MUNDARIJA
Kirish ……………………………………………………………. ……………..3
I bob. Nazar Eshonqul asarlarida yangicha tasvir va bayon usuli………… .10
II bob. Adib asarlarida qahramon ruhiyatidagi evrilishlar………………….28
Xulosa…………………………………………………………………………….46
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati……………………………………………50
K I R I SH
Mavzuning dolzarbligi. Mustaqillik davri badiiy-estetik tafakkurining taraqqiyot tamoyillari ko‘p asrlik adabiy-madaniy qadriyatlarni tiklash va yangicha baholashdan iborat umumiy jarayon bilan uzviy bog‘liq ravishda rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda xalqimizning ming-ming yillik ma’naviyat xazinasi istiqlolning ma’naviy poydevorini mustahkamlashga kamarbasta bo‘layotganligi ham ana shundadir.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev bugungi kunda adabiyotning jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni hamda yozuvchining asosiy vazifasi haqida to‘xtalar ekan shunday ta’kidlaydi: “Adabiyot hayotimizning asosiy jihatlari – go’zallik, yaxshilik, olijanoblik kabi xislatlarni tarannum etsa-da, musbatga qarshi, uning yo’liga g‘ov bo’lgan barcha manfiyliklarga qarshi kurashni ham o’z oldidagi vazifa sifatida belgilaydi. Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyat ko’zgusi.Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo’l topish,ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak.”1.
Keyingi yillarda o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos uyg‘onish, yangilanish jarayoni kechmoqda. Ma’lumki, badiiy ijodda muayyan yo‘nalishning vujudga kelishi tasodifan ro‘y bermaydi, balki har qanday tamoyilning vujudga kelish tarixi, ko‘lami, miqyosi va istiqboli bo‘ladi. Badiiy adabiyotdagi tamoyillarning vujudga kelishi badiiy tafakkurdagi o‘zgarishlar jarayonidan boshlanadi. Shunday o‘zgarishni istiqlol berdi.
XX asrning 90-yillari boshidan e’tiboran o‘zbek xalqi o‘z tarixining tamomila yangi bosqichiga kirdi. Millat hayotining estetik ifodasi o‘laroq istiqlol adabiyoti deb atalmish badiiy hodisa yuzaga keldi. Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti ko‘p asrlik milliy adabiyotning mantiqiy davomi edi. Bu adabiyot milliy adabiyot taraqqiyotidagi shunchaki bir bosqich bo‘lmay, qator belgilarga ega bo‘lgan o‘ziga xos badiiy-estetik hodisadir.
Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti tubdan o‘zgargan milliy ongning, tamomila yangilanayotgan estetik tafakkurning mahsuli o‘laroq paydo bo‘ldi. Shu bois hukmron mafkura tazyiqidan qutulgan, dunyoni har xil anglash, izohlash hamda tasvirlash samarasi sifatida millat ijodiy dahosining mahsuli bo‘lib, istiqlol adabiyoti dunyoga keldi. Bu adabiyot ijtimoiy taraqqiyot yo‘sinlarini, muayyan shaxs ruhiyati manzaralarini sinfiy kurash va partiyaviy yondashuvsiz tasvirlash mumkinligining natijasi o‘laroq paydo bo‘ldi.
Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti olam hodisalari va odam ruhiyati qirralariga xilma-xil qarash, olamning mavjudlik yo‘sini va undagi tartibotlarni turlicha izohlash imkoniyati mahsuli bo‘lgan adabiyotdir. Mustaqil o‘zbek davlati badiiy adabiyotni sho‘ro zamonida bo‘lgani kabi o‘z monopoliyasiga aylantirishga urinmay qo‘yishi bilan ijod erkinligiga ob’ektiv sharoit yaratdi. Bu adabiyot siyosatga bo‘ysundirilmagani uchun ham ijodkorning ko‘ngil ishiga aylandi. Mustaqillik davrida badiiy ijod bilan o‘zini-yu Allohini tanishga uringan, ko‘nglini bo‘shatishga ehtiyojmand odamlar shug‘ullanmoqda. Bugungi o‘zbek adabiyoti o‘z ko‘ngliga qarshi bormaydigan, uning royishlariga zug‘um o‘tkazmaydigan kishilar tomonidan yaratilayotir. Istiqlol davri adabiyotida odamga ishchi kuchi, ishlab chiqaruvchi yoki iste’molchi sifatida sinfiy-partiyaviy yondashish tamomila barham topdi.
Bugungi o‘zbek adabiyoti millat ahlining ko‘ngli, sezimlari va ruhiyatini tasvirlashga e’tibor qaratishi natijasida inson asosiy badiiy qadriyatga aylandi. Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti chinakamiga xilma-xil adabiyot bo‘ldi. Unda sinab ko‘rish, ochilmagan yo‘llardan yurish, hatto, xato qilish imkoniyati bor. Bu adabiyotga qanday yozish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatma berilmaydi. Bu hol birovga o‘xshamaydigan, o‘zgalarni takrorlamaydigan o‘ziga xos iste’dodlarning yuzaga kelishiga imkon yaratadi. Xilma-xil yo‘nalishdagi asarlarning vujudga kelishi badiiy didi har xil bo‘lgan o‘quvchilarni paydo qiladi.
Keyingi yillarda o‘zbek nasrida o‘ziga xos uyg‘onish, yangilanish jarayoni kechmoqda. Ma’lumki, badiiy ijodda muayyan yo‘nalishning vujudga kelishi tasodifan ro‘y bermaydi, balki har qanday tamoyilning vujudga kelish tarixi, ko‘lami, miqyosi va istiqboli bo‘ladi. Badiiy adabiyotdagi tamoyillarning vujudga kelishi badiiy tafakkurdagi o‘zgarishlar jarayonidan boshlanadi. Shunday o‘zgarishni istiqlol berdi.
Mustaqillik yillari o‘zbek adabiyoti ravnaqida jiddiy o‘sish–o‘zgarishlar yuz berdi. Jahon adabiyotiga xos ilg‘or ijodiy an’analarni realistik yo‘sinda tasvirlovchi, badiiy tadqiq etuvchi asarlar bilan bir qatorda yangicha talqin uslubi va yangi shakliy izlanishlar yuzaga keldi. Adabiyotimizda xilma-xil falsafiy zaminga asoslangan adabiy-ijodiy tamoyillar paydo bo‘ldi. Ularning ildizlari 80-90-yillar adabiyotiga, o‘sha davr hayotiga bog‘lanadi. Aniqrog‘i, o‘z mafkurasini odamlar ongiga “mixlab tashlagan” jamiyatning yaroqsizligi, tanazzuli oqibatlari, fojialari milliy adabiyotimizda ham xilma-xil insonlar taqdiri orqali ochib berildi. Saksoninchi yillar oxiri – to‘qsoninchi yillar boshlaridagi vaziyat adabiyotda yangicha inson obrazining tug‘ilishi uchun zamin hozirladi. Istiqlol adabiyotimiz oldiga milliy qadriyatlarini umuminsoniy mezonlar bilan o‘rganish va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni hamda ahamiyatini ko‘rsatish masalasini qo‘ydi. Mazkur jarayon iste’dodli adib N.Eshonqul asalarida o‘ziga xos tarzda aks etadi. Nazar Eshonqul asarlarida adolatsizlik, shafqatsizlik, zo‘ravonlik asosiga qurilgan sobiq totalitar tuzumning dahshatli majoziy manzaralari chizilgan. ulardagi personajlar halokatga mahkum jamiyatda o‘z shaxsini, insoniy qiyofasini yo‘qotayozgan kimsalardir.
O‘zbek adabiyoti, xususan, nasrdagi bu kabi yangicha talqin va tasvir uslublari an’anaviy realizm, inson hayoti hamda shaxsining serjilo tovlanishlarini, “musbat va manfiy” qirralarini ifoda etishda beqiyos imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Ayni chog‘da, realizm boshqa ijodiy falsafiy oqim va yo‘nalishlarni ham o‘z miqyosiga qamrab olishga qodir ekanini nafaqat yozuvchilar, balki adabiyotshunos olimlar, tanqidchilar, adabiy jamoatchilik ham tan olmoqda. Mustaqillik davrida yaratilgan aksari asarlar ham o‘zbek nasriga xos ana shunday xususiyatlarni namoyon etadi. Ularda g‘arb modern adabiyotiga o‘xshash jihatlar: voqealarning sirli tarzda, turli ramziy vositalar orqali, ba’zan sahna ortida imo-ishoralar bilan ko‘rsatilishi, voqealarning “men” tilidan hikoya qilinishi, yetakchi personaj doimo o‘zini-o‘zi taftish-u tahlil etib borishi kabilar ko‘zga tashlansa-da, his-tuyg‘ulardan milliylikni, ona zaminimiz isi-yu ranglarini tuyamiz.
Bugungi adabiy jarayonda yozuvchi Nazar Eshonqul asarlarida obraz yaratish mahoratining o‘rganilishi, ularda davr odami ruhiyatining turli jihatlari oldingiga o‘xshamagan yo‘sinda yangicha badiiy ifodasini topayotganligini nazariy asosda ko‘rsatib berish mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Bunda inson ruhiyatining badiiy ifodasi oldida turgan muammolar nuqtayi nazaridan o‘rganish, adabiy-etetik tamoyillarni aniqlash, bugungi modern adabiyotining o‘ziga xosliklarini o‘rganish dolzarb ilmiy masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |