Janubiy Koreya hayoti mamlakatimiz teletomoshabinlariga ko'plab namoyish etilayotgan seriallar orqali tanishdir.
Bundan 15 yillar ilgari aksariyat ayollar hech joyda ishlamay, faqat farzand tarbiyasi bilan mashg'ul edilar. Ishlash deganda Koreyada uydan tong sahardan chiqib ketish va tungi 11-12 larda qaytishni inobatga oladigan bo'lsak, otalar, deyarli, farzandlarini ko'rishmasdi, natijada farzand tarbiyasi bilan birgalikda uy xo'jaligini yuritishga bog'liq barcha masalalar bekalar zimmasida edi. Bugun vaziyat o'zgargan. Ko'plab koreyalik ayollar ishlamoqda. Bolalar tarbiyasi bilan, asosan, bolalar bog'chalari va buvilar shug'ullanishayotir. Shunga qaramay, ona uyga kelishi bilan farzandining barcha muammolarini yakka o'zi hal etishga kirishadi. Otalar doimo ishda bo'lganligi sababli kamdan-kam holatda bolalar o'z otalari bilan sirdosh bo'lishadi. Lekin biror-bir masalada oxirgi nuqtani ota qo'yadi.
Koreyslar oilasida bobo va buvilarning fikri juda qadrlanadi. Ular oldida bolani urishish mumkin emas. Chunki bu narsa katta yoshdagilarga nisbatan hurmatsizlikni bildiradi. Bobo va buvilar nevaralarining tarbiyasida faol qatnashishadi. An'anaviy bayramlarda ular o'gitlarini ayamay, oila tarixini so'zlab berishadi. Har bir koreyalik o'zining kelib chiqishi va ildizlarini bilishi shart.
Yaponiyadagi kabi Koreyada ham 5 yoshgacha bolaga hamma narsa mumkin. Kichkintoyni urushishmaydi, uning har bir iltimosi qondiriladi. Onasi esa doimo uning yonida bo'ladi. Besh yoshdan so'ng bola tartib va intizomga o'rgatila boshlanadi. Qanchalik uning yoshi o'sib borsa, shunchalik unga nisbatan talablar kuchayadi. Oilada va maktabda bolaning har tomonlama kamol topishiga, bilimlarni o'zlashtirishiga alohida e'tibor qaratiladi.
Hindiston nafaqat aholisining soni, balki dinlarning xilma-xilligi va xudolarning ko'pligi bilan ham dunyoda etakchidir. Hind donishmandlari «O'zga bilan muloqotga kirishganingda yuragingga quloq tut», deb bejiz aytishmagan. Aynan hind ota-onalar farzandlariga go'dakligidanoq atrof-muhitni bilishda qalbi va hissiyotlari amriga bo'ysungan holda faoliyat yuritishni o'rgatishadi: birorta inson, hayvon va qushni xafa qilmaslik, tabiatni asrash, barchaga nisbatan mehribon bo'lish shular jumlasidandir.
Hindlar – donishmand ota-onalardir. Ularning aksariyati 20 yoshga to'lmasdanoq farzand ko'rishsa-da, bolalariga hech qachon baqirishmaydi va shu orqali ularni ham o'z hissiyotlarini nazorat qilishga o'rgatishadi.
Maktabda o'g'il va qizlarni darsni yodlashga emas, balki fikr bildirish, mushohada qilish va o'ylashga o'rgatishadi. Boshlang'ich sinflardanoq o'quvchilar «O'limga munosabat», «Intizomli bo'lish zarurati» kabi mavzularda o'z fikrlarini bildirishlari lozim. Standart darslardan tashqari hind maktablarida xotirani kuchaytirish va jilmayish darslari ham mavjud. Yilda ikki marta maktab ma'muriyati o'tgan oyga nisbatan o'z natijalarini yaxshilagan o'quvchilarni rag'batlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |