SEGOH MAQOMI
Segoh - o’n ikki maqom tizimidagi maqomlarning uchinchi pardasidan boshlanib ijro etiladigan kuy va ashulalarning namunasi bo’lib, «uch o’rin» mahnosini anglatadi. Hozirda Segoh atamasi kuy va ashula yo’llarini boshlang’ich uch pardasi ijro jarayonida ishlatiladi. Segoh maqomining cholg’u va ashula yo’llari xalq orasida juda keng tarqalgan. Segohning patnisaki yo’li ham mavjud. Segohning cholg’u bo’limida Tasnifi Segoh, Tarjei Segoh, Xafif Segoh, Garduni Segoh, Muxammasi Segoh, Muxammasi Ajam, Muxammasi Mirzo Xakim, Saqili Bayot Nigor deb nomlangan qismlar mavjud. Segoh maqomi turkum tarzida ijro etilsa, Tasnifi Segohdan boshlanadi. Tasnifi Segohning kuy mavzui Segohning boshqa cholg’u qismlari va sho’hbalarida tez-tez namoyon bo’lib turadi. Tarjei Segoh xonalari Tasnifi Buzrukdagi Peshravlarni eslatadi. Xafifi Segoh cholg’u yo’li Tasnifi Segohning mahlum variantidir. Doyra usullari ham bir-biridan farq qilmaydi.
Gurduni Segoh kuyi mashhur bo’lib, juda yoqimli eshitiladi. Segoh muhammasidagi xona va bozgo’ylarning har biri to’rttadan bo’lib, 16 taktdan iborat. Segohning Muxammasi Ajam, Muxammasi Mirzo Xakim, Saqil Basta Nigor cholg’u qismlari kuy tuzilishi jihatdan rang-barang ohanglardan iborat. Segoh maqomining cholg’u qismlari ijrosidan so’ng ashula qismiga o’tiladi. Ashula qismlari sho’hbalari ikki guruhdan iborat bo’lib, birinchi guruhga Sarahbori Segoh, Talkini Segoh, Nasri Segoh, Navro’zi Xoro, Navro’zi Ajam va Ufari Segox qismlari kiradi. Bu sho’hbalar bir necha taronalari bilan turkum tarzida ijro etiladi. Bu sho’hbalar orasida Sarahbori Segohda yetti tarona, Talqini Segohda, Nasri Segox va Navro’zi Ajamda bittadan tarona, Navro’zi Xoroda uchta tarona mavjud. Bu sho’hbalar orasida uchta nasr sho’hbalar bo’lib, ular Nasri Segoh, Navro’zi Xoro va Navro’zi Ajam nomlari bilan mashhurdir.
«Xoro» so’zi arabchada tog’li joy, «Ajam» iborasi sharq xalqlari nomlanishi ifodasidir.
Ashula bo’limi Sarahbori Segoh sho’hbasi bilan boshlanadi. So’ngra uning taronalari o’ziga xos yangraydi. Oxirgi yettinchi taronasi suporish deb ataladi. Sarahbori Segohga Talqini Segoh sho’hbasi ulanib ketadi. Talqini Segoh betakror ashula yo’li bo’lib, ko’proq Xusayniy Navo ohangini eslatadi. Nasri Segoh talqini Segoh bilan hamohangdir. Lekin yangicha ohang va mazmun kasb etadi va avjida Navo va Oraz namudlari uchraydi. Navro’zi Xoro, Navro’zi Ajam, Navro’zi Sabo sho’hbalari o’tmishda o’n ikki maqom tizimidagi sho’hbalar nomi bilan sanaladi. Navro’zi Ajam sho’hbasining kuy tuzilishi bo’yicha boshqa sho’hbalardan farq filadi. Unda Turk avji orqali Ufari Segohga ulanib ketadi. Segoh maqom yo’llari asosida juda ko’p xalq kuylari va ashula yo’llari yaratilgan bo’lib, yakka sozlarda, xalq cholg’u dastalari, ashulachilar ansambllari tomonidan sevib ijro etiladi.
Segoh ohanglari zamirida avj ham yaratilgan bo’lib, Segoh namudi deb yuritiladi. Segohning ikkinchi guruh sho’hbalari Mo’g’ulchai Segoh va segoh ohanglari asosida yaratilgan kuy va ashulalardan iborat. Mo’g’ulchai Segoh o’z shahobchalari bilan boshqa maqomlardagi mo’g’ulchalardan farq qiladi. Uning tarkibida Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar yo’llaridan tashqari chapandoz doyra usullari ijro etiladigan nimcho’poniy deyilgan shahobchasi ham bor. Mo’g’ulchai Segohning Talqinchai Mo’g’ulchai Segoh, Nimcho’poniy, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufarlari uning kuy tuzilmalari negizida yuzaga kelgan. Mo’g’ulchai Segoh talqinchasi ketidan ulanib aytiladigan shahobchasi «Karimqulbegi» deb nomlanadi. Mo’g’ulchai Segohning ikkinchi shahobchasi Nimcho’poniy ham xalq orasida Karimqulbegi deb ataladi. U Segohning bosh pardasidan boshlanadi. Avjida Segoh namudi va turk avjidan foydalanilgan. Karimqulbegi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yashagan mashhur xonanda va bastakordir. Mo’g’ulchai Segohning oxirgi shahobchasi Ufar qismidir. Ufari Mo’g’ulchai Segoh o’ziga xos nodir ashula yo’llaridan bo’lib, sho’xchan yangraydi.
Segohning cholg’u va ashula bo’limi juda yoqimli kuy va ashulalardan iborat bo’lib, ular asosida juda ko’p kuy va ashulalar yaratilgan. Ulardan biri xalq orasida mashhur bo’lgan «Girya I-II» ashulalaridir.
«Girya 1» CHapandoz usulida ijro etilib, muxammas shaklidagi shehrlar bilan aytiluvchi kichik hajmli ashuladir. Uning avjida namudlar tushib qoldirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |