7.5. Karst relefining ahamiyati
1. Karst relefi Yer sharida keng tarqalgan bo‘lib, u hududning suv oqimiga, mikroiqlimiga, tuproq-o‘simlik qoplamiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Quruq oblastlarda karst relefi hudud qurg’oqchiligini kuchaytirsa, nam oblastlarda esa landshaftni rivojlanishiga qulaylik tug’diradi. Karst ko‘p yillik muzloq yerlarni ozaytirib, hududning tabiiy xususiyatini ancha yaxshilaydi.
2. Karst rivojlangan hududni xo‘jalik jihatdan o‘zlashtirishda karst relefi shakllarining rivojlanishi va tarqalishi xususiyatlarini hisobga olish zarur. Masalan, suv omborlar, yirik binolar, yo‘llar qurishda, sug’orishda chuqurda joylashgan yopiq karst bo‘shliqlarining mavjudligi to‘g’risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur.
3. Yer osti karst bo‘shliqlari-g’orlar turizm ob’ekti, shifoxona, sovuqxona, foydali qazilma koni sifatida foydalanilmoqda. G’orlarni o‘rganish va ulardan foydalanish, muhofaza qilish muhim ahamiyatga ega.
Tabiatda o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan karstga o‘xshaydigan, lekin kelib chiqishi boshqa sabablar bilan bo‘lgan hodisalarga soxta (psevdo) karst deyiladi. Karstdan farq qilib, soxta karstda asosiy rolni yuvib ketish o‘ynaydi. Soxta karstlardan gilli (loyli) va termokarstlar keng tarqalgan.
Gilli jinslar orasidagi suv ohak, gips tsementini eritib, gil, qumlar orasidagi muvozanatni buzadi va ularni osongina yuvib ketadi. Buning natijasida bu yerda suffoziya hodisasi yuz beradi. Olib ketilgan jinslar o‘rnidagi bo‘shliq cho‘kadi va natijada voronkalar, quduqlar, tovoqsimon pastqamliklar hosil bo‘ladi. Gilli karstni suffozion karst deb ham yuritiladi.
Gilli karstlarning ko‘proq tarqalgan shakllari jar va zovurlar yaqinida uchraydigan ponor va quduqchalar zanjiridir. Ular ostida jar tubi bo‘ylab er osti bo‘shligi cho‘zilib yotadi va jar yoki soy, zovur yonbag’rida og’iz sifatida yer yuzasiga chiqadi. Jar xuddi ikki qavatli yo‘lakday shaklga kiradi. Rivojlanishning so‘ngi bosqichida bo‘shliqning shipi qulaydi, jar yana o‘sadi yoki tarmoqlanadi.
Soxta karst lyosslarda ham uchraydi. Lyoss suv o‘tkazuvchan, kavaklarga boy, tez namlanuvchi jins. Namlikdan lyoss o‘z hajmini ikki barobar kamaytirishi mumkin. Natijada tekis yuzalarda cho‘kish, tuproq o‘tirishi hodisalari ruy berib, taqasimon pastqamliklar yuzaga keladi.
Soxta karstning yana bir shakli ko‘p yillik muzloq yerlarda tarqalgan termokarstdir. Bunda issiqlik ta’sirida muzloqlar erishidan yer yuzasi cho‘kib turli pastqamlik relef shakllarini hosil qiladi.
Soxta karst hodisalarini o‘rganishning ahamiyati katta. Bu hodisalar tarqalgan erlar qishloq xo‘jaligi uchun ham yaroqsizdir, chunki sug’orish vaqtida suv er ostiga singib qolmasdan, unumdor tuproq qatlamini ham yuvib ketadi. Bu erlarda mol boqish, imorat qurish, suv omborlar barpo etish juda havflidir, chunki cho‘kish hodisalari inshootlarni vayron qiladi.
Soxta karst o‘zbekistonning hamma hududlarida keng tarqalgan hodisadir. Relef, yer, suv, o‘simlik resurslaridan foydalanishda bu hodisani chuqurroq o‘rganishni toqoza etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |