Adabiyotlar
1. Каримов И.А. “Юксак маънавият- енгилмас куч” 2008й. Т.”Ўзбекистон”
2. Бурҳонуддин ал- Марғиноний. Ҳидоя Т, 2000.
3. Одил Қориев Ал-Марғиноний-машҳур фиқҳшунос. Т. 2000
4. Н.Абдулаҳатов Т.Ғозиев. Бурҳониддин Марғиноний тарихий ҳақиқат ва асостирлар. Т.2010.
5. al-Marg̲h̲īnānī / Heffening W. // Encyclopaedia of Islam. 2 ed. — Leiden : E. J. Brill, 1960—2005.
Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abd ul-Jalil al-Farg’oniy ar-Rishtoniy al-Marg’inoniy 1123 yil 23 sentyabrda tugalgan. U Qur’onni, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh — islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo’lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli Burhon ud-din val-l-milla va Burhonuddin al-Marg’inoniy nomlari bilan mashhurdir.
Burhonuddin al-Marg’inoniy dastlabki ta’limni Marg’ilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning o’sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo’lgan Samarqandga ko’chib borgan va umrining oxirigacha o’sha yerda yashagan. Mavlono Burhonuddin al-Marg’inoniy yoshlik chog’laridanoq Qur’oni Karimni yod olib, hadislarni chuqur o’rgangan.
U balog’at yoshiga yetganida mukammal ilmga ega bo’lganiga qaramay ustozlardan ta’lim olishni davom ettirdi. 1149 yili Burhonuddin al-Marg’inoniy haj safariga bordi. «Kitob ul-mashoyix» («Shayxlar haqidagi kitob») asarida u o’zi ta’lim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab o’tgan. Bu ro’yxatda Najmuddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy, Abu al-Asir al-Baydaviy, Abu Yoqub as-Sayariy, Abu Is’hoq an-Navqadiy, Ja’far al-Hinduvoniylarning nomlari bor.
Keyinchalik u fiqhga oid masalalar bilan qiziqib, o’sha davrning ko’zga ko’ringan allomalaridan «Al-Muhit» («Ilmlar dengizi») asarining muallifi Umar ibn Maaza, «Al-Fatava va favoid az-Zahira» («Fatvolar va zohir narsalarning foydalari») asarining muallifi Zohir uddin ibn Umar al-qodiy al-Buxoriy ibn al-Itobiy va boshqalarning nazariga tushgan.
Burhonuddin al-Marg’inoniy islom dinidagi sunniylarning to’rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o’rganish bilan birga o’zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. Bizgacha yetib kelgan asarlaridan «Bidoyat al-muntahiy» («Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim»), «Kifoyat al-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim»), «Nashr ul-mazhab» («Mazhabning yoyilishi»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Manosik ul-haj» («Haj marosimlari»), «Majma ul-navozil» («Nozil bo’lgan narsalar to’pla-mi»), «Kitob ul-faroiz» («Farzlar kitobi») va boshqalar ma’lum.
Al-Marg’inoniyning butun islom olamida mashhur bo’lgan «Hidoya» asari 1178 yili Samarqandda yozildi. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning «Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot fuqaho va ma-shoyix mazhab an-Nu’mon» («Nu’mon mazhabiga mansub bo’lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob») nomli asarida keltirilishicha, Burhonuddin al-Marg’inoniy «Bidoyat al-muntahiy» asarining so’z boshisida «Hidoya»ning yaratilishi xususida shunday yozgan: «Abu-l-Hasan Ali ibn Bakr Abd ul-Jalil bir kuni fiqh masalalariga bag’ishlangan hajmi uncha katta bo’lmagan, lekin mazmuni to’liq bo’lgan bir yaxlit kitob zarur ekanligi haqida fikr bildirdi. Iroqqa safar qilganimda u yerda «al-Muxtasar al-quduriy» («quduriy qisqartmasi»)ni ko’rdim. U fiqh bobida ajoyib asar edi. Bu paytgacha kattayu-kichik barcha «Jome’ us-Sag’ir» («Ki-chik to’plam») dan foydalangan edi. Shunda fiqhga oid barcha asarlarni jamlab, ulardan eng zarur masalalarni oldim va bu asarga «Bidoyat al-muntahiy» deb nom berdim. Keyinchalik bu asarga sharh yozib, uni «Kifoya ul-muntahiy» deb nomladim».
Keyinchalik bu asarlarning ham hajmi kattalik qilib, yanada mo’jaz bo’lgan, butun islom olamida xanafiya mazhabining fiqh masalalarida asosiy qo’llanmasiga aylangan al-Marg’inoniyning «al-Hidoya» asari yaratildi. Bu asar butun musulmon olamida mashhur bo’lib ketdi, musulmon huquqi — fiqh bo’yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olindi.
«Hidoya»ning asosini fiqh ilmi asoschilaridan bo’lgan Abu Hani-fa an-Nu’mon ibn Sobit, Abu Abdulloh, Ahmad ibn Hanballarning yirik asarlari, bu allomalarning shogird va safdoshlaridan imom Abu Yusuf, imom Abu Abdulloh ibn Husayn ash-Shayboniy (imom Muhammad), imom Abu-l-Xazl Zufar ibn Xazllarning asarlari, dastlabki to’rt xalifa va sahobalarning rivoyatlari, ular xabar qilgan hadislar tashkil qiladi. Bundan tashqari, «Hidoya»da asosiy fiqhiy masalalarning sharhi va yechimida Muhammad Bazdaviyning «Mabsut», ibn Iso at-Termiziyning «Jome’ ul-Kabir» («Katta to’plam»), quduriyning «al-Muxtasar al-quduriy» kabi asarlariga ishora qilinadi.
«Hidoya»da huquqiy masalalarning yechimi dastlab yirik fikd olimlari fikrlarining bayoni va unga boshqa mualliflar e’tirozlari yoki qo’shilishlarini izhor etish yo’li bilan berilgan. Ana shu obro’li mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng ma’qul yechimni tanlab olish yo’liga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki uning mukammal sharhi ham asoslab keltiriladi.
«Hidoya» to’rt juzdan iborat bo’lib, birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, ro’za, zakot va haj kitoblaridir. Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniklash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo’qolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.
Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o’tkazish, qozilarning vazifalari, guvoxlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, da’vo, iqror bo’lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo’lish, pulni saklashga berish, qarz berish, sovg’a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (patronat), majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo’lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o’rin olgan.
To’rtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bog’dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so’yiladigan jonzod haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o’zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to’lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.
«Hidoya» bir necha asrlar davomida ko’p musulmon mamlakatlari-da, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik bo’yicha eng asosiy qo’llanma hisoblanib, bu yerda 1917 yil inqilobidan keyin ham, to 30-yillargacha shariat qozilari bekor qilinib, sovet sud sistemasi joriy qilinguncha amalda bo’lib keldi. Hozirgi kunda ham islom shariati asosida ish yuritadigan musulmon mamlakatlar huquqshunosligida bu asardan keng foydalaniladi. «Hidoya»ning 1893 yilda rus tilida qisqartirilgan tarjimasi N. P. Grodekov tomonidan nashr etilgan.
O’zbekistonning mustaqillikka erishuvi tufayli islom yodgorliklari, jumladan, shariat, fiqhga oid asarlarni o’rganish, bu sohadagi boy merosimizni nashr etish imkoniyati vujudga keldi. Vatandoshimiz al-Marg’inoniyning «Hidoya» asari islom huquqshunosligida mashhurligini nazarga olib N. I. Grodekovning inglizchadan ruschaga qilgan va tor doyra uchun mo’ljallangan «Hidoya»ning 1-kitobi Toshkentda 1994 yilda yuridik fanlari doktori A. X. Saidovning so’z boshisi va sharhi bilan qayta nashr etildi.
Uzoq musulmon olamida hozirgacha o’z qimmatini yo’qotmagan «Hidoya» va uning muallifi Marg’inoniy faoliyati o’z tadqiqotchilarini kutmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 2000 yilda al-Marg’inoniyning 910 yillik tavallud sanasi keng jamoatchilik tomonidan tantanali ravishda nishonlandi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
BURHONIDDIN AL-MARG‘INONIY TAVALLUDINING HIJRIY SANA BO‘YICHA 910 YILLIGINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA
Jahon xalqlarining ma’naviy-diniy taraqqiyotiga, huquqshunoslik ilmining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, nodir iste’dod egasi Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludiga hijriy sana bo‘yicha 910 yil to‘lishi munosabati bilan uning xotirasini abadiylashtirish, xalqimizni ajdodlarimiz ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va jamoatchilikning 2000-yilda Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini respublikamizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Respublika tashkiliy qo‘mitasining tarkibi hamda yubiley tantanalariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tadbirlari rejasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Tashkiliy qo‘mita tegishli vazirliklar, hokimliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu sanaga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Badiiy akademiya va Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda ochiq tanlov asosida 2000-yilda Burhoniddin al-Marg‘inoniy sharafiga yodgorlik majmui barpo etish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlasin va ularni tashkiliy qo‘mita tasdig‘iga kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Farg‘ona viloyati hokimligi va Tashqi ishlar vazirligi hamda tegishli vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda 2000-yilda “Burhoniddin al-Marg‘inoniyning jahon fani va madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Burhoniddin al-Marg‘inoniy yashagan davr fani va madaniyatiga oid asarlarni, shuningdek uning asarlari namunalarini nashr etishni o‘z rejalariga kiritsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, respublika vazirliklari, idoralari, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalari bir oy muddatda Burhoniddin al-Marg‘inoniyning jahon fani va madaniyati tarixida tutgan o‘rnini chuqur o‘rganish, targ‘ib etish bo‘yicha o‘z tadbirlarini ishlab chiqib, amalga oshirsinlar.
7. Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Farg‘ona viloyati hokimligi, homiylik qilish istagini bildirgan xorijiy tashkilotlar va jismoniy shaxslarning o‘z ulushlarini qo‘shish haqidagi taklif-istaklari qo‘llab-quvvatlansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 19-yanvar,
17-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-yanvardagi 17- son qaroriga
1 ILOVA
Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Respublika tashkiliy qo‘mitasining
Do'stlaringiz bilan baham: |