Ma’ruza 10. Glyatsial jarayonlar va muzloq relef shakllari. Qirg’oqlar relefi
Reja
1.Muzlarning hosil bo’lishi va ularning geografik tarqalishi.
2.Tog’ va materik muzliklarining relefi va relef hosil qilishdagi ahamiyati
3.Qirg’oq, qirg’oq chizig’i, suv tagi qirg’oq yonbag’ri, sohil, plyaj, klif, to’lqinlar tushunchalari va ularning morfologiyasi.
4.Qirg’oq mintaqasida asosiy relef hosil qiluvchi omillar.
5.Qirg’oq tiplari, dengiz terrasalari, suv qalqishi, tektonik harakatlar.
6. Qirg’oqlarni o’rganishning ilmiy va amaliy ahamiyati.
8.1. Glyatsial rel’ef.
O‘z-o‘zidan siljib turadigan va yoqqan qorning quruqlikda to‘plana borib muzga aylanishidan vujudga kelgan tabiiy muz massasiga muzlik deyiladi. Muzlik faoliyati bilan bog’liq bo‘lgan jarayonlar glyatsial (lotincha-muzlik) jarayonlar deyiladi. Bu jarayonlar er yuzasining uzoq vaqt davomida muz massalari hosil bo‘ladigan hududlarida rivojlanadi. Shunday hududlar xionosferada joylashgan bo‘ladi. Xionosfera (lotincha-qor qobig’i)-troposferaning qor va muz to‘planishi mumkin bo‘lgan qatlamidir. Xionosferaning ichki qismida biror quruqlik er bo‘lsa, u erda to‘xtovsiz qor to‘plana borishi va muzliklar hosil bo‘lishi mumkin. Yer yuzasidagi xionosferaning quyi chegarasiga qor chegarasi deyiladi.
Qor chegarasining balandligi har bir joyning iqlimi va relefiga bog’liq. Bu chiziq iliq joylarda balandda bo‘lib, qutb o‘lkalariga borgan sari pasayib boradi (8.1.1-jadval), subtropiklarning quruq zonalarida esa u yana balandlashadi. Muzliklar asosan, qordan hosil bo‘ladi. Qor chegarasidan yuqorida to‘plana borgan qor qatlami avval zich qorga-firnga, so‘ngra esa muzlikka aylanadi.
Uzoq vaqtdan beri bosilib yotgan va zichlashgan, o‘zaro birikkan muz uchqunlaridan iborat qor firn (nemischa-o‘tgan yilgi, eski) deyiladi. U quyi qatlamlarda muzlikka yoki gletcher muziga aylanadi. Har qaysi muzlikning ikki qismi: to‘yinish oblasti va oqim oblasti bor. To‘yinish oblastida qor to‘planib, zichlanib firnga va muzga aylanadi. Oqim oblastida muzlik qor chegarasidan pastga tushib keladi; bu erda muzlik ablyatsiya (muzning erishi va bug’lanishi) natijasida kichrayadi. Muzlik plastik modda bo‘lganligidan relef nishobi bo‘yicha pastga muz tipi yoki muzlik tarzida “oqadi”. Muzliklarning siljish tezligi, ularning massasiga, haroratiga, qiyalikka va boshqa sharoitlarga qarab yiliga bir necha o‘n metrdan, sutkasiga bir necha metrgacha boradi. Muzliklar ikki asosiy tipga bo‘linadi: materik yoki qoplama muzliklari va tog’ muzliklari. Qoplama muzliklar arktika va antarktika iqlim mintaqalari uchun xosdir. Antarktida va Grenlandiyada qoplama muzliklar eng katta maydonlarni egallaydi. Tog’ muzliklari turli geografik kengliklardagi baland tog’larning pastqamliklarida hosil bo‘ladi.
Muzliklarning hamma tiplari quruqlikning 11 foiz yoki 16 mln km2 maydonini egallaydi. Qoplama va tog’ muzliklarining tarqalish rayonlari 8.1.2-jadvalda keltiriladi.
Muzlanishning iqlimiy va geomorfologik omillari va ularning hududiy uyg’unlashuvi xilma-xil bo‘lganligidan muzliklarning shakllari ham nihoyatda turli-tumandir. Muzliklarning morfologik tasnifiga ko‘ra, muzliklar shakliga hamda relef bilan bo‘lgan aloqasiga qarab gruppalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |