Zardushtiylik. Spitama qabilasidan bo‘lganPourushaspa o‘g‘li Ashoga Zaratushtra (yunoncha – Zoroastr, pahlaviycha – Zaraxustra «boqiy yulduz» va «chiroyli tuyalarga ega bo‘lgan») ushbu dinning asoschisi hisoblanadi. Zardushtiylar e’tiqodiga ko‘ra, bu nom unga Axura-Mazda (yunoncha, Ormuzd –«Donishmandlik sohibi») tomonidan berilgan. Zardushtning yashagan davri va joyi haqida turli taxminlar mavjud. Tadqiqotchi M.Boysning ta’kidlashicha, u mil. avv. 1500-1200 yillar orasida yashagan. Uning fikricha, Zardusht o‘z da’vatini Gushtasb Luxrasb ismli kayoniylar podshohi davrida boshlagan. Bunga u zamonaviy zardushtiylarning hozirgacha mil.avv. 1738 yil shoh Vishtasp tomonidan qabul qilingan «fasli» kalendaridan foydalanib kelayotganlarini dalil qilib ko‘rsatadi.
Zardushtiylikning vatani masalasida ikki xil qarash mavjud. Jumladan, ayrim olimlar zardushtiylik Qadimgi Eron hududida keng tarqalgani, «Avesto»ning sharhlari pahlaviy tilida yozilganidan kelib chiqib, uning vatani Midiya (hozirgi Eron hududi) deb hisoblasalar, ko‘pchilik tarixchilar esa «Avesto»da Xorazm Zardushtning vatani, Axura-Mazda bilan aloqa bog‘langan va ozarxurra (muqaddas olov) birinchi bor yoqilgan joy ekani qayd qilinganiga asoslanib, Xorazmni e’tirof etadilar.
Zardushtiylikning muqaddas manbasi «Avesto» («Apastak», «Ovisto», «Ovusto», «Abisto», «Avasto» -«joriy qilingan qat’iy qoidalar») sanskrit tiliga yaqin o‘ziga xos (avesto tili) tilida yozilgan. Uning «Gat»lar nomli qismi Zardusht qalamiga mansub deb hisoblanadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Xorazm, Gava (So‘g‘d), Marg‘iyona (Marv), Baqtriya (Balx), Orol dengizi (Vorukasha yoki Vurukasha) va Amudaryo (Daiti) kabi nomlarning tilga olingani «Avesto» O‘rta Osiyoda mil. avv. I ming yillikning birinchi yarmida vujudga kelganini tasdiqlaydi. Dastlab «Avesto» matnlari og‘zaki ravishda saqlanib kelgan. Uning eng qadimiy qismlari II ming yillik oxiri I ming yillik boshlariga oid bo‘lib, keyingi asrlarda uning tarkibi turli diniy urf-odatlar bayoni, axloqiy, huquqiy qonun-qoidalar bilan to‘ldirilib borilgan. Milodiy uchinchi asrda qonunlardan iborat Avestoning sharhi «Zend» (parfiyoncha, «sharhlangan matn») yozilgan. Zamonaviy zardushtiylarning fikriga ko‘ra, «Avesto»ning to‘liq qismi yetib kelmagan bo‘lsa-da, uning dastlabki yozma nusxasi 12 ming qora mol terisiga bitilgan edi. Abu Rayhon Beruniy «Podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Abistoning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar (Aleksandr Makedonlik) otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. Shuning uchun o‘sha vaqtda Abistoning beshdan uchi yo‘qolib ketdi», deb aytgan so‘zlari yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.
4-topshiriq.
Berilgan savollarga jadval asosida javob bering
Do'stlaringiz bilan baham: |