7-§. Nil vodiysi va uning aholisi
Misr - Nil in'omi. O`zi bilan birga huzurbaxsh salqin havo va mo`l-ko`l hosilni olib kelguvchi sersuv Nil viqor bilan oqadi. Ulug`vor daryo Afrika shimoli sharqida sivilizatsiya vujudga kelishi uchun maydon hozirlagan. Adog`ida bir qancha shoxobchalarga bo`linib oquvchi Nil daryosi borib-borib o`rtayer dengiziga quyiladi. Nil daryosi qayirlarini yunonlar delta deb atashgan, chunki dengizga quyiluvchi shoxobchalarning to`la-to`kis manzarasi uchburchaksimon yoki teskari yozilgan "A" harfiga o`xshash yunoncha "delta" harfiga monand bo`lgan. Nil vodiysi - har ikkala qirg`oq bo`ylab birdan to yigirma kilometrgacha kenglikdagi sug`oriladigan yerlardir. Nil vodiysini har ikkala tomondan tog`lar mudofaa devorlaridek muhofaza qilib turadi, adirlar ortida Sahroyi Kabir va Liviya cho`llarining ko`z ilg`amas qumliklari yastanib yotadi. Daryoning har ikkala qirg`og`ida qora tuproqli serhosil dalalar yastangan. Vodiyliklar yurtga "Misr"-"Qora tuproq" deb nom berishgan. Harholda, hammavaqt ham shunday bo`lmagan. Qadim o`tgan zamonlarda Nil vodiysi odam o`tolmaydigan, papirus butalari bir-biriga chirmashib ketgan botqoqliklar bilan qoplangan, suvda son-sanoqsiz yirtqich timsohlar kun kechirar, qupquruq yerlarda yovvoyi hayvonlar galasi sanqib yurar, botqoqzorlarda esa zaharli ilonlar yashar edi. Vaqt o`tgani sayin iqlim o`zgarib bordi, suv ham yildan yilga kamayaverdi, Shimoliy Afrika ham cho`lga aylanaverdi. Buloq suvlarini axtarib yurgan odamlar va hayvonlar obod yurtlarini tark etishga majbur bo`lishdi. Shu taxlit, ziroatchilik aholining asosiy mashg`ulotiga aylandi. Mil. avv. IV mingyillik boshlarida odamlar Nil daryosi qirg`oqlaridagi yerlarni o`zlashtirishga bel bog`ladilar. Dastlabki qabilalar Nil vohasiga miloddan avvalgi IV mingyillikda ko`chib o`rnashganlar. Misrliklarning mashg`ulotlari. Nil daryosi dalalarni suvga bostirib mashg`ulotlari keng mo`l oqqan yillarda misrlik dehqonlar hosili ham barakali bo`lar edi. Misrlik dehqonlar bug`doy va arpa ekishar, yetishtirilgan kanopdan esa gazlama to`qilar edi. Nil vodiysida uzum, qovun, anor, xurmo, piyoz, bodring, loviya kabi meva va sabzavot yetishtirilardi. Qadimgi zamonda yerga omoch bilan ishlov berilar, qo`lda urug` sepilar, so`ngra urug`likni yerga singdirish uchun qoramollarni daladan haydab o`tishardi. Mehnat qurollari takomillashishi bilan omoch va hayvonlar kuchidan foydalana boshlashdi. Sigirlar, ho`kizlar, qo`ylar, echkilar, cho`chqalarni boqishar, odatda, ho`kizlarni dala ishlariga solishar edi. Misr dehqonlari urug` sochish va hosilni yig`ishtirib olish ishlarini g`ayriodatiy muddatda o`tkazishardi. Issiq yoz oylarida dam olishar, urug`likni ekishga hozirlashardi, negaki bu mahalda barcha dalalarni suv bosgan bo`lardi. Kuzda dalalarga urug` sochishar, sug`orish uchun kanallar va ariqlarni tozalashar, chunki yomg`ir juda kam yog`ar edi. Qishda esa hosil yig`im-terimi boshlangan. Boshoqlarni mis o`roqlar bilan o`rib ilishar, so`ngra xo`p qo`shiladigan maxsus joyga tashib keltirishar, bug`doy yoki arpa bog`lari ustidan hayvonlarni haydab o`tib, hosilni yanchishar edi. Xirmonjoydan chiqqan donni esa sopol xumlarda saqlashardi. Bu tadbir donni son-sanoqsiz kemiruvchilar zararkunandaligidan omon saqlardi. Hunarmandchilikning ravnaq topishi. Qadimgi Misr hunarmandlarining 30dan ziyod kasb-korlari bo`lgan. Mischilar misni eritsa, temirchilar undan mehnat quroli quyishardi. Kulollar loydan turli-tuman idish-tovoqlar yasashar, mustahkam bo`lishi uchun xumdonda pishirishardi. Quruvchilar saroylar, ibodatxonalar va uylar bunyod etishgan. Oddiy misrliklarning uyi loy suvalgan papirus poyalaridan, zodagonlar uylari esa somon qo`shib qorilgan loydan yasalgan, oftobda quritilgan xom g`ishtdan qurilgan. Hukmdor fir'avnlar saroylari va ibodatxonalar toshdan barpo etilgan. Ustalar va duradgorlar deraza va eshiklar, har xil ro`zg`orbop mebellar yasashardi. Kemasozlar qamishdan qayiqlar, yog`ochdan esa kemalar qurishardi. Ko`nchilar va to`quvchilar kiyim-kechak uchun materiallar tayyorlashar, tikuvchilar esa liboslar tikishardi. Misr davlatining tashkil topishi. Odamlar miloddan avvalgi IV mingyillik oxirida Nil vodiysidagi sermashaqqat turmush sharoitiga moslasha boshladi. Tarqoq manzilgohlar "nom" deb atalgan ilk davlatlarga birlashdi. Vaqt o`tishi bilan asta-sekin qabila sardorlari hukmdorlarga - podsholarga aylanishdi, oqsoqollar esa boshqaruv ishlarida ularga yordam berishardi. Kohinlar alohida mavqe va nufuzga ega bo`lishgan. Kohinlar diniy marosimlarni bajarishar, muhim ishlar oldidan xudolardan madad so`rab iltijo qilishar edi. Misrda ikkita podsho hukmdorlik qilgan: bittasi Quyi Misrda, boshqasi esa Yuqori (Janubiy) Misrda davlatni boshqargan. Mil. avv. 3000-yilda ikkala davlat o`rtasida boshlangan urushda Yuqori Misr hukmdori Menes g`alaba qozondi. Menes birlashgan mamlakatning birinchi hukmdori, ya'ni fir'avn bo`ldi. Yagona va birlashgan davlat uchun yangi poytaxt bo`lmish Memfis shahri barpo etildi. Olimlar Misr tarixini Ilk, Qadimgi, o`rta, Yangi va So`nggi podsholik davrlariga ajratishgan. Vaqt o`tishi bilan "nom"lar hukmdorlari o`z mol-mulkini ko`paytirib oldi, Misr tag`in mustaqil davlatlarga aylangan alohida "nom"larga parchalanib ketdi. 200 yildan so`ngra mamlakatning qayta birlashuvi ro`y berdi, shu tariqa, o`rta podsholik hukmronligi davri boshlandi. Bu davlatning poytaxti Fiva shahri edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |