4.Jamlovchi sonlar narsa miqdorini jamlab, to‘dalab ko‘rsatadi. Ular sanoq sonlarga -ov, -ala, -ovlon, -ovlashib qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi.
Jamlovchi sonning –ov, -ovlon affiksli shakli har doim 1-shaxs birlik shakldan tashqari, barcha egalik affiksi bilan qo‘llanib, gapda ot vazifasida ishlatiladi. Shu bois sonning boshqa turlaridan farqli ravishda gapda sifatlovchi-aniqlovchi vazifasinibajarmaydi: Uchovining maqsadi bir. Oltovlon ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar.
Biroq –ala affiksli jamlovchi son ot oldidan kelib, sifatlovchi-aniqlovchi vazifasini bajaradi: Ikkala o‘rtoq bir bo‘lib ishga tushdilar. –ov, -ala, -ovlon affikslari bilan hosil bo‘ladigan jamlovchi sonlarning faol qo‘llanishi ikkidan yettigacha bo‘lgan sonlarda ko‘proq kuzatiladi.
Jamlovchi sonning –ov, -ala affiksli shakliga kelishik affikslari 3-shaxs egalik qo‘shimchasidan keyin qo‘shiladi, -ala affiksli shakliga esa kelishik affikslari egalik affiksining 1-shaxslaridan boshqa turlaridan keyin qo‘shiladi va gapda ega, qaratqichli aniqlovchi va to‘ldiruvchi vazifasini bajaradi: Ikkovi qadirdonlarcha ko‘rishdilar. Ikkalasining bo‘yi teng. Terimchilarning uchalasiga ham mukofot berildi.To‘rta-langizdan boshqa hamma yig‘ilishga qatnashdi.
Bundan tashqari, jamlovchi son ov+la+sh+ib affiksi yordamida hosil bo‘luvchi shaklga ham ega. Bu affiks bilan shakllangan jamlovchi sonlar ko‘pincha fe’lga bog‘lanib, gapda hol vazifasida keladi: Uchovlashib ichkariga kirishdi.
5.Chama son narsa miqdorini chamalab, taxminlab ko‘rsatish uchun ishlatiladi va quyidagicha yasaladi: 1) –tacha affiksi orqali: o‘ntacha, beshtacha; 2) –lab affiksi vositasida: o‘nlab, yuzlab; 3) –lar qo‘shim-chasi orqali: soat birlar bo‘ldi, o‘ntalar; 4) –larcha qo‘shimchasi orqali: o‘nlarcha, yuzlarcha; 5) sanoq yoki dona sonlarni juftlash orqali:bir-ikki, ikki-uch, uch-to‘rtta, besh–oltita; 6) chama sonlarni hosil qilishda ba’zi taxmin ma’nosidagi so‘zlar ham ishtirok etadi: o‘ttizga yaqin, yigirma chog‘li, kamida o‘nta, qariyb yuzta, yuzdan ortiq.
Chama sonlar hisob so‘zlari bilan qo‘llanadi. Bunda chama ma’nosini hosil qiluvchi affikslar hisob so‘ziga qo‘shiladi: Maktab uzog‘i bilan yuz metrcha narida edi. Oradan bir yilcha vaqt o‘tdi.
Chama sonning gapdagi vazifasi uning qaysi so‘z bilan birikishiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan: a) ko‘pincha otga bog‘lanib, sifatlovchi aniqlovchi vazifasini bajaradi: Kuzgacha besh-oltita ketmon ishdan chiqdi. (A.Q) b) fe’lga bog‘lanib hol vazifasini bajaradi: Ro‘zimat qorong‘ida ko‘ziga yigirma besh yoshlarda ko‘ringan edi. (A.Q.) v) otlashgan holda shaxs ma’nosini ifodalaydi va gapda ega, vazifasini bajaradi: bitta-yarimta sezgani yo‘qmi, degan o‘y bilan atrofga alangladi. (S.Ahmad)
Do'stlaringiz bilan baham: |