo bo‘lishi. Mutolaa madaniyati: genezisi va tarixiy omillari
Mutolaa, voizlikning Sharq va G‘arb madaniy tafakkurida tutgan o‘rni
REJA:
Mutolaa san’atining qadim ildizlarga ega ekanligi. Mutolaaning inson ma’naviy olami va tafakkurini boyitishga xizmat qilishi. Voizlikning pand-nasihat, didaktikaga asoslanishi.
Roviylik san’ati haqida tushuncha. Notiqlik san’ati haqida. Ulug‘ so‘z san’atkorlarining ifodali nutq va notiqlik haqidagi fikrlari.
Mutolaa san’atining Sharq manbalari – Shumer, Hind, Xitoy, Eron va turkiy qadim yozma manbalarida mavjudligi. Qadimgi folklor manbalari – epos, xalq qissalari, xalq hikoyalari, ertak, qo‘shiqlarda notiqlik, nutq maslasi. Qadim turkiy bitiklarda ntiqlik va mutolaa madaniyati haqida.
Sharqu G‘arb madaniyati va notiqlik nazariyasi. Mutolaa san’ati, va’z va voizlik taraqqiyotida sharqona pand-nasihatning o‘rni.
Tanch iboralar: Yunoniston, notiqlik san’ati, notiqning qobiliyati, notiqlik san’ati tarixi, qadimgi Sharq madaniyati, qadimgi Xitoy, Misr, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari, chiroyli so‘zlash.
Notiqlik san’ati, avvalo, notiqning qobiliyati va iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan bilim sohasidir. Bu san’at azaldan shaxsning aqlini charxlaydi va nutqiy mahoratini rivojlantirishi bilan jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi.
Notiqlik san’ati o‘quv fani sifatida barcha oliy ta’lim muassasalarida o‘qitib kelinmoqda. Insoniyat bosib o‘tgan ijtimoiy taraqqiyot yo‘lida notiqlik san’ati alohida ahamiyatga ega. Uning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi. Buni biz qadimgi Sharq madaniyati va san’atini o‘rganish davomida bilib olamiz. Qadimgi Xitoy, Misr, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari xududida yaratilgan madaniyat, san’at, xalq og‘zaki ijodi boyliklarini diqqat bilan o‘rganish hamda o‘sha davrlar uchun tegishli tarixiy qo‘lyozmalarni tahlil qilish orqali ma’lumotlar to‘plash mumkin.
Notiqlik, ya’ni go‘zal va chiroyli so‘zlash san’atining kelib chiqishi bevosita qadimgi Yunoniston bilan bog‘liq. Notiqlik san’ati xuddi nazm va nasr singari ijod qilish mumkin bo‘lgan soha hisoblangan, hatgo «san’atlar shohi» deb tan olingan. Notiqlik san’ati davlat ishlariga, odamlarning aqli va hissiyotlariga juda qattiq ta’sir etgan. Qadimgi greklar chiroyli nutq so‘zlashni san’at deb baholab, uning mohiyatini to‘g‘ri ko‘rsatib berganlar. Miloddan avvalgi V asrda Yunonistonda omma oldida monologik (yakkaxon) nutq so‘zlash madaniyati shakllangan. Bu davrda notiqning uchta vazifasi ajratilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: biror narsani tushuntirish, ma’lum bir tafakkurga, xulosaga, ayniqsa harakatga undash va tinglovchilarda ma’lum bir qoniqish hosil qilish. Tinglovchilarda muayyan fikr, hissiyot (masalan, adolatparvarlik, vatanparvarlik) uyg‘otish notiqning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Inson hayoti davomida juda ko‘p nutq va ma’ruzalar tinglaydi. Ulardan o‘zlari uchun zarur bilim va axborot olishadi. Bu, albatta, notiq va uning nutqiga bog‘liq. Omma oldida nutq so‘zlash - juda murakkab jarayon. Shu bois odamlarning 90% omma oldida chiqib gapirishdan qo‘rqadi. Masalan, Napoleon parlamentda birinchi marta so‘zga chiqqanida hayajon va qo‘rquvdan yiqilib tushgan. Albatta, nutq so‘zlovchini avvalo tinglovchilarning soni, auditoriyaning tarkibi (qarindoshlar, hamkasblar, begonalar va boshq.), obro‘-e’tibori, nutqning oqibatlari qiziqtirishi tabiiy. Shu bois notiq nutq so‘zlashi uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rishi, mavzuni belgilashi, reja tuzishi, materiallarni to‘plashi, ularni joy-joyiga qo‘yishi, amaliyot bilan nazariyani uyg‘unlashtirishi, materiallarni avvalo o‘zi anglab olishi va keyinchalik fikrini tinglovchilarga yetkaza olishi zarur bo‘ladi.
Notiq biror mavzu bo‘yicha nutq so‘zlayotganida falsafa, mantiq, psixologiya, estetika va til qonunlariga asoslanishi lozim. Yuqorida sanab o‘tilgan fanlar qonunlariga muvofiq so‘zlangan nutq san’at darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Demak, ma’lum bir mavzuda mantiqiy va tilga oid qonun-qoidalarga muvofiq chiroyli, asoslangan, tushunarli holda gapirish notiqlik san’ati deyiladi.
Notiqlik san’ati falsafa, mantiq, psixologiya, estetika va tilshunoslik ta’sirida shakllanadi. Falsafa ijtimoiy ong shakli sifatida notiqlik san’atidan foydalanadi, ayni vaqtda uning rivojlanishiga yordam beradi. Notiqlik san’ati ijtimoiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, mafkuraviy va siyosiy kurash quroli sifatida shakllangan. Falsafa notiqlik san’atining vujudga kelish qonuniyatlarini o‘rganadi, notiqlik san’atiga mantiq qonunlarini o‘rganish orqali yordam beradi, uning funktsiyalari va obyektiv rivojlanish qonunlarini anglash imkonini beradi. Mantiq notiqlik san’atining tarkibini aniqlashga, uni tasniflashga, hissiy va aqliy muvofiqlikni, bilish va faraz munosabati, atamalarning roli va ahamiyati, metodlar va isbotning o‘rnini aniqlashga xizmat qiladi.
Psixologiya notiqlik san’ati mehnatining xususiyatlarini, ijodiy jarayonning shakl va darajalarini aniqlash hamda baholashda yordam beradi. Notiq ushbu san’atga xos bo‘lgan omillar, ya’ni tasavvur va ilhom, o‘z-o‘zini his qilish va boshqarish, jonli nutqning xususiyat va sharoitlari, notiqning auditoriya bilan munosabatlari kabilarni bilishi shart. Estetika notiqlik san’atining badiiy elementlari va estetik mohiyatini aniqlashga, uning go‘zalligini nima tashkil qilishini bilishga hamda notiqlik san’atining xususiyatlarini badiiy ijodning turlari bilan qiyoslashga imkon beradi. Shuningdek, notiqlik san’ati ko‘pgina boshqa ijtimoiy fanlar bilan ham bog‘liq. Notiqlik san’ati o‘ziga xos malaka, og‘zaki nutq shakllarini egallashni talab etadi. Go‘zal, chiroyli nutq so‘zlash uchun juda ko‘p mehnat qilish zarur.
Notiqlik san’ati haqida so‘z yuritar ekanmiz, shu o‘rinda bir qancha savollar tug‘ilishi tabiiy. Xo‘sh, notiqlik san’atining predmeti nima? Uning mohiyatini nima tashkil qiladi? Nutq -jamiyatda vujudga kelgan, har bir kishiga xos fikrni ifoda qilish vositasidir. Nutqda har bir kishining tafakkur yuritishi aks etadi. Nutq madaniyati nutqning adabiy til qoidalariga asoslangan, muayyan talab va usullariga bo‘ysungan holda namoyon bo‘ladi. Tilshunos olim Norqul Bekmirzaev ta’kidlaganidek, «notiqlik san’atining predmeti hali tuzilmagan, chiroyli sayqal bilan tuzilishi lozim bo‘lgan so‘z asaridir. Jozibali, teran so‘z va gaplarning jonli nutq orqali ifodalanishi notiqlik san’atining predmeti sanaladi» (Bekmirzaev N. Notiqlik asoslari: O‘quv qo‘llanma. - T., 2006.).
Notiqlik san’atida o‘zlashtirilayotgan material (predmet) katta ahamiyatga ega va u notiqlik san’atining mohiyatini tashkil qiladi. Nutqning mazmunini notiq tomonidan yig‘ilgan yaratilgan material tashkil etadi. Bu material (ma’ruza) asosiy bo‘limning yutuqli qismini tashkil etadi. Albatta, ommaviy nutqning shakl va mazmuni aniq materiallar va predmetdan kelib chiqadi. Shu narsa aniqki, faktik materiallar nutqning nafaqat shakliga, balki mazmuniga ham ta’sir ko‘rsatadi. Notiqlik san’atida quyidagilarni farqlash va ajratish lozim: uning predmeti; mavzusi (problematikasi); materiali (axboroti va notiqlik san’atining aniq mazmuni). Har qanday go‘zal so‘zlashning, notiqlik san’atining predmeti o‘z hajmiga ko‘ra mavzuga nisbatan keng, materiallari esa undan ham kengdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |