Amerika Qo'shma Shtatlaridagi erkinlik bola tarbiyasida ham o'z aksini topgan. Onalar farzandlarining har soniyalik qiziqishlari va injiqliklarini qondirishga tayyordirlar. Aksariyat bolalar 4-5 yoshlarida o'yinchoqlarning barxa turi bilan tanishishadi, ko'pincha amerikalik oilalarning garaj va omborxonalari bir marotaba o'ynalgan o'yinchoqlar bilan to'lib-toshadi. Ikkinchi tomondan, go'dakligidanoq amerikalik bolakaylar «Sen eng chiroylisan, eng yaxshisan, eng aqllisan, eng qobiliyatlisan», degan so'zlarni har kuni eshitgan holda o'sishadi. Maqsad – mustaqil insonni tarbiyalash! Agarda bola xato qilsa, uni urushmay: «Yana bir marotaba harakat qilib ko'r! Sen, albatta, buni uddalaysan! Chunki sen zo'rsan!» deya qo'llab-quvvatlanadi. Albatta, bunday yondashuv kelgusida o'zining mevasini beradi.
Evropa mamlakatlarida bolalarning etuk shaxs bo'lib rivojlanishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Ota-onalar intizom yoki qat'iy rejimga kam e'tibor berishadi. Ular uchun bolaning xavfsizligi birinchi o'rinda turadi. Kattalar bolalarning fikrlariga quloq solib, aksariyat holda o'z fikrlarini o'zgartirishlari ham mumkin.
Shvetsiyada bolalarga shakllangan shaxs sifatida qarashadi. Ularning ham o'z huquqlari va majburiyatlari bor. Shuningdek, shvedlardagi bag'rikenglik, o'zgaga, uning qarashlariga, madaniyati, dini, irqiga nisbatan hurmatda va sabrli bo'lish, agarda insonning biror-bir jismoniy yoki ruhiy kamchiligi bo'lsa, unga tengqur sifatida qarash bolalikdanoq yosh avlod ongiga singdiriladi.
8-sinfdan boshlab o'quvchilarga «Bolalar haqida» degan fan o'tiladi. Ular oila qurish, homiladorlik, undan saqlanish yo'llari, jinsiy yo'l bilan yuqadigan kasalliklar, bola tarbiyasi va balog'at yoshida o'smirlar bilishi zarur bo'lgan barcha ma'lumotlarga ega bo'ladilar.
«Save the children» deb ataluvchi Amerikadagi tashkilot har yili dunyo mamlakatlarining qaysi birida onalar va bolalar yaxshi yashashlarining ro'yxatidan iborat Mothers Index (Onalar indeksi)ni tuzib chiqadi. Unda Shvetsiya deyarli har yili birinchi o'rinni egallaydi. Chaqaloq dunyoga kelgach, yosh shved onalar davlat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi. Homiladorlik davrida ayollar bepul tibbiy yordam va maslahat olsalar, farzand tug'ilgach, albatta, onaga bolaga qarashni o'rgatuvchi hamshira biriktiriladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat onalar uchun bola tarbiyasi, parvarishi bilan bog'liq xilma-xil tekin kurslar tavsiya etadi.
O'tgan asrning 70-yillarida Shvetsiya birinchilardan bo'lib farzandiga qo'l ko'targan ota-onalarni jazolay boshladi. Bog'chadanoq bolalar o'z huquqlarini biladilar. Mazkur usul «stressiz tarbiya» deb ataladi. Ammo shvedlar bola tarbiyasida ma'lum chegaralanish bo'lishi lozim, deb hisoblashadi. Bolani faol, o'z fikrini bildiradigan, mustaqil, oldiga qo'ygan maqsadiga erishadigan inson sifatida tarbiyalashga harakat qilinadi. Ota-onaning farzandiga qo'l ko'tarishi, baqirishi, bir narsa so'rasa, unga tushuntirmasligi, «Yo'q, dedimmi, yo'q!» iborasining ishlatilishi ularning tarbiyasizligi va qonun oldida javob berishi lozimligini bildiradi. Ijtimoiy xizmat xodimlari muntazam ravishda hududdagi ota-onalarning farzandlariga nisbatan xatti-harakatidan boxabar bo'lib turishadi. Agarda sal nojo'ya harakat qilinayotganini sezib qolishsa, sud orqali bola ota-onadan tortib olinadi. Davlat bunday bolalarning farovonligi uchun juda ham ko'p pul ajratadi, sudlar esa faqatgina bola manfaatidan kelib chiqqan holda ish ko'radi. Bu narsa so'nggi yillarda bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar sonining keskin ko'payishiga sabab bo'lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |