Antik davr notiqlari. Antik davr notiqlaridan biri Lisiy taxminan miloddan avvalgi 459 - 380 yillarda yashab ijod etgan. Uning otasi Afina hukmdori Periklning taklifiga ko‘ra shu shaharga kelib, doimiy yashab qoladi, ammo Afina fuqaroligini ololmaydi. Peloponnes urushida afinaliklar engiladilar, natijada demokratiya tarafdor-laridan sanalgan Lisiyning akasi qatl etiladi, o‘zi esa qochib qutuladi. 403 yilda demokratiya qayta tiklangach, Lisiy yana Afinaga keladi va logograflik bilan shug‘ullanadi. Tarixchi-larning aytishlaricha, Lisiy butun ijodi davomida 300 ga yaqin nutq yozgan. Shundan 34 ta sud nutqi bizgacha saqlanib qolgan.
Lisiy logograflik qilib yurgan davrlarida avval unga ishi tushib kelgan odamlarning dunyoqarashi, ruhiyati va tabiatini chuqur o‘rganib, keyin ularga o‘z qo‘llaridan va tillaridan yozganday qilib nutq yozib bergan. Lisiy san’atining asosiy siri shundaki, u nutk yozishga kirishar ekan, bir maqsadni ko‘zlaydi, u ham bo‘lsa, sudda gapirayotgan kishi haqida sud hay’at a’zolarida yaxshi taassurot qoldirish, so‘zlovchining har bir gap-so‘zi samimiy ekaniga ularni ishontirishdir. Lisiy yozgan nutqlarning barchasida so‘zlovchining tabiatiga xos gaplar o‘rin olgan. Lisiy uslubiga xos latofat ham nutq tilining sodda, aniq va fikrning lo‘ndaligida ko‘rinadi. Lisiyga qadar va undan keyin o‘tgan logograflar yozgan nutqlarida bor kuchni nutqning kirish va xulosa qismiga berib, asosiy hikoya qilib beriluvchi bayonot qismiga ko‘p ham e’tibor qaratmaganlar.
Lisiy tomonidan yozilgan har bir nutq sud minbaridan turib gapirayotgan huquqshunosning safsata gaplari emas, balki mohir notiq qalamiga mansub bir asar sifatida ahamiyatlidir.
Notiqlik san’atini rivojlantirishda Demosfenning ham o‘rni katta. Demosfen miloddan avvalgi 384-322 yillarda yashab ijod etgan. U notiqlar maktabining yo‘lboshchisi, mohir voiz, demokratik tuzum himoyachisi, ziyoli vatanparvarlar vakilidir.
Demosfenning nutqlari faktik materiallarga juda boy bo‘lgan, chunki u o‘z kuzatishlari asosida ko‘pgina nutqlarni tuzgan. U har qanday sharoitda auditoriyani o‘zini oxirigacha eshitishga majbur qila olgan. Demosfenning suddagi nutqlari yaxshi bo‘lmasa-da, lekin siyosiy nutqlari, ayniqsa Makedoniya podshohi Filipp II ga qarshi nutqlari juda qiziqarli bo‘lgan. U o‘z chiqishlarida doimo mashhur afinaliklarni eslagan va xotirlashga chaqirgan. Dadil, vatanpar-varlik ruhidagi chiqishlari afinaliklarni qahramonlikka undagan va ularning ma’naviy hayotida chuqur iz qoldirgan. U afinaliklar bilan bevosita muloqotga kirishgan, o‘ziga nisbatan hech bir luqmani javobsiz qoldirmagan. O‘z raqiblarining chiqishlarini tez va samarali rad etgan. Masalan, «Iltimos shovqin ko‘tarmanglar, insonlarga o‘xshab eshitinglar», - deb murojaat qilgan yig‘il-ganlarga. Demosfen tinglovchilarni nutqda ifodalanayotgan muam-molar to‘g‘risida tafakkur yuritishga majburlash maqsadida afinalik fuqarolarga tez-tez murojaat qilgan; ularga savollar bergan va savollarning ba’zilariga tezda o‘zi javob bergan, ba’zilarini esa tinglovchilar javob berishlari uchun javobsiz qoldirgan; shuningdek, nutqida ba’zan evrepid, Sofokl she’rlaridan parchalar keltirgan. Uning yaxshi ko‘rgan notiqlik usullaridan biri tinglovchilar xohishidan kelib chiqqan holda o‘z chiqishlarini tayyorlash va ularni muayyan harakatlarga undash bo‘lgan (masalan, «yaxshi» va «a’lo» deb baho berib turgan), ba’zan undov savollar ham ishlatgan (masalan, «Bunday bo‘lishini kim ham o‘ylagandi!?»).
Demosfenning qasamyodlari, Xudoga murojaatlari afinaliklar qalbida chuqur iz qoldirgan. Masalan: «Zevs nomi bilan qasam ichaman», «Sizlarga faqat haqiqatni gapiraman deb Xudoga qasam ichaman» va boshqalar. Davlat ahamiyatidagi tadbirlarda, xususan, «Xersones ishi to‘g‘risida»gi nutqida u o‘zini eng oldingi saflarda bo‘lish istagini xudo nomi bilan so‘rashdan boshlagan. Ba’zan auditoriyani ham Zevs nomi bilan qasam ichishga chaqirgan.
Demosfen nutqlari asoslangan, ifodasiga ko‘ra aniq, gaplar qisqa, sur’at tekis va mayin, goh baland, goh past bo‘lgan. Qiyoslashlar Demosfen nutqlarini yanada kuchaytirgan. Demosfen nutqlarining muvaffaqiyati uning harakatlari, intonatsiyasi, tinglovchilar qalbiga qaratilgan nigohi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Demosfen notiqlikni siyosatdan va ijtimoiy qiziqishlardan tashqarida tasavvur qila olmagan. O‘zining notiqlik san’atiga siyosiy, mohiyatan vatanparvarlik faoliyatining quroli sifatida qaragan. U safsafata nutqlarni tanqid qilgan. Uning fikricha, notiqning nutqi va amaliy faoliyati o‘rtasida tafovut bo‘lmasligi zarur, yolg‘on nutqlar davlat uchun juda zararli, har qanday nutq notiqning fuqarolik g‘ururiga muvofiq bo‘lishi lozim. Demosfen notiqlikni siyosiy faoliyat bilan uyg‘unlashtirishga intilgan.
Mutolaa madaniyati va notiqlik san’ati, ular haqidagi ta’limotlar tarixi juda ham uzoq davrlarga borib taqaladi. U ta’limot sifatida qadimgi Rim va Afinada shakllangan bo‘lsa ham unga qadar Misrda, Assuriyada, Vavilon va Hindiston mamlakatlarida paydo bo‘lganligi notiqlik san’ati tajribasidan ma’lum. Shunga ko‘ra notiqlik san’ati tarixi haqida so‘z yuritganda qadimgi Yunon notiqligi, Rim hukmronligi davridagi notiqlik, O‘rta Osiyo notiqligi tarixi haqida bir qator ma’lumotlarning mavjudligini aytish mumkin.
Juda ko‘plab ilmlar markazi hisoblangan Yunoniston notiqlik san’ati sohasida ham jahon madaniyati tarixida yorqin sahifalar yaratgan. Qadimgi yunon notiqlik san’ati o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan murakkab voqelikdir.
Notiqlik san’ati haqidagi ilk ma’lumotlarni Gomerning (eramizdan oldin XII asrlar o‘rtasida yashagan) “Iliada” va “Odisseya” dostonlaridan olish mumkin. Gomer dostonlari ma’lumotiga qaraganda, qadimgi Yunoniston tuprog‘ida eramizdan avvalgi shu davrlarda Nestor, Menelay, Odissey, Axill kabi mashhur notiqlar bo‘lgan. Bu to‘rt notiq shu san’atning 4 yo‘nalishiga mansub bo‘lib, ular maxsus notiqlik maktablarida tahsil olganlar.
Bu san’at harbiy mutaxassislik va boshqa zarur ijtimoiy mutaxassisliklar qatori maxsus maktablarga ega bo‘lgan. Shuning uchun e’tiborli oilalar farzandlarini yoshligidan shu san’at bilan qurollantirishga uringanlar.
XIII-XII asrlardagi notiqlik san’ati tarixiy taraqqiyotning madaniy cho‘qqisi bo‘lgan, ana shu ravnaq necha asrlar osha yangidan ko‘tarilgan, keyingi yuksaklikning pishib yetishiga ijobiy ta’sir etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |