Global muammolarning mohiyati.
«Hozirgi davrning global muammolari» tushunchasi 1960-yillar oxiri – 1970-yillarning boshlarida keng tarqaldi va shundan beri ilmiy va siyosiy muomala(leksikon) hamda ommaviy ongdan mustahkam o‘rin oldi. Aksariyat hollarda u global sanalmagan voqyealar va hodisalarga nisbatan qo‘llaniladigan atama sifatida ishlatiladi. Bunday holga milliy va umumbashariy ahamiyatga molik voqyealar tenglashtirilganida, masalan, muayyan bir mamlakatning ijtimoiy muammolarini nazarda tutib, ular «global» deb nomlangan holda duch kelish mumkin.
Falsafada bu vazifani yechish uchun tegishli mezonlar belgilangan bo‘lib, ularga muvofiq u yoki bu muammo global deb belgilanadi va shu tariqa bunday xususiyatga ega bo‘lmagan boshqa ko‘p sonli muammolardan farqlanadi. Etimologik jihatdan «global» atamasi, «globallashuv» atamasi kabi, yer kurrasi bilan bog‘liq. Ayni shu sababli butun insoniyat manfaatlariga daxldor muammolarni ham, dunyoning turli nuqtalaridagi har bir ayrim insonga tegishli bo‘lgan, ya'ni umuminsoniy xususiyat kasb etadigan muammolarni ham «global» deb nomlash odat tusini olgan. Ular jahon iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishining muhim ob'ektiv omili sifatida ayrim mamlakatlar va mintaqalarning rivojlanishiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi. Ularni yechish aksariyat davlatlar va tashkilotlarning kuch-g‘ayratini xalqaro darajada birlashtirishni nazarda tutadi. Ayni vaqtda global muammolarning yechilmay qolishi butun insoniyat kelajagi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Muammolarning turli darajalari. Global muammolar butun dunyogagina tegishli bo‘lmay, uning mintaqalari va hatto ayrim mamlakatlar darajasida namoyon bo‘lgani bois, ilmiy adabiyotlarda ularning umuminsoniy ahamiyatini tan olish bilan bir qatorda, ularni mohiyati o‘zgacha, ta'sir doirasi esa torroq bo‘lgan ayrim, mahalliy, mintaqaviy muammolardan farqlash ham amalga oshiriladi. Turli darajadagi muammolarni «umumiylik», «xususiylik» va «yakkalik» falsafiy kategoriyalarining muayyan ifodasi sifatida o‘rganar ekanlar, ularni odatda shunday talqin qiladilarki, xususiy muammolar ayrim muammolar sifatida, mahalliy va mintaqaviy muammolar – xususiy muammolar sifatida, global muammolar esa – umumiy muammolar sifatida amal qiladi. Zikr etilgan muammolarni farqlash zamirida yotuvchi asosiy mezon ham ayni shu yondashuvni belgilaydi. U geografik deb ataladi, chunki makon omilini yoki, boshqacha aytganda, muayyan muammolar mavjud hududni aks ettiradi.
Xususiy muammolar davlat faoliyatining muayyan jabhasiga, ayrim aholi yashaydigan punktlarga yoki kichik tabiiy ob'ektlarga tegishli bo‘lgan muammolardir. Bular, odatda, turli avariyalar, nosozliklar natijasida yuzaga keladigan har xil muammolar, mahalliy ijtimoiy konfliktlar va sh.k.
Mahalliy muammolar tushunchasi yuqoriroq darajadagi muammolarga, aniqroq aytganda, ayrim mamlakatlarga yoki yirik mamlakatlarning ancha katta hududlariga tegishli bo‘lgan muammolarga nisbatan tatbiq etiladi. Bu yerda odatda kuchli zilzilalar, yirik suv toshqinlari yoki, masalan, kichik davlatdagi fuqarolar urushi nazarda tutiladi.
Milliy muammolar tushunchasi ijtimoiy-siyosiy va ilmiy muomalada ba'zan muayyan davlat yoki milliy hamjamiyatning ma'lum qiyinchiliklari, g‘am-tashvishlarini aks ettiradi. Miqyos darajasiga qarab ular mintaqaviy yoki mahalliy muammolar sifatida talqin qilinishi mumkin.
Energetika va xom ashyo resurslari. Yana bir global muammo – insoniyatni energetika va xom ashyo resurslari bilan ta'minlash xalqaro maydonda ko‘p sonli ziddiyatlar, shu jumladan harbiy mojarolar manbaiga aylandi. Bu resurslar moddiy ishlab chiqarishning negizi hisoblanadi va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishiga qarab inson hayotida tobora muhimroq rol o‘ynaydi.
Mazkur resurslar tiklanadigan, ya'ni tabiiy yoki sun'iy yo‘l bilan tiklash mumkin bo‘lgan resurslarga (gidroenergiya, yog‘och, quyosh energiyasi va sh.k.) va miqdori mavjud tabiiy zahiralar bilan chegaralangan tiklanmaydigan resurslarga (neft, ko‘mir, tabiiy gaz, har xil rudalar va minerallar) bo‘linadi. Hozirgi iste'mol sur'atlari saqlangan taqdirda tiklanmaydigan resurslarning aksariyati insoniyatga bir necha o‘n yillardan bir necha yuz yillargacha bo‘lgan muddat bilan o‘lchanadigan yaqin kelajakda foydalanishgagina yetishi hisoblab chiqildi.
Shuningdek mavjud zaxiralarning anchagina qismi murakkab sharoitda joylashgan konlarda jamlangan yoki nisbatan qashshoq rudalardan iborat. Yaqindagina odamlar aksariyat foydali qazilmalarni ochiq usulda yoki 600 m dan oshmaydigan chuqurlikda qazib olgan bo‘lsalar, bugungi kunda vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Qulay joylardagi foydali qazilmalar tugab bormoqda va endilikda 8-10 km chuqurlikda yoki okean tubida joylashgan konlarni ishga solish vazifasi paydo bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat ko‘p miqdorda kapital qo‘yilmalarni, balki ularni qazib chiqarish va qayta ishlash uchun yangi texnika va texnologiyalar yaratishni ham taqozo etadi. Shu sababli chiqindisiz texnologiyalarni rivojlantirish bilan bir qatorda insoniyat ixtiyorida mavjud resurslardan oqilona foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Urush va tinchlik muammosi. Harbiy soha jamiyat hayotining eng isrofgar sohasi hisoblanadi. Ayni shu sababli jamiyat hayotidan urushni bartaraf etish va yerda mustahkam tinchlikni ta'minlash butun dunyoda mavjud barcha global muammolar orasida eng muhimi deb e'tirof etiladi. Uning keskinligi barcha zamonlarda hyech qachon pasaymagan bo‘lsa-da, XX asrda u nafaqat ayrim kishilar, xalqlar, balki butun insoniyat oldiga «o‘lish yo qolish?» degan mudhish savolni qo‘yib, alohida, fojeaviy mazmun va ahamiyat kasb etdi.
Bu hol ilgari mavjud bo‘lmagan imkoniyat – yerdagi hayotni yo‘q qilish imkoniyatini yaratgan yadro quroli paydo bo‘lishi bilan izohlanadi. Yadro quroli 1945 yil avgustda (Xirosima va Nagasaki) ilk bor qo‘llanilgan paytdan e'tiboran mutlaqo yangi davr – inson hayotining barcha jabhalari: siyosat, iqtisod, tafakkurda, jahon maydonidagi kuchlar nisbatida tub o‘zgarishlar yasagan yadro davri boshlandi. Ammo muhimi shundaki, mazkur davrdan e'tiboran nafaqat ayrim inson, balki butun insoniyat o‘lishi mumkin bo‘lib qoldi. Teyyar de Sharden yangi vaziyatga baho berar ekan, shunday deydi: «Bir individ o‘lsa, uning o‘rnini doim boshqa bir individ egallaydi. Individning o‘limi hayotning davom etishiga to‘siq bo‘la olmaydi. Ammo butun insoniyat o‘lsa-chi?..».
1940-yillarning oxirida ta'riflangan bu masala vaqt o‘tishi bilan ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi. Atom bombasi paydo bo‘lishi bilan «qiyomat-qoyim» xom-xayol bo‘lmay qoldi. O‘sha davrda yangi ixtironing butun xavfini ko‘pchilik hali tushunmagan, ayrim faylasuflar va olimlar yadro urushi tahdid solayotgan sharoitda odamlar o‘zining o‘zgargan holatini anglab yetishlari va insoniyat halok bo‘lishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishlari lozimligi haqida ogohlantirgan edi. Albatta, o‘zini o‘zi qirib tashlash imkoniyati odamlarda darhol paydo bo‘lgani yo‘q. Yadro qurolini yaratish va uni butun tiriklikni qirib tashlash uchun yetarli miqdorda jamg‘arish uchun vaqt, juda katta moddiy, moliyaviy va boshqa xarajatlar, shuningdek jahonning turli mamlakatlaridagi olimlar, muhandislar va ishchilar ko‘p millionli armiyasining kuch-g‘ayrati talab etildi. Ammo birinchi yadro portlashlaridan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatning jiddiyligini jahon hamjamiyatining keng davralari anglab yetishi uchun ham qariyb 30 yil vaqt o‘tishi kerak bo‘ldi.
AQSh va Sovet Ittifoqida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda ish olib borgan olimlar ikki jamoasi tadqiqotlarining aqlni lol qoldiruvchi natijasi bo‘lgan «yadro qishi» konsepsiyasi paydo bo‘lgan 1980-yillarning boshiga kelibgina insoniyat yadro quroli yaratilishi, shuningdek global muammolar paydo bo‘lishi bilan u o‘zining avvalgi «umrboqiyligi»ni yo‘qotganini uzil-kesil anglab yetdi.
Kompyuterda yaratilgan modellarda ancha aniq hisoblab chiqilgan mazkur konsepsiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, jahonda yerdagi hayotni butunlay yo‘q qilish uchun yetarli miqdorda yadro zaryadlari to‘plangan. Ular portlatilgan taqdirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shikastlantiruvchi ta'sirdan tashqari havoga son-sanoqsiz miqdorda chang, tutun va kul ko‘tariladi va ularning qalin pardasi sayyoramizni quyosh nurlaridan butunlay to‘sib qo‘yadi. Bu atmosfera va yer yuzasining temperaturasi keskin pasayishiga sabab bo‘ladi va uni muz bosishiga olib keladi. «Yadro qishi» konsepsiyasi odamlarni ular yangi xavf darajasini anglab yetishga va sivilizatsiyani qutqarish uchun harbiy kuch ishlatishdan voz kechib, choh yoqasidan uzoqlashishga qodirmi, degan savolga javob berishda muqobildan uzil-kesil mahrum qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |