Avstraliyada farzandiga jazo berish yoki bermaslikni ota-onalarning o'zlari hal qiladi. Evropa mamlakatlari kabi bu erda ham turmush qurishga yoshlar shoshilishmaydi, farzandli bo'lish baxtiga esa 35 yoshlardan keyin erishishadi. Homiladorlikning 12-haftasidan boshlab ayollar majburiy shifokor nazorati ostida bo'lishadi. Tug'ish paytida esa tug'ruq jarayonini kuzatish uchun oilaning istalgan a'zosi qatnashishi mumkin. Farzand ko'rgan ayolga davlat tomonidan juda ham yuqori bola puli beriladi, shu sababli ayollar uzoq payt ishga chiqmay, vaqtlarini go'dak tarbiyasiga bag'ishlashadi.
Avstraliyada bolalar bog'chasi pulli bo'lib, kunlik tarbiya 20-50 dollar atrofida turadi. Bog'chada kichkintoylar, asosan, rivojlantiruvchi o'yinlar, rasm chizish, plastilindan buyum yasash, applikatsiyalar bilan mashg'ul bo'ladilar. Maktabga erta, ya'ni 5 yoshdan borishlarini inobatga olgan holda muassasada o'qish va yozish o'rgatilmaydi. Tarbiyachi hech qachon onaga bolani yomonlamaydi. Bog'chadan tashqari mamlakatda ko'plab bolalar klublari mavjud. Ular bolalalarning qiziqishlariga qarab tashkil etiladi.
Avstraliyada faol dam olishga katta e'tibor qaratilgani bois oilaviy tabiat qo'ynida dam olishlar juda ham ommaviylashgan. Otalarning o'z farzandlari tarbiyasiga ko'proq vaqt ajratishlari Avstraliyada qo'llab- quvvatlanadi.
Maktablarda darslar ancha erkin. Bu erda bolalar 45 daqiqa partada o'tirishmaydi, balki dars jarayonida erkin harakatlanishlari mumkin. Eng asosiysi ta'lim muassasasida vullying (bir-birining ustidan kulish, haqoratlash)ning oldi darhol olinadi va ijtimoiy kelib chiqishi, dini, irqi, biror nuqsoni mavjudligidan qat'i nazar, o'quvchilar bir-biriga hurmat bilan muomalada bo'lishadi.
Boshlang'ich sinflarda o'quvchilarga baho qo'yilmaydi, balki topshiriq yaxshi bajarilgan bo'lsa, daftariga nakleyka yopishtiriladi. Yaxshi o'qigan o'quvchi faxriy yorliq va medal bilan taqdirlanadi, ammo yomon o'qiganlar ham sertifikatlar, mukofotlar olishadi. Maqsad har bir boladagi mavjud iqtidorni yuzaga chiqarishdir.
Har yarim yillikda ota-onalar farzandining o'qishi va baholari haqida qisqacha hisobot olishadi. Har bir ota-ona istalgan vaqtda o'z farzandining o'qishi, o'zining tutishi haqida o'qituvchi bilan gaplashishi mumkin. O'quvchilar bilan esa muntazam ravishda boshqalarga nisbatan hurmatda bo'lish, haqorat qilmaslik, urmaslik xususida «tarbiyaviy soatlar» olib borilib, bunday holatlarning oldini olish uchun ishonch telefon raqamlari beriladi.
Isroilda farzand tarbiyasi alohida e'tiborda, chunki bu erda bola oilaning markazi hisoblanadi. Bog'chalarga go'daklar 6 oyligidan qabul qilinadi. Davlat qaramog'idagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan tashqari mamlakatda oilaviy tipdagi bog'chalar – «mishpaxton»lar keng tarqalgan. Bunday bog'chalarning guruhlarida bolalar soni 5 nafardan oshmaydi va tarbiyalanuvchilarni har tomonlama rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Barcha bog'chalar kompyuterlar, kutubxonalar bilan jihozlangan. Har hafta tarbiyalanuvchilar, albatta, ekskursiyalarga olib chiqiladi, spektakllar qo'yish, sport va musiqa bilan shug'ullanishga e'tibor qaratiladi.
Boshlang'ich sinf o'quvchisi darsdan charchasa, maxsus o'yin xonasiga olib chiqiladi. Yuqori sinf o'quvchilari o'zini yomon tutsa, albatta, ruhshunosga ko'rsatiladi. O'qituvchilar o'quvchilarni baholashmaydi. Mamlakatda bu narsa bola rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, deb hisoblanadi. Ammo go'dakligidanoq bolakay yomon o'qisa, kelajakda yaxshi natijalarga erisha olmasligi, universitetga kirolmasligi singdiriladi va bog'chadan boshlaboq bolalar biror narsani o'rganishga harakat qilishadi. Agarda maktabni tugatiboq, qiz yoki yigit oliygohga kira olmasa, u armiyadan so'ng (harbiy xizmat Isroilda yigit va qizlar uchun birdek majburiy) o'z mablag'i hisobidan o'qiydi. Oilada hamda ta'lim muassasalarida bolalarga «u dunyodagi eng zo'r va iqtidorli inson» ekanligi tinimsiz ongiga singdiriladi, natijasi esa barchaga ma'lum. Dunyoning eng mashhur insonlari, olimlari aynan yahudiylardir.
Oilada bolalarga, agarda ularning hayotlariga rahna solinmasa, barcha narsa mumkin. U baqirishi, yugurishi, hattoki ota-onasiga istaganicha e'tiroz bildirishi mumkin. Ammo chegaradan chiqsa, unga qat'iy ravishda nohaqligi tushuntiriladi. Bu narsa go'dak 2 yoshga to'lganidan so'ng bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Isroilda bola tarbiyasi zo'ravonsizlikka asoslangan. Bolani urish, turtish, haqoratlash, so'kish mumkin emas. Chunki zo'ravonlik o'z navbatida zo'ravonlikni keltirib chiqaradi. Agarda bola o'qituvchining aytganini qilmasa, politsiya yordamga keladi. Aksariyat holatlarda ziddiyatli vaziyat huquq organlari vakillarining o'smir bilan ishonchga asoslangan suhbati bilan yakunlanadi.
Xitoy xalqi butun dunyoga o'zining mehnatsevarligi bilan mashhur. Ikkinchi jahon urishidan so'ng qisqa muddat ichida Xitoy mahsulotlari dunyo bozorini to'ldirganligi buning yaqqol isbotidir. Xitoyliklar juda ham intizomli va sportsevar xalq. Albatta, farzand tarbiyasida ham bu o'z aksini topgan. Agarda Evropa mamlakatlarida bola tarbiyasiga asosan ota-ona mas'ul bo'lsa, Xitoyda bu narsa davlat zimmasidadir.
Uch oydan boshlab chaqaloq bog'chaga topshiriladi. Bir yarim yoshdan boshlab kichik xitoyliklar raqsga tushish, ashula aytish, rasm chizish, sanash va harflarni tanishga o'rgatila boshlanadi. Boshlang'ich sinfdanoq intizomli bo'lish, injiqlik qilmaslik va yaxshi o'qish talab etiladi. Itoatkorlik va «men»ni yuzaga chiqarmaslik xitoy tarbiyasining asosidir.
O'g'il bolaning tug'ilishi oilada katta quvonchdir. Chaqaloqqa qizil rangdagi kiyim kiygizilib, barchaga o'g'il tug'ilganligi ma'lum qilinadi.
Bog'chalarda tarbiya bilan birgalikda jismoniy rivojlanishga katta e'tibor beriladi. Bolaning qiziqishlari inobatga olinib, uning iqtidorini namoyish qilishga harakat qilinadi. Maktabda o'qish muddati 9 yil bo'lib, tarbiya jismoniy, intellektual va estetikka bo'linadi. Ta'lim muassasasida darslar kam soatni tashkil etsa-da, o'quvchining mustaqil tayyorlanishi uchun ko'p uyga vazifa beriladi.
So'nggi yillarda Xitoy iqtisodiyot, bank sohalarida, sport va ilm-fanda etakchilik qilmoqda. Bularning barchasi fuqarolarning tinimsiz o'z ustida ishlashi va o'zining jismoniy, intellektual hamda ilmiy salohiyatini namoyish etishga intilish mevasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |