Savol va topshiriqlar
Kirish va kiritmalarning gap lisoniy strukturasiga munosabati haqida gapiring.
Kirishlarga tavsif bering.
Kiritmani tavsiflang.
So‘z kengaytiruvchilari
To‘ldiruvchi. Aytilganidek, so‘z kengaytiruvchisi gapning konstruktiv bo‘laklari sirasiga kirmaydi, balki gapdagi so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini muayyanlashtiruvchi vosita sanaladi. To‘ldiruvchi ham nutqiy gap qurilishida so‘z kengaytiruvchisi sifatida ishtirok etadi va fe’l bilan ifodalangan har qanday bo‘lak yoki bo‘lak qismining ma’noviy valentligini to‘ldiradi. To‘ldiruvchi faqat kesimgagina bog‘lanmaydi. Quyidagi gaplarga diqqat qiling: 1. Kitobni olib kel. 2. Kitobni olib kelishni unutma. 3. Kitobni keltirish sening vazifang. 4. Kitobni tushunishning yaxshi tomonlari ko‘p.
Ko‘rinadiki, to‘ldiruvchi birinchi gapda kesimga (olib kel), ikkinchi gapda to‘ldiruvchiga (olib kelishni), uchinchi gapda egaga (keltirish), to‘rtinchi gapda aniqlovchiga (tushunishning) bog‘langan. Kesimga bog‘langanda ham undagi [Pm] ma’nolariga emas, balki Wga «tortiladi» – uning ma’nosini muayyanlashtirishga xizmat qiladi. To‘ldiruvchi qaysi gap bo‘lagiga aylanishidan qat’i nazar, shu bo‘lak ifodalanayotgan fe’lning ma’nosini muayyanlashtiradi. To‘ldiruvchi so‘z kengaytiruvchisi bo‘lganligi bois, u kengaytirayotgan ma’nosi muayyanlashayotgan so‘z gap bo‘lagi maqomiga ega bo‘lmasligi ham mumkin. Yuqorida aytilganidek, kesim, ega, hol gapning konstruktiv bo‘laklari bo‘lib, to‘ldiruvchi va aniqlovchi bo‘lakning bo‘laklari sifatida keladi. Bu, ayniqsa, kengaygan ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi gap bo‘laklari modeliga ega bo‘lganda, yaqqol ko‘zga tashlanadi. E’tibor bering: 1. Shalola kitobni keltirdi. 2. Kecha kitobni keltirgan Shalola bugun kelmadi. Birinchi gapda kitobni to‘ldiruvchisi kesimga bog‘langan. Ikkinchi gapda esa aniqlovchiga (keltirgan) tobelangan. Birinchi gapda to‘ldiruvchi kesim (keltirdi) ning emas, balki uning tarkibiy qismi bo‘lgan keltir fe’li ma’nosini izohlagan va gap bo‘lagining bo‘lagiga daxldor. Ikkinchi gapda esa aniqlovchi (so‘z kengaytiruvchisi) ning kengaytiruvchisi vazifasida kelgan. To‘ldiruvchi o‘zi bog‘lanayotgan fe’lning obyekt valentligini to‘ldiradi va shunga muvofiq ravishda, uning mazmunidan shaxs/predmetlik ma’nosi anglashilib turadi.
Harakatni bajarish vositasini ifodalovchi gap bo‘lagini uning predmet yoki nopredmetlik ma’nosidan qat’i nazar, to‘ldiruvchi yoki hol deb atashning o‘zi ham muammoli. Chunki ular bir vaqtning o‘zida nimada so‘rog‘iga ham, qanday, qay holda, qay yo‘sinda so‘roqlariga ham javob bo‘lishi tabiiy hamda ularning mohiyatini to‘laroq ochishga xizmat qiladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, misollardagi so‘zlarning bunday so‘roqlarni olishida o‘rin-payt kelishigi ko‘rsatkichining roli muhim. O‘rin ma’nosini ifodalovchi -da kelishik shakli gap propozitsiyasining tayanch bo‘lagi bo‘lgan makonni ifodalashda alohida mavqega ega. Ma’lumki, makon va zamon ma’nosidagi hollar gap kesimini shakllantiruvchi [Pm] ning o‘rin va payt ko‘rsatkichlariga mos keladi. Xususan, quyidagi ko‘rinishli (47-jadval):
47-jadval
Men hozir Qo‘qonda
|
yashayman
|
o‘qituvchiman
|
birinchiman
|
xursandman
|
Gaplarda o‘rin ma’noli Qo‘qon so‘zi bilan yasha fe’li orasida, Qo‘qon so‘zi bilan o‘qituvchi so‘zi orasida, shuningdek, sifatga xos xursand, songa xos ikkinchi so‘zlarining bir-biriga bog‘lanish xususiyati yo‘q edi. Keyin keluvchi hokim uzvga kesimlik qo‘shimchalarining qo‘shilishi unga kengayish imkoniyatini berdi va natijada [WPm] hosilasi bo‘lgan gap shaxs kengaytiruvchisi qatorida o‘rin va payt kengaytiruvchilariga ham ega bo‘ldi. Demak, zikr etilgan gaplarda qatnashgan havoda, dengizda so‘zshakllaridagi o‘rin-payt shakli [Pm] ta’siriga berilgan bo‘lib, bu ularning gap kengaytiruvchisi ekanligidan dalolat beradi. To‘ldiruvchi esa so‘z kengaytiruvchisi bo‘lib, [Pm] ga befarq, ya’ni aloqasi yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |