Raqslar guldastasi mavzusida taqdimot.
“DANCE SHOW” – “RAQSLAR GULDASTASI” TANLOVI
Poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansamblining konserti boʻlib oʻtdi.
Mazkur musiqiy dasturga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar vakillari, keng jamoatchilik, isteʼdodli yoshlar, raqs sanʼati muxlislari taklif etildi.
Oʻzbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanib bormoqda. Oʻzaro hamkorlikning yangi istiqbollari, ayniqsa, madaniyat, maʼrifat, ilm-fan, taʼlim sohalarida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Yurtimizda Rossiyaning yetakchi teatr, musiqa jamoalari, kino sanʼati ustalarining ijodiy tashrifi anʼana tusiga kirgan. Ayni paytda ushbu mamlakatda oʻzbek milliy musiqa sanʼati ustalari ishtirokidagi konsertlar, teatr jamoalarimizning gastrollari, badiiy va fotokoʻrgazmalar muvaffaqiyat bilan oʻtkazib kelinmoqda.
Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansamblining konserti sanʼat muxlislari uchun oʻziga xos tuhfa boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Rossiyaning eng mohir xoreografi va baletmeysteri Igor Moiseyev tomonidan 1937-yilda tashkil etilgan mazkur ansambl tarkibiga oʻsha paytda sobiq shoʻrolar yurtining turli chekkalaridan eng nomdor raqs ustalari jalb etilgan. Koʻplab ijodiy ekspeditsiyalarining uyushtirilishi natijasida turli xalqlarning raqs folklori, urf va udumlari, anʼanalariga oid bebaho merosni toʻplash, uni ijodiy maʼnoda qayta ishlash, sayqallashtirish, yanada mukammal holga keltirib tomoshabinlarga taqdim etish imkonini berdi. Raqs ijodiyotining puxta namunalarini qayta yaratishda musiqachilar, musiqashunoslar, folklorshunoslar, tarixchilar bilan ijodiy maslahatlar kutilgan samaralarni berdi.Xoreografik dasturlarning mohiyatini ochib berishda klassik musiqa, aktyorlik mahorati,dramaturgiya va ssenografiyaning unumli qoʻllanilgani jamoa yutugʻidayana bir omil boʻldi.
Raqs jamoasi Lotin Amerikasi davlatlari, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Finlyandiya, Hindiston, Misr va boshqa 60 dan ortiq davlatlarga ijodiy safarda boʻlgan. Ansamblning chiqishlari doʻstona aloqalarning mustahkamlanishi, madaniy muloqotlarning kengayishi va hatto modaga taʼsir oʻtkazishda ham oʻziga xos oʻrin tutar edi. Xususan, 1953-yili mazkur ansamblning Fransiyada muvaffaqiyatli gastrolidan soʻng, fransuz ayollarining “kazachok” uslubidagi etikcha kiyishi urfga kirgan edi.
1965-yilda “Raqs sari yoʻl” musiqiy dasturi uchun ansambl akademik jamoa unvoniga munosib topildi. I.Moiseyev umrining oxirigacha mazkur jamoaga rahbarlik qilgan edi.Igor Aleksandrovich hayoti davomida 300 dan ortiq xoreografik asarni sahnalashtirishga muvaffaq boʻlgan. 2011 yilda mazkur jamoa Anita Bucchi italyan xoreografik mukofotiga, shuningdek, YUNЕSKOning “Besh qitʼa” mukofotiga sazovor boʻlgan. Ansambl ijodining oʻziga xosligi shundaki, u xalq raqslarini professional darajaga olib chiqa olgan.
– Bu tabarruk yurtga 36 yil avval kelgandik, – deydi ansamblning badiiy rahbari va direktori Yelena Sherbakova. – Toshkent yaxshi maʼnoda butkul oʻzgarib ketgani bizni gʻoyat hayratlantirdi. Konsert dasturimizda “Kadril”, “Sirtaki”, “Moldavancha syuita”, “Qalmiqcha raqs”, “Yoz” kabi turfa xoreografik chiqishlar bilan birga lagan yordamida ijro etiluvchi oʻzbekcha raqsni ham tomoshabinlarga taqdim etayapmiz.
…“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyining sahnasi. Joʻshqin musiqa yangraydi. Betakror, serzavq raqslar jahon xalqlari madaniyati, anʼanalari, folklor sanʼatining nechogʻli turfaligidan soʻzlaydi. Konsertda turli xalqlarning raqslaridan iborat musiqiy-xoreografik guldasta tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |