Mavzuning dolzarbligi: 1997 – yilgacha kimyo fanlari sohasida dunyo tan olgan 19 ixtisoslik bo’lib, ularga Yevropaning 9 davlati — Angliya, AQSh, Rossiya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Avstriya, Shvetsiya, Niderlandiyada asos solingan. 1997 – yili ixtiro qilingan 20 – kimyo fani — «Tovarlar kimyosi» (yangi nomi) salkam bir asrlik tanaffusdan keyin O’rta Osiyo respublikalari ichida birinchi bo’lib O’zbekistonda, taniqli o’zbek olimlari — kimyo fanlari doktori, Respublikada xizmat ko’rsatgan ixtirochi, ayni vaqtda Andijon Davlat Universiteti professori Ibrohimjon Asqarov hamda texnika fanlari doktori, akademik To’xtapo’lat Risqiyev ilmiy hamkorligida yaratildi. «O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi»da «Tovarlarni kimyoviy tarkibi asosida tasniflash va sertifikatlash» (dastlabki nomi) faniga alohida bob ajratilib, unga keng ta’rif va sharh berilgan[4].
Har qaysi fanda kashfiyot, ixtirolar ko’p bo’lishi mumkin. Lekin ularning qimmati, ahamiyati, avvalo o’sha ixtiro yoki kashfiyotning hayotga — amaliyotga tatbiq etilishi-yu, ilm – fan rivojiga, jamiyat taraqqiyotiga, mamlakatning iqtisodiy salohiyatiga, el-yurt farovonligiga qo’shajak hissasi bilan belgilanadi va baholanadi. Shu jihatlardan olib qaraganda, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan ma’qullanib, O’zbekiston fan va texnika Davlat qo’mitasining 1997 – yil 15 iyuldagi 14-sonli qarori asosida 02.00.22. shifri (2015 yildan 02.00.09 ga aylantirilgan) bilan dunyo kimyo fanlari qatoridan joy olgan yangi ixtisoslikning mamlakatimiz xalq xo’jaligiga keltirayotgan iqtisodiy samarasi juda ulkandir [3]
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda eksport-import qilinadigan barcha tovarlarga ularning kimyoviy tarkibidan kelib chiqib yondashib, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi (TIF TN) kod raqamlarini to’g’ri aniqlash eng dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Bojxona tizimida 02.00.22-«Tovarlarni kimyoviy tarkibi asosida sinflash va sertifikatlash», 12.00.12-«Bojxona huquqi» ixtisosliklari amaliyotga kirib bormoqda. Natijada, O’zbekistonda Milliy tovarlar nomenklaturasini yaratish borasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari o’z samarasini namoyon eta boshladi. TIF TN bo’yicha tovarlarni to’g’ri klassifikatsiyalanganlini aniqlash va tovarlar TIF TN kodlarini nazorat qilish, rivojlangan davlatlar tajribasiga ko’ra tovarlarning bojxona kimyoviy ekspertizasini amalga oshirish yuqori samara berishligi yaxshi ma’lum [6].
O’zbekistondan eksport-import qilinadigan moy mahsulotlarining tovarlar nomenklaturasiga binoan noto’g’ri kod raqamlari bilan klassifikatsiyalanishi respublika iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi mumkin. Shundan kelib chiqib, margarin mahsulotlarini kimyoviy tarkibi va fizik-kimyoviy ko’rsatkichlari asosida, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda qo’llanuvchi tovarlar nomenklaturasi bo’yicha, kod raqamlarini TIF TN bo’yicha to’liq ifodalash uchun bojxona ekspertizasining tezkor usullarini ishlab chiqish tadqiqot ishining dolzarbligini belgilaydi.
O’zbekistan Respublikasi Prezidentining 2008 – yil 27 – martdagi 823 – sonli qarori bilan 2008 – yil 1 apreldan boshlab O’zbekiston Respublikasida tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashtirishning uyg’unlashgan Tizimga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalari (2007 yil yanvar varianti) bilan O’zbekiston Respublikasi TIF TN amalga kiritildi, 2012 – yilda esa TIF TN ning yangilangan varianti e’lon qilindi [5].
Milliy tovarlar nomenklaturasini amalga kiritmay turib, tovarlardan foydalanib bo’lmaydi. Bu sohadagi, ayniqsa, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonida muammolar paydo bo’lmoqda. Bu esa, o’z navbatida, O’zbekiston Respublikasi tashqi, ya’ni xalqaro eksport-import siyosatiga o’z ta’sirini ko’rsatishi aniq. Ma’lumki, Respublikamizdan xorijga margarin, moy, sabzavot-poliz mahsulotlari, paxta tolalari va ular asosidagi turli tovarlar, energetik va turli sanoat-texnik mahsulotlar eksport qilinadi. Bunda muayyan qiyinchiliklar bor. Ularni bartaraf qilish uchun, qayd etish joiz, eksport yoki import qilinadigan har qanday tovarga uning kimyoviy tarkibi, sifat-miqdori ko’rsatkichlariga ko’ra yondashish, tovarlarning xalqaro TIF TN kod raqamlarini to’g’ri va to’la ifodalashni amalda joriy qilmoq kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |