6-§. Ilk sivilizatsiyalarning vujudga kelish davri. Ibtidoiy tarixdagi o`zgarishlar. Xo`jalikning ishlab chiqaruvchi shakllari - dehqonchilik va chorvachilik odamlarning buyuk kashfiyotlaridir. Dehqonchilik va chorvachilik bundan 10-11 ming yil muqaddam Old Osiyoning ayrim o`lkalarida vujudga kelganini bilamiz. Falastin hududida joylashgan Iyerixondehqonchilik manzilgohi eng qadimiylaridan biri hisoblanadi. Old Osiyoning o`troq aholisi tez sur'atda ko`payib bordi. Qurg`oqchilik mahalida ziroatchilar muqim yashaydigan yerlarini tark etib, boshqa hududlarga ketishar edi. Shu taxlit, yangi suv manbalari va serhosil yerlarni izlash zarurati Sharqning turli o`lkalarida - Kichik Osiyo, Misr, Bobil, Kavkazorti, Eron va O`rta Osiyoda dehqonchilik tarqalishiga maydon hozirladi. Ilk to`qnashuvlar kichik urushlar.Dehqonlar aholi qo`rg`onchalari barpo etishgan. Ixcham aholi qo`rg`onchalarida odatda qarindoshlar jamoasi a'zolari yashashgan. Har bir oila o`z uyiga, qishloq xo`jalik mahsulotlari zaxiralari va chorva tuyog`i saqlanadigan alohida inshootlarga ega bo`lgan. Dalalarda birga mehnat qilishgan. Yer omoch bilan ishlov beriladigan, keyinchalik sixmola yoki omoch bilan shudgor qilinadigan bo`ldi. Hosil tosh va suyakdan yasalgan o`roqlar bilan yig`ishtirilgan. Barcha qabilalar ham yetarlicha yegulik zaxirasiga ega bo`lmagan. Ba'zilarining yerlari unchalik unumdor bo`lmasa, boshqalari faqat chorvachilik va ovchilik bilan shug`ullanishni afzal ko`rishar edi. Bunday qabilalar bir chekkaga chiqib alohida yashashga ham qarshi bo`lishmagan. Cho`ponlar va dehqonlar o`rtasida suv manbalari va soz yerlar ustida tez-tez janjallar bo`lib turar edi. Qabilalar bir-birlariga hujum qila boshladilar. Manzilgohlar mudofaa devorlari bilan o`rab olindi. Dehqon, chorvador va ovchilar o`z sardorlari rahnamoligida jangchilarga aylanishardi. Ilk sivilizatsiyalar.Dushmanlardan himoyalanish zarurati har xil tumanlar aholisini ittifoqlarga uyushishga majbur qildi. O`zgalar hududini egallab olish uchun ham avvalgisiga qaraganda ko`proq kuch talab etilar edi. Bu aholi aralashib, qorishib ketishiga olib keldi. Ko`plab odamlar qandaydir urug` yoki qabilaga mansubligidan qat`iy nazar anhorlar va boshqa sug`orish inshootlari qurilishiga jalb etilar edi. Endi odamlar bitta urug` yoki qabilaga mansub bo`lmay qoldilar. Tug`ishganlik munosabatlari ularning hayotida belgilovchi omil bo`lmay qoldi. Ishlab chiqaruvchi xo`jalik shakllari, qurilish va hunarmandchilik rivojlanishi, kichik urushlar bo`lib turishi va har xil tumanlar aholisi birlashishi boshlanishi odamlar hayotini sezilarli o`zgartirdi. Jamiyatda harbiy sarkardalar - sardorlar va jangchilar - xo`jalik hayotiga rahbarlik qiluvchi oqsoqollar ajralib chiqishdi. Diniy marosimlar kohinlar tomonidan ado etilardi. Ayrim dehqonchilik hududlarida dastlabki davlatlar tashkil topdi. Shu tariqa, tarixda dastlabki sivilizatsiyalar rivojlanishi davri boshlandi. Sivilizatsiya - odamlar belgilangan qonunlarga rioya qilib yashagan shaharlar va davlatlar rivojlangan davrda moddiy va ma'naviy madaniyatning ancha yuksak darajasidir. Ilk sivilizatsiyalarga hunarmandchilik, qurilish va arxitektura, ayirboshlash va savdo-sotiqning yuqori darajasi xosdir. Ko`pgina o`lkalarda sivilizatsiya yozuv, nazariy bilimlar, adabiyot va san'at mavjud bo`lganligiga ham bog`liqdir. Sivilizatsiyalar ko`p miqdorda sug`orish inshootlari - Kanallar va suvayirg`ichlar qurish zarur bo`lgan joylarda vujudga Keldi. Bunday imkoniyat esa Misrda Nil, Mesopotamiyada Dajla va Frot, O`rta Osiyoda Sirdaryo va Amudaryo mavjudligi tufayli yuzaga kelgan edi. Bu hududlarda sug`orishni talab qiluvchi unumdor va hosildor tuproq bo`lgan. Harbiy sardorlar va zodagonlar sug`orish tizimlarini barpo etish ishlariga rahbarlik qildilar. Pirovardida aynan ular bunday davlatlarning hukmdorlariga aylanishdi. Ilk sivilizatsiyalar Qadimgi Sharqda vujudga keldi. Tarixning turli davrlarida sivilizatsiyalar Yer yuzidagi barcha qit`alarda rivoj topdi. Misrda Nil daryosi vodiysi, Mesopotamiyada Dajla va Frot, O`rta Osiyoda Sirdaryo va Amudaryo voha va vodiylari sivilizatsiya vujudga kelishi markazlari bo`ldi.