Nega onam deyman? Onam o‘lganiga o‘ttiz yildan oshdi...
Bobo og‘ir va chuqur xo‘rsinadi. Ko‘zlarini olib qochib, sekin pichirlaydi:
–Arzixol sizning tuqqan onangiz bo‘ladi, bolam. Salom chavandoz uni badnom qilib ketgach, sizni Rohatga berdik. Aslida, sizni Arzixolning o‘zi emizib katta qildi, bolam. U sizning haqiqiy onangiz...”
O‘quvchini hikoya qator savollar girdobiga tortadi. Qismatning bu darajada chigalligiga sabab nima? Yozuvchi bu savollarga javob bermaydi. Ehtimol kitobxonni mulohaza yuritishga, o‘ylashga chaqiradi.
Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul o‘zining “Evrilish tovushi” nomli maqolasida Nazar Eshonqulning ikki hikoyasi tahliliga e’tibor qaratadi. Ulardan biri– “Bahovuddining iti” hikoyasi. “Odatda, ramziy-majoziy ifodalarda sehrli bir xususiyat bo‘ladi. Shuning uchun ular xayol va vijdonni harakatga keltirib, yuksak ruh bilan aloqaga chorlaydi. Bu xususiyat “Bahovuddinning iti” uchun ham xosdurki, buni yozuvchining asosiy bir muvaqqiyati o‘laroq baholash lozimdir,”14– deb ta’kidlaydi I.Haqqul.
“Hikoyada ifodalangan hayot–bugungi hayot. Qahramonlar ham tanish–biz-u siz ko‘rib-bilib yurgan odamlar. Yolg‘iz bir narsa–qariyib timsol maqomiga ko‘tarilgan TOVUSH qadimiy.”
“Bahovudddinning iti” hikoyasida tasavvufdan ilhomlanish bor. Biroq, undan so‘fiyona bir ma’no yoki bo‘yoq qidirmaslik kerak. Hikoyaning nafs, axloq, qalb, ruh to‘g‘risidagi qadim davrlarda ilgari surilgan fikr-mulohazalarni eslashga rag‘batlantirilishi–bu boshqa masala. Va ulardan ayrimlari sog‘lom ruhiy hayot, musaffo ma’naviy bog‘lanish asrlar mobaynida insoniyat erisholmagan buyuk orzu ekanligini bilish jihatidan alohida ahamiyatga molikdir15.
Badiiy adabiyotda milliylik deganda ko‘p adabiyotshunoslar buni urf-odatda, milliy libosda, faoliyatda, sa’y-harakatda, nutqda ko‘rishadi va shu holatlarda o‘z mujassamini topadi, deb bilishadi. To‘g‘ri, bu holatlar milliylikni belgilaydigan omillar hisoblanadi. Lekin mazkur vosita va omillar o‘zida milliylikni to‘liq ifodalaydi, deb bo‘lmaydi. Chunki bular milliylikning zohiriy ko‘rinishlaridir. Ma’lumki, zohiriylik bu shakldir. Shakl esa hech qachon masala mohiyatini belgilamaydi. U belgilashga xizmat qiladigan vositadir. Milliylik birinchi navbatda, ruhiyatda o‘z mujassamini topadi. Milliylikni belgilaydigan boshqa xususiyatlarning barchasi unga bog‘liq, undan kelib chiqadi. Ruhiyat esa insonning tabiatini va o‘zligini belgilaydigan ilohiy kuch, ma’naviy oziqdir. Ruhiyati kuchli odam o‘z qiyofasidan, o‘z yo‘lidan, ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan toymaydi, e’tiqodidan voz kechmaydi. Demak, ruhiyat ilm bilan yo‘g‘rilgan, undan ozuqa oladi. Uni inson jismidan, ya’ni tabiatidan joy olishi muhitga bog‘liq. Agar qanchalik undan erta bahra olsa, milliy xususiyat shunchalik kuchli bo‘ladi. Bunda onaning, uning allasining o‘rni kattadir. Ona allasini eshitmagan, o‘z millati muhitida voyaga yetmagan odamda milliy tuyg‘u bo‘lmasligi isbot talab etmaydigan faktdir. Ko‘p manbalarda qayd qilingan, ta’kidlangan millatga xos bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni jamoa bo‘lib yashash ruhining ustunligi; oila, mahalla, el-yurt tushunchalarining ustunligi; ota-ona, mahalla-ko‘y; umuman, jamoatga yuksak hurmat-e’tiborning kuchliligi; ona tiliga muhabbat; kattaga hurmat va kichikka izzat; ayol zotiga ehtirom; sabr-bardosh va mehnatsevarlik; halollik, mehr-oqibat.16 Bu xususiyatlarning barchasi milliy ruhiyatning mahsulidir. Chunki mazkur insoniy fazilatlar inson jismidan emas, tuyg‘usidan kelib chiqadi. Istiqlol davri adabiyotining qahramoni mana shu xususiyatga egadir. To‘g‘rirog‘i, millatning shu xususyatlarini inkishof qilish bilan jahonga tanityapti.
Har bir davr o‘zining yangi qarashlari va tamoyillarini yuzaga keltirishi tabiiy hol. Modern ruhidagi asarlarning yuzaga kelishi va birmuncha jonlanishi shuning mahsulidir. To‘g‘ri, modernizm umuman olganda adabiyotda yangi yo‘nalish emas. U g‘arb adabiyotida allaqachondan beri mavjud. Lekin u o‘zbek adabiyotida yangi tamoyildir. Bizning adabiyotga uning kech kirib kelishining ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Ob’ektiv sababi shundaki, modern ruhidagi asarlar zamirida kuchli g‘ayritabiiy psixologik holat yotishi bilan birga, ramziy voqea-hodisa tasvirida, ramziy manzaralarda g‘ayritabiiy olam ifodasida o‘zi yashab turgan jamiyat illatlarini kuchli tanqid ostiga olishi va fosh qilish xarakteri mavjudligi, shuningdek, uning yuzaga kelish va urchishiga sababchi shaxslarning qiyofasini shafqatsiz ochib tashlash xususiyatiga egaligi. Ma’lumki, totalitar jamiyat bunga yo‘l qo‘ymasdi. Sub’ektiv sabab esa, modernizmning xususiyatini, uning yo‘nalishi va mohiyatini o‘zlashtirgan ijodkorning yetishib chiqmaganligi. Buning sababi tuzum siyosati va mafkurasiga borib taqaladi. Bizning adabiyotda modernizm mustaqillik arafasida shakllana boshladi. Mustaqillikdan so‘ng ancha rivojlandi, turli xil bahslarga sabab bo‘ldi. Nasrda modernizm yo‘lini boshlab bergan va eng ko‘p asarlar yozgan Nazar Eshonquldir. Uning bu boradagi hikoyalaridan birinchisi “Maymun yetaklagan odam”dir. To‘g‘ri, u mustaqillikdan biroz oldin, 1989-yilda yozilgan. Hikoya bosilishi bilan birdan shov-shuvga sabab bo‘ldi. Chunki u ko‘p yildan beri mavjud usulni buzib yuborgan edi.
“Maymun yetaklagan odam”ning chop etilishi o‘zbek nasrida unutilmas voqea bo‘ldi. Hikoyaning avvalgi davrlar o‘zbek hikoyachiligidan butunlay farq qiladigan o‘zgacha ohang, tarovat kasb etganligi, shakl-mazmunining yangiligi, asar syujeti va obrazlarning yangicha talqin va ruhda namoyon bo‘lganligi barchani birdek hayajonga soldi. Bu o‘zbek adabiyotida yangi buloq ko‘z ochganidan darak berdi. Mazkur hikoya to‘g‘risida adabiyotshunos, tanqidchi U.Normatov quyidagicha fikr bildirgan edi: “80-yillarning oxirlarida adabiyotimizda “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi paydo bo‘ldi. Unda asrga tengdosh, umri asrning alg‘ov-dalg‘ovlari, bema’ni maqsadlar yo‘lida o‘tgan, adashgan odamning fojiaviy qismati betakror tarzda ifoda etilgan edi.
Bu hikoya zamondosh–asrdosh obrazini yaratish yo‘lidagi yetmish yillik tajribalarning muayyan intihosi ayni zamonda yangi bosqichning boshlanishi bo‘ldi»17.
Nazar Eshonqul hikoyalarini o‘qigan o‘quvchi asar qahramonlarini shunchaki yo‘ldan ozgan, “axloq normalaridan chekingan” yoki “ulug‘ maqsadlar yo‘lida” katta to‘siqlarga duch kelgan odamlar deb bo‘lmasligini anglab yetadi. Yozuvchining ilk hikoyasi “Maymun yetaklagan odam” qahramonini oladigan bo‘lsak, u o‘z umrini, hayotining bor zakovatini asrimizning “ulug‘ ishlari”ga tikkan, bu borada o‘zini ham, o‘zgalarni ham ayamagan, qolaversa jamiyat ham uni mehnatiga yarasha siylagan, nafaqaga chiqqunga qadar turli lavozimlarda ishlagan. Uni faqat ilohiy qismat jazolagan. Xotini o‘lib, farzandlari nobop bo‘lib chiqqan, qariganda tanho, qarovsiz, ayanchli holga tushib qolgan. U ish, prinsip deb qarindosh-urug‘idan judo bo‘lgan, unda do‘st-u birodarlar ham yo‘q. Eng yomoni, uning qalbida qarigan chog‘ida bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qilish yaqinlashgan damlarda ruhan dillashadigan, ko‘ngliga taskin beradigan ilohiy e’tiqod yo‘q. Bu odam umr bo‘yi tayangan mafkura uni mana shu ilohiy ne’matdan, ko‘ngil xazinasidan mahrum etgan. Bu asarda qanchadan-qancha odamlar shu kabi aldovlarga uchib, iymon-e’tiqodsiz bu dunyodan o‘tib ketdi, degan xulosa kelib chiqadi.
Hikoya qahramoni chol (Yozuvchi ism qo‘ymagan. Nazarimizda ataylab shunday qilgan. Hikoya finaliga yetgach, uning mohiyati anglashiladi, ya’ni uning qismati bitta o‘ziga emas, ko‘pchilikka tegishli ekani oydinlashadi) o‘ziga simpatiya uyg‘otmaydi. Omadsiz, hayot unga kulish u yoqda tursin, jilmayib ham boqmagan, shundan asabiy, alamzada odamday ko‘rinadi. Yozuvchi u haqida shunday yozadi: “U qoboqlari soliq, soqoli qirilmagan, bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan ko‘rimsiz yuzi tarix kitoblarida tasvirlangan badjahl ma’budlarning haykaliga o‘xshab ketar, unga qaragan odamning yuragi orqaga tortardi. Ko‘zlari hissiz va ifodasiz...”.18 Tasvir yanada quyuqlashib, qora bo‘yoqlar ortib boradi. Bu esa uning qanday shaxs ekanligini bilishga qiziqishni orttiradi. Voqeani hikoya qilayotgan qahramon ijara turgan uy bekasi uni “cholning bir paytlar tuzukkina rassom bo‘lganini va hozir ham surat chizib” turishini aytgach, uning fe’li, tabiati emas, qismatining mohiyati e’tiborini tortadi. Bir kuni kampir ijarachiga cholga ovqat olib chiqib berishini aytadi. Yozuvchi uning nigohi orqali chol uyining ko‘rinishi va u yerdagi muhitni shunday tasvirlaydi: “Cholning uyi hashamatli, keng, lekin tashlab ketilgan maydonday huvillab yotardi. Ustun va romlar chirigan, umuman, hovlidan chirkin va badbo‘y hid kelardi. Chirkin hid daraxtdan, qor ostida qolib qarovsizlikdan xazonlikka yuz tutgan gulzordan, uyning yog‘ochlaridan va ayvonda qalashib yotgan har xil rasmlar uyumidan kelayotgan edi”19. Dastlab, o‘qiganda bu ko‘rinish cholning muhiti uning yashash tarzi, tabiatini belgilaydigan asosday tuyuladi. Lekin hikoya finaliga yetgach, bu tasvir ijtimoiy xarakterga egaligi aniq bo‘ladi. Ya’ni chol e’tiqod qo‘ygan, ishongan tuzum qiyofasi ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu narsa hikoya syujet chizig‘i tasvirida o‘z tasdig‘ini topadi.
Hikoyada muallif yosh yigit tilidan so‘zlar ekan, asar qahramonini yolg‘onga qurilgan mafkura tuzog‘iga ilingan, avlodning go‘yoki cho‘lda chanqagan yo‘lovchining qulog‘iga tepalik ortidan daryoning mavjlanishi kabi eshitilgan sasdan mast holda bor holicha shu tomonga intilgan, biroq tepalikka chiqib, shovqinning cho‘lda ungan o‘t-o‘lanlarni ham supurib o‘tayotgan shamolligini sezgach, hayotdan, yashashdan hafsalasi pir bo‘lgan, bor umidi so‘ngan inson holatini o‘ziga xos tarzda ifodalay olgan. Asar “Bu voqea uch yillar oldin bo‘lgan edi”20 – deya sirli tarzda boshlangan bo‘lib, u xalqimizning og‘zaki ijod namunalari – ertak, afsona hikoya qilinayotgandek bir tarzda boshlanadi.
“Shu ko‘chadagi uyni ijaraga olib, ko‘chib kelganimda, cholning sharti ketib, parti qolgandi. U ko‘chaning muyulishida, men egallagan uyga qo‘shni hovlida yashardi. Uni birinchi marta uyning oldidagi eski o‘rindiqda chuqur o‘yga tolgan holda ko‘rgan edim. U qoboqlari soliq, soqoli qirilmagan, bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan, ko‘rimsiz yuzi badjahl ma’budlarning haykaliga o‘xshab ketar, unga qaragan odamning yuragi noxush bir hisdan orqaga tortar edi. Ko‘zlari hissiz va ifodasiz. Egnida 50-yillarning andozasida tikilgan ancha salobatli kitel, baqbaqasi osilib turgan holda o‘ychan o‘tirardi. Mashinadan kitoblarni katta etakda tashib kiritayotganimda – go‘yo atrofdagi olamdan endi hech qanday iltifot kutmay qo‘ygandek, hech narsaning qizig‘i qolmagandek, menga e’tiborsiz bir ko‘z tashladi-da, so‘ng yana o‘sha holatda yerga qarab o‘tiraverdi”.
Bu – asar tuguni. Yozuvchining hikoyani bayon qilishdagi mazkur usuli o‘quvchi nigohini asarga yanada mustahkamroq mixlaydi va uni davomini bilishga, asarda ta’kidlangan cholning bu holatda o‘tirishi, uni hayotdan bezish, insonlarga ishonchsizligining sababini anglashga qiziqish uyg‘otadi. Zero, bu holat inson tanazzulidangina darak beradi.
Voqea bayonchisi cholning rassom ekanligini bilgach, nimalar chizganini, qanday suratlari mashhurligini surishtirganda, san’atdan xabardorlar yigirmanchi yillardagi ijodi yaxshi ekanligini aytishgan edi. Shundan u ovqat olib kirganda, rasmlarini ko‘rishga ruxsat so‘raydi. U loqaydlik bilan ayvonga ishora qiladi. “Ayvon uzun bo‘lib, suratlar chizilgan yillariga qarab, ko‘rgazmaga qo‘yilgandek terib qo‘yilgan, to‘g‘rirog‘i, bor-yo‘g‘i qirqqa yaqin surat va eskizlar “1957”, “1947”, “1928”, “1926” va hokazo tartibda terib qo‘yilgandi...”21 1921-yil sanasi yozib qo‘yilgan rasmda quyuq o‘rmondan maymunni yetaklab chiqayotgan barvasta yigit tasvirlangan edi. “Yigitning ko‘zlari tiyrak va ishonch bilan porlab turar, maymunning bo‘yniga solingan kishan tarang tortilgan edi”. Boshqa suratlarda qora rangning mo‘lligi mavhumlik kasb etishi bilan birga, butun hayotni zulmat o‘rab olganday kishi qalbini qandaydir noxushlik chulg‘ab olardi. Suratdan suratga o‘tgan sari bu rangning ortib borishi kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Mushohadaga berilasiz, natijada sanalar bejiz qo‘yilmaganligini, ular zamirida katta g‘oya yotishini kishi anglay boshlaydi. Ya’ni sanalar qo‘yilgan davrdagi talato‘mlar, “dushman izlashlar”, qatag‘onlik, qadrsizlik, adolatsizliklarni yodga soladi. Ong oqimi miyaning puchmoqlariga tarqalgan sari rasmlar mohiyati oydinlasha boshlaydi, ularda chol hayotining o‘z ifodasini topganligi, u orqali xalqning fojiasi naqshlanganligi anglashiladi. Va rasmdagi ramzlar pardasi ko‘tarilganday bo‘ladi. Nigoh maymun yetaklagan odam rasmiga qadaladi, unda nima ifodalangan, nima deyilmoqchiligini bilish uchun miyani chatnash darajasida fikrlashga majbur etadi. Natijada topganday bo‘lamiz. Maymun bu tabiat, yigit esa jamiyat timsoli. Ma’lumki, ko‘p yillar davomida tabiatni bo‘ysundiramiz, o‘z izmimizga solamiz, deb unga zug‘um qildik. Bu olib borilgan valyuntaristik siyosat oqibatida faqat tabiat emas, uning bir bo‘lagi bo‘lgan insoniyat ham jabr tortdi. Hikoya qahramoni hayotini tikkan tuzum, jamiyat, mafkura shitob bilan yemirilib bormoqda. Unga qo‘shilib o‘sha kimsa bisoti ham yemirilib bormoqda. Dunyoni larzaga solgan inqilobiy o‘zgarishlar, odamlarni chalg‘itgan, halokat chohiga tortgan qudratli tuzum va mafkura o‘tkinchi, kuni bitgancha o‘z-o‘zidan to‘kilib, nom-nishonsiz yo‘qolib ketdi. Ammo inson zotiga ato etilgan insof, vijdon, aql-zakovat boqiy. Tashqi va ichki tazyiqlar, shayton vasvasasi har qancha yo‘ldan ozdirmasin, baribir ertadir-kechdir bu mo‘tabar xislatlar inson tanida yana qayta tiriladi. Uni o‘zligiga qaytaradi. Garchi kechikib bo‘lsa-da, u o‘zining ma’nisiz o‘tgan yo‘lini mardona, shavqatsizlarcha taftish etib, so‘nggi chizgan surati orqali avlodlar uchun saboq tarzida muhrlab qoldirishga erishadi. Cholning qismati, fojiasida shu narsa o‘z ifodasini topgan. Asta-sekin cholning darg‘azabligi, hayotdan noroziligi sababi aniq bo‘ladi. Bu o‘zi mehr qo‘ygan, kelajagim, taqdirim shuning qo‘lida deb bilgan jamiyatning mohiyatini anglaganidan. Bu narsa quyidagi suhbatdan aniq bo‘ladi. Ijarachi yigit bilan o‘zaro suhbat ketadi, yaxshilik va yomonlik haqida bahslashadi. Chol bu o‘rinda juda falsafiy, mantiqli fikr yuritadi. E’tiqod masalasiga kelganda, u shunday javob beradi:
–E’tiqod! – dedi u g‘ussali ohangda,–agar bir umr e’tiqod qo‘yib yashasang-u, bir kuni e’tiqod qo‘ygan narsangiz puch, yolg‘on va puflab shishirilgan sharday omonat, siz ezgulik deb sig‘ingan narsalar asli razolat ekanini anglab qolsangiz, bunday demasdingiz: ana shunda umringiz yomonlik bilan yaxshilikning farqi qolmagan, xuddi yo‘ldan chiqib ketgan shuldur-shuldur, bo‘m-bo‘sh aravaga aylanardi”22. Bu totalitar tuzum qiyofasidir. O‘z jamiyati taraqqiyoti uchun jon kuydirganlarning qadriga yetmagan jamiyat, albatta, tanazzulga uchraydi. Shunday ham bo‘ldi. Bu narsani so‘nggi rasmida ifodalagan. Suratda xuddi birinchi rasmdagi o‘rmon aks ettirilgan. Faqat bu suratda maymun umidsiz, ko‘zlariga g‘am cho‘kkan, yuz-ko‘zidan hayotdan nishona qolmagan, munkaygan cholni o‘rmon sari yetaklab ketardi. Bunda ikkita falsafiy haqiqat o‘z mujassamini topgan. Birinchisi, tabiat ustidan hukmronlik qilaman degan jamiyatning o‘zi uning yetoviga tushib qolganini ko‘rsatsa, ikkinchisi, dialektik qonuniyatga qarshi borgan jamiyat-tuzumning mag‘lubiyati fojiasidir. Demak, hikoya o‘zi bosib o‘tgan yo‘llari, shuningdek, o‘zi yashayotgan jamiyat odamlari qismati haqida mulohaza yuritishga da’vat etadi.
Zamonning sovuq bag‘ri dastlabki yillarda suratdagi maymun yetaklayotgan kabi qancha-qancha nav-nihollarning shijoati, uyg‘oq qalbi tafti ta’sirida o‘zida biroz iliqlik, ishonch uyg‘ota oldi. Bu yozuvchining «Keyingi suratlarda cholning qo‘li ancha kelishib, bo‘yoqlar tiniq, o‘z o‘rnini topgan. Tabiat manzaralari tobora go‘zallashib borardi, ranglar ham turfa xil edi» jumlasida ishora qilinadi. Toki ijodkor uning ayni damdagi ichki kechinmalari, o‘y-xayollari ko‘tarinki bo‘lgan daqiqalardagina hayotning tiniq ranglari ko‘zga ilg‘anadi. Tushkun kayfiyat, o‘z-o‘zidan amalga oshirilayotgan ishlardan qoniqmagan, omadi chopmagan, hayotning mashaqqat atalmish tuzog‘iga ilingan kishining esa ijodida qora ranglar, mavhumlik aks eta boradi. Bu kabi qahramon holatlari ham yozuvchi tomonidan yuksak mahorat, tasvirlar bilan ochib berilgan. «Biroq bir lahzada osmon-u falakni qoplagan kuzgi qarg‘alar kabi suratlarda qandaydir mavhumlik yopirilib kirayotgan edi, bu mavhumlikni suratma-surat ortib borishi meni hayratga soldi. Mavhumlik tasvirda ham, bo‘yoqda ham seziladi. Men har bir manzaradan boshqa ranglar o‘rnini qora ranglar olayotganini guvohi bo‘ldim. O‘ttizinchi yillarda chizilgan suratlar yanada ham mavhumroq edi. Endi bu yillardagi suratlarni qora rang butkul qoplab olgandi. Chol suratlari pala-partish chizgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, chunki cholning mas’ul xizmat davri mana shu yillarga to‘g‘ri kelardi».
E’tibor bergan bo‘lsangiz, xalq og‘zaki ijodiyoti mif va ertaklarda «Qora» rang yovuzlik, qabohat, qorong‘ulik, yo‘qlik saltanati deb ta’riflanadi. Ularda uchraydigan «Qora dev», «Qora botir» kabi timsollar qabohat va jaholatning eng tuban ko‘rinishi mujassam bo‘lgan obrazlarga nisbatan ishlatiladi. N.Eshonqul hikoyasida ham «qora» so‘ziga ko‘proq urg‘u berilishi o‘sha davrning zulmatga chulg‘angan paytlariga ishora bo‘lsa ajabmas. Zotan, 30-yillar qatag‘onlari, ochlik hukmron bo‘lgan paytlarda mas’ul lavozimda ishlash bu qon tomgan qamchining dastagidan ushlash, o‘sha zulmatga sirdosh, rangdosh bo‘lish demakdir.
Hikoyada bu davr suratlari yigit tomonidan quyidagicha keltiriladi: “…bu yillardagi suratlarda huvillab qolgan qishloqlar va ko‘chalar, egalari tashlab ketgan uylar, o‘ziga chorlab turgan qabristonlar, o‘lim isi kelib turgan har xil qurollar, yig‘layotgan ayollar va bolalar, biyday dalani bosib ketgan o‘laksaxo‘r quzg‘unlar, murdalar ortilgan aravalar, panjarali kameralar, yonib yotgan qishloq, qandaydir qo‘rquvdan (xuddi «Pompeya»ning so‘nggi kuni» kabi) dong qotib qolgan olomon, sirli maxluqlar, yirtqich hayvonlar, yuzlariga har xil jondorlarning niqobini kiyib olgan odamlar (karnaval bu o‘sha kerak deb o‘ylagandim), bazm-u jamshid qilib o‘tirgan shotirlar, aroq navlari, turli xil taomlar, yalang‘och ayollar, ma’suma qizlar, qovjirab qolgan gullarning suratlari aks etgan edi”.23
Zamon va inson. «Maymun yetaklagan odam»ni o‘qib turib bu ikki tushuncha o‘rtasida o‘tib bo‘lmas ulkan jar paydo bo‘lganligini anglab yetadi kishi. Asar yangicha ruhda yozilgan bo‘lib, hayotning bama’niligi ya’ni, absurddan iboratligini ko‘rsatib o‘tgan. «Absurd adabiyoti nazariyachilarining fikricha, absurd voqelik absurd insonni va absurd ijodkorni yetishtiradi, shunga ko‘ra absurd asari birinchi navbatda salbiy xususiyat kasb etadi”24.
Do'stlaringiz bilan baham: |