1.2. «Sharq taronalari» musiqiy anjumanining tashkil etilishi va uning o’smir-
yoshlar tarbiyasida tutgan o’rni.
O’zbek xalqi qadimdan o’zining boy musiqiy merosi, ma’naviy qadriyatlariga ega bo’lib kelgan. Bu bisot turli yo’nalish va janrlarda allomalarimiz yaratgan musiqiy risolalar, qo’lyozmalar, yaratilgan cholg’u asboblari, qo’shiq, kuy, baxshichilik, usta shogirdlik an’analari, to’y marosimlari, turli an’anaviy yig’inlar, bayramlar, sayillar va boshqa elning yaxshi-yomon kunlarida kuylanadigan ashulalari chalinadigan cholg’u kuylari tarzida o’z ifodasini topagan. Bu qadriyatlarni xalqimizning hozirgi kundagi avlodiga yetkazish, uning ongiga singdirish, uning ma’naviy ehtiyojiga aylantirish, ularni bu yo’nalishda ma’naviy kamolotga erishtirish uchun bir qancha festivallar, anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, tanlovlar o’tkazilib kelinmoqda. Shunday festivallardan biri «Sharq taronalari» musiqa festivalidir.
«Sharq taronalari» nafaqat o’zbek milliy musiqa madaniyatimizni, balki butun dunyo musiqa madaniyatini rivojlantirish yo’lida xizmat qiladi. Chunki «Sharq taronalari» festivalida butun dunyo musiqa merosining durdona asarlari kuylanadi.
Musiqa ming yillar mobaynida insonlar qalbini ezgulikka chorlab kelmoqda. U jahon madaniyatini boyitib, umuminsoniy qadriyatlar xazinasiga munosib hissa qo’shadi. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festival ajoyib qo’shiq namunalarini namoyish etib, yosh avlodga xalq musiqasiga bo’lgan muhabbatni tarbiyalashga xalqlar o’rtasidagi madaniy va ma’rifiy aloqalarni, mushtaraklikni mustahkamlash va kengayishiga olib keladi. Musiqa eng ta’sirli va eng ommaviy ozuqa vositasidir. Musiqa ayniqsa, o’smir yoshlarda vatanparvarlik hissini, mardlik, qat’iylik, mehribonlik, insonparvarlik singari ma’naviy sifatlarni shakllantirishda ta’sirchan vosita bo’lib xizmat qiladi. Yorqin jozibador hamda chuqur mazmunga ega bo’lgan kuy va qo’shiqlar yoshlarda ona-Vatanga muhabbat, mehr-oqibat va mehnatni sevish kabi ajoyib fazilatlarni tarbiyalashda yordam beradi.
Xalqaro musiqiy anjumanlarni tashkil etish va o’tkazish yoshlar tarbiyasida alohida ahamiyatga ega. Chunki, ko’pgina o’smir-yoshlar jahon xalqlari musiqalariga qiziqishadi. Ushbu «Sharq taronalari» musiqiy anjumanida esa faqat milliy musiqalar ijro etiladi. Festivalning musiqalarini tinglagan o’smir-yoshlar jahon xalqlarining milliy musiqalari bilan tanishadilar. Festivalda rang-barang yo’llarda ijro etilgan kuy-qo’shiqlar yangraydi. Xitoy, Hindiston, Eron, Indoneziya, Turkiya, Isroil, Bangladesh, Malayziya, Pokiston, Misr, Koreya Respublikasi, Mongoliya, Vetnam hamda yaqin qo’shnilarimiz Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqa xalqlarning qo’shiqlari, ular bilan bir qatorda turli xalqlarning ajoyib milliy liboslari va milliy cholg’u asboblari namoyish etiladi.
«Sharq taronalari» festivali bizga shuning uchun ham qadrliki, unda faqat milliy qo’shiqlar jonli ovozda ijro etiladi. O’smir-yoshlar esa jahon xalqlarining milliy madaniyatidan voqif bo’ladilar. Shu bilan birga o’z milliy madaniyatimizni e’zozlashni, qadrlashni o’rganadilar. «Sharq taronalari» kabi xalqaro festivallar o’smir-yoshlarimiz qalbida Vatanga bo’lgan muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik kabi his-tuyg’ularni milliy ma’naviyatimizga bo’lgan hurmatni oshiradi. Chunki biz dunyo xalqlariga o’zbek milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, mehmondo’stligimiz, o’zligimizni namoyish etamiz.
Zero, birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek: «Yangi asr, yangi ming yillikka asrab-avaylab olib o’tilgan noyob boylik - insoniyat tafakkurining buyuk mo’jizasi bo’lgan «Sharq musiqiy merosi odamlar qalbida ezgulik, birodarlik, mehr-shavqat tuyg’ularini kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz». Yurtboshimiz asos solgan har ikki yilda bir marta bo’lib o’tayotgan mashhur festival ulkan ulug’ bir maqsad yo’lida xizmat qilayotir. Birinchidan, o’zbek mumtoz musiqa madaniyatini jahonga tanitmoqda. Ayni paytda ega dunyo musiqa madaniyati bilan xalqimizni oshno etmoqda. Shuning uchun ham Yunesko bu anjumanni o’z rahnamoligiga olgan. Bugun xalqaro hamjamiyatga festivalning o’z o’rni bor. U xalqaro munosabatlarda birodarlik va do’stlikni targ’ib etuvchi vositadir. Yosh musiqashunos Iroda G’aniyeva: «Musiqa, avvalo, xalqlarni birlashtiradi. Qolaversa, mana shunday ajoyib anjumanlar tufayli yoshlarning milliy san’atimizga bo’lgan mehru-e’tibori yanada oshadi», deya musiqa san’atining inson kamolotiga tutgan roli haqida fikr bildirgan edi. Darhaqiqat, musiqa o’smir-yoshlar tarbiyasida muhim o’rin tutadi.
Musiqaning milliyligi millatning ruhi ichki dunyosining aks etganligi nur ustiga a’lo nurdir.
2003 yilda bo’lib o’tgan «Sharq taronalari» IV xalqaro musiqa anjumanida sahnaga Olmoniyalik mehmonlar chiqib kelishdi. Dastlab o’zbek xalq kuyi yangradi. Daniel Mitxen rubobda bu kuyni shunday qiyomiga yetkazib chaldiki, beixtiyor o’ylanib qoladi kishi: xorijliklar bizning milliy qo’shiqlarimizni, kuylarimizni o’rganib, uni katta zavq bilan ijro etayotgan, milliy qo’shiqchilik san’atimizga dunyoda e’tibor nihoyatda oshayotgan bir paytda bizning ayrim yosh xonandalarimiz she’ri sayoz, mujmal ifodalar bilan to’lib-toshgan narsalarni qo’shiq qilib kuylayotgani kishini ajablantiradi. Yengil-yelpi qo’shiqlar o’smir-yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Yoshlarimiz milliy madaniyatimizdan uzoqlashib, chet el qo’shiqchilik yo’nalishi bilan aralashib ketgan allaqanday faqat shovqin, taraqa-turuqdan iborat qo’shiqlarni tinglashi, milliy o’zligini unutish, ma’naviyatimiz urf-odatlari, an’analarimizdan yiroqlashish kabi salbiy oqibatlarga olib keladi. Millat kelajagi yoshlar qo’lida ekan, demak, biz o’zligimizni, buyuk bobokalonlarning avlodlari ekanligimizni anglab, milliylikni qalbimizga jo etib harakat qilmog’imiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |