Bog'liq Mahalliy byudjet moliyaviy mexanizmi va boshqaruvini takomillashtirish yo’nalishlari
3.2. Mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari shakllanishining tahlili(Buxoro viloyati misolida) Mahalliy byudjetlar davlat moliya tizimining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mahalliy hokimiyatlarga yuklatilgan ijtimoiy masalalarni hal etish ham ushbu byudjetlar orqali hal etiladi.
Shu jumladan, Buxoro viloyati respublika iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi. Chunki, respublika iqtisodiyotini bir maromda ishlashini ta'minlash uchun zarur yoqilg’i energetika resurslari zaxirasining asosiy qismi shu hududda ishlab chiqariladi. Jumladan, respublikada qazib olinayotgan neft, gaz va gaz kondensatining katta qismini qayta ishlash Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda ham viloyat sezilarli ulushga ega bo‘lib, respublikada yetishtirilayotgan paxta va g‘allaning 8,1 foizi Buxoro viloyatida yetishtiriladi29.
Viloyatning mahalliy byudjeti ham respublika byudjet tizimida salmoqli o‘rinni egallab, uning daromadlari tarkibi va o‘zgarish tendensiyasi taqsinga sazovor. Ma'lumki, respublikadagi viloyatlar mahalliy byudjetdagi daromadlari va xarajatlaridan kelib chiqqan holda, respublika byudjetidan yordam oluvchi va aksincha daromadini bir qismini respublika byudjetiga o‘tkazuvchi mintaqalarga bo‘linadi. Buxoro viloyati respublika byudjetiga mablag‘ o‘tkazuvchi 6 ta viloyatdan biri hisoblanadi va mahalliy byudjet daromadlari umumdavlat soliqlaridan ajratmalar hamda mahalliy soliq va yig‘imlardan shakllanadi. Mahalliy soliq va yig‘imlar stavkalari mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilangan holda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar hisobidan shakllanadigan, boshqariladigan daromadlar normativlari, hududlarning daromad manba'lari va xarajatlaridan kelib chiqib, Moliya vazirligi tomonidan tumanlar bo’yicha tabaqalashtirgan holda belgilanadi.
Viloyatning mahalliy byudjeti daromadlarini asosiy qismini boshqariladigan daromadlar ya'ni umumdavlat soliqlaridan ajratmalar tashkil etadi. Jumladan, umumdavlat soligi bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS), yuridik shaxslar foydasidan soliq, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq va aksiz solig’idan ajratmalar hisobidan mahalliy byudjetga qoladigan daromadlar 2012-2015-yillarda jami daromadlarning 75-80 foizini tashkil etgan. Mahalliy byudjetda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar ulushining yuqori bo‘lishi, ushbu turdagi soliqlarni o‘z vaqtida undirilishini ta'minlashda mahaliy hokimiyat organlari manfaatdorligini oshiradi. Lekin, viloyatda qazib chiqarilayotgan neft va gaz uchun uni qayta ishlash korxonalari bilan amalga oshiriladigan xisob-kitoblar markazlashgan xarakterga ega bo'lganligi sababli, ular xisobidan undiriladigan QQS, aksiz solig’i va uni qazib oluvchi korxonalar to’laydigan soliqlarni undirishda ma'lum muammolarni keltirib chiqarmoqda(2-ilova). Ya'ni ushbu korxonalar tomonidan jo'natilgan maxsulotlar uchun mablag‘larni o‘z vaqtida kelib tushmasligi sababli, ular tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan soliq turlari bo‘yicha boqimanda qarzlarni oshib ketishiga sabab bo’lmoqda.
Mahalliy byudjetlar tizimi mahalliy ehtiyojlarni to‘laroq hisobga olish va ularni davlat markazlashtirilgan tartibda amalga oshiradigan chora - tadbirlar bilan to‘g‘ri solishtirish imkonini beradi. Joylarda iqtisodiyot va madaniyatning o‘sish sur'atlari mahalliy byudjetga daromadlar kelib tushishi va resurslardan samarali foydalanish bilan bevosita bog’liq. Quyida keltirilayotgan Buxoro viloyat mahalliy byudjetining 2012 -2015-yillardagi xarajatlari ko’rsatkichlari ham byudjet siyosati ijtimoiy va iqtisodiy masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi(3-ilova). Respublikamizda bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli, bu soha xarajatlari byudjet xarajatlarida o‘rtacha 15 foiz ni tashkil etgan. Bundan tashqari respublikamizda kadrlar tayyorlash milliy dasturiga asosan shahar va tumanlarda kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar qurilishi bilan bog’liq xarajatlar ham byudjet mablag’lari hisobidan amalga oshirilmoqda va bu maqsadda sarflanayotgan kapital qo'yilmalar byudjet xarajatlarida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Mahalliy byudjetlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishning asosiy manbai va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining iqtisodiy negizi bo‘lganligi sababli, byudjetga qo‘shimcha mablag’lar jalb etish manbalarini izlab topish va mavjud mablag’larni samarali sarflanishini ta'minlash byudjet siyosati samaradorligini ta'minlaydigan asosiy omil hisoblanadi.