Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning g‘ayritabiiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir. Dinning psixologik ildizi, avvalo, inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’i nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo‘lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo‘lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o‘zgartira yoki enga olmaganligi bilan bog‘liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson g‘ayritabiiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzod taskin, tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinning siyosiy ildizlari turli siyosiy kuchlarning dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyati va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlashi orqali, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytirishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda din va siyosat o‘rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud.
Diniy e’tiqodlarning tarixiy shakllari. Insoniyat tarixiga ko‘p sonly turli-tuman dinlar ma’lum. Xususan, madaniyat va bilimlar darajasi juda past bo‘lgan inson o‘ziga qudratli, yot va sirli bo‘lib tuyulgan tabiatning favqulodda kuchlariga qarshilik ko‘rsata olmagan ibtidoiy jamoa davrida dinning ancha sodda shakllari: fetishizm, animizm, totemizm, magiya va boshqalar yuzaga kelgan. Fetishizm – u yoki bu predmetni mo‘jizakor xislatlarga, odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydi. Bunday predmet ilohiylashtiriladi, sig‘inish va topinish ob’ektiga aylanadi.
Animizm (lot. «anima» – «jon») – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham ruh, jon boshqarib turishiga ishonishdir.Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonli.
Do'stlaringiz bilan baham: |