Telba ixtirochi
1895 yili Vestingauz dunyoda eng ulkan Niagara GESini ishga tushirdi. Bu yerda ham Teslaning qudratli generatorlari ishlab turardi. O‘shanda ixtirochi masofadan boshqariladigan mexanizmlar ustida ish olib borayotgandi. U Medison-Skver-Gardendamasofadan turib qayiqchalarni boshqardi. Odamlar buni afsungarlikka yo‘yishdi. Teslaning tajribaxonasida bo‘lganlar uning havoda energiyadan paydo bo‘lgan sharsimon nurni qanday qilib qo‘lida o‘ynatgani va chamadoniga solib qo‘yganini dahshat bilan xotirlashardi. 1898 yilda Tesla tajribaxona joylashgan binoning tomiga kichkina uskuna o‘rnatdi. Bir ozdan so‘ng butun bino silkina boshladi. Odamlar qo‘rqqanidan ko‘chaga otilib chiqishdi. Teslaning uyiga tez orada politsiya va jurnalistlar yetib kelishdi. Ammo u uskunasini o‘chirgan va yo‘q qilishga ulgurgan edi. Keyinroq u jurnalistlarga «Bruklin ko‘prigini bir soatda buzib tashlashim mumkin edi», degan edi. U hattoki mos keladigan vibrator bo‘lsa, yer sharini ham bo‘laklarga bo‘lib yuborish mumkinligini aytgan.
Kolorado Springsda Teslaning tajriba o‘tkazishi uchun uchiga ulkan mis shar o‘rnatilgan minora barpo etildi. Bu yerda olim uzunligi 4 metrga yetadigan chaqmoqpaydo qildi. Atrofga uchqunlar sachradi. Otlarni ham taqalari orqali tok urdi. Odamlarni qo‘rquvga solgan bu tajriba ham bejizga o‘tkazilmagan edi. Minoradan 30 kilometr uzoqlikda shu paytda bir vaqtning o‘zida 200ta elektr lampochkasi yonib turardi. Elektr toki simsiz, yer orqali uzatilgandi.
Oxir-oqibat, Kolorado Springsdagi tajribalar mahalliy elektrostantsiyadagi generatorni ishdan chiqardi. Nyu-Yorkka qaytishga to‘g‘ri keldi. 1900 yili Tesla bankir Jon Pirpont Morganning topshirig‘iga binoan Butunjahon simsiz elektrostantsiyasini qurishga kirishdi.
Long-Aylend orolida tepasiga ulkan mis «likop» – uzatgich o‘rnatilgan 57 metrli minora qurildi. Minoraning asosi 36 metr chuqurlikda edi. 1905 yilda ilk sinov amalga oshirildi. «Tesla minglab kilometr uzoqlikdagi osmonni yoritdi» deb yozgandi gazetalar. Simsiz energiya uzatuvchi ikkinchi minorani Tesla Niagara sharsharasiga qurmoqchi edi. Ammo bu loyiha juda katta mablag‘ talab qilardi. Shu tarzda loyiha amalga oshmay qoldi.
Tesla 1893 yilda – Markonidanbir necha yil oldinroq birinchi to‘lqin uzatuvchi radioqurilmani ixtiro qilgan bo‘lsa-da, u Morganga aloqa emas, energiyani simsiz uzatishga ko‘proq qiziqishini aytgandi.
Ammo Morgan buning daromad keltirmasligini o‘ylab, unga ro‘yxushbermadi. Birinchi jahon urushi boshlangach esa, Amerika hukumati minoraning dushmanlar tomonidan foydalanilishi mumkinligidan xavotirlanib, uni portlatib yuborishga qaror qildi. Shu tarzda Teslaning dunyoni simsiz bog‘lash haqidagi orzusi sarobga aylandi.
Shundan so‘ng Tesla patentlarining bir qismini 15 million dollarga sotdi. Puliga esa Nyu-Yorkda o‘z tajribaxonasini qurdi. U yana ixtirolar ustida ishladi, patent ketidan patent oldi.
Uning tajribalari afsonaga aylangan. Hattoki, 1908 yilgi Tungus meteoriti hodisasini ham u bilan bog‘lashadi. Aynan o‘sha hodisa yuz bergan paytda Tesla ulkan miqdordagi energiyani havo orqali uzatish bo‘yicha tajriba o‘tkazayotgan bo‘lgan. Tungus portlashidan bir necha oy ilgari u mashhur sayyoh Robert Pirining Shimoliy qutbdagi ekspeditsiyasi yo‘lini masofadan turib yoritib berishini e’lon qilgandi. AQSh Kongressi kutubxonasida uning Sibirdagi kimsasiz joylarning xaritasini so‘raganligini tasdiqlovchi maktubi saqlanishi Tungus meteoritiga uning aloqasi borligi haqidagi taxminlarni paydo qilgan.
1926 yilda u Valdopf-Astopiya va Nyu-Yorkdagi tajribaxonasiga radiomachta o‘rnatdi. Olim radiomachta orqalinoma’lum signallarni qabul qilardi. Bu signallarning o‘zga sayyoradan kelganini taxmin qilishadi.
1931 yilda Nikola Tesla ommaga sirli avtomobilni namoyish etdi. U qimmatbaho limuzinning dvigatelini olib tashladi va elektromotor o‘rnatdi. So‘ng kapot ichiga kichkinagina quticha o‘rnatdi va motorga uladi. «Endi energiya bor» degan Tesla avtomobilga o‘tirdi va yurgizdi. Avtomobilning tezligi soatiga 150 kilometrga yetdi. Mashinani bir hafta sinashdi. Qutichadagi tok manbai esa tugay demasdi. «Tok qayerdan kelyapti» degan savolga u «Borliqdan» deb javob berardi. Yig‘ilganlar uning afsungar ekanliklarini aytishgach, Tesla jahl bilan qutichani chiqarib oldi va tajribaxonasiga olib ketdi. Bu qutining qanday yasalgani va nima hisobiga ishlagani hozirgacha sirligicha qolmoqda.
Tesla o‘limidan bir oz oldin 400 kilometr masofadan turib 10 mingta samolyotni yo‘q qilishga qodir «ajal nuri»ni ixtiro qilganligini e’lon qildi. Amerikaning DARPA agentligi 1958 yilda uning loyihasi asosida «ajal nuri»ni yaratish ustida ish boshlagan. Ammo 1982 yilda tajribalarning muvaffaqiyatsizligi va yirik mablag‘ sarflanganligi sababli loyiha to‘xtatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |