Faraz va taxminlar
AQSh Okean va atmosfera milliy jamiyati vakillari quyidagi ma’lumotni e’lon qilishgan: “Mazkur g‘oyib bo‘lishlar sababini aniqlashga bo‘lgan AQSh Harbiy havo kuchlari va Harbiy dengiz floti va qirg‘oq qo‘riqlovi xizmatlarining barcha harakatlari hozircha qoniqarli natija bermadi”.
“Iblis uchburchagi” nomli ommabop kitobning muallifi Richard Vayner shunday yozadi: “U yerda afsonaviy, g‘alati hodisalar sodir bo‘ladi. Ular hamisha ham kishilar va asboblarning xatosi, mexanizmlarning buzilishi, ob-havo injiqliklari va magnit anomaliyalari bilan bog‘liq emasligiga men ishonaman”. Noma’lum uchuvchi jism (NUJ)lar bo‘yicha mutaxassis, “G‘oyiblik ostonasi” kitobi muallifi Djon Uollis Spenserning izohi yanada fantastikroq. Uningcha, ummon tubida fazodan kelgan kelgindilar o‘z koloniyalariga asos solishgan. “Mazkur yuksak ongli mavjudotlar, – deb yozadi u, – g‘oyib bo‘lgan kemalar, samolyotlar va ularning ekipaj a’zolaridan o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari uchun foydalanadilar. Albatta, mening farazim haqiqatdan uzoq tuyuladi, ammo bu kabi hodisalar uchun boshqa izoh topib bo‘lmaydi-da”. Bermud uchburchagi masalasiga kelganda, fazoviy kelgindilarni eslovchi nazariyalar tobora ko‘proq uchramoqda. Ko‘pchilikning taxminicha, bu kema va samolyotlarning suvga g‘arq bo‘lganidan ko‘ra NUJlar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani haqiqatga yaqinroq. Ayniqsa, Dengiz ishlari departamenti komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotdan so‘ng NUJlar haqidagi fikrlar tobora ko‘paymoqda. Bir safar g‘oyib bo‘lgan amerikalik bombardimonchilar haqida kimdir: “Ular xuddi Marsga uchib ketgandek, birdan g‘oyib bo‘lishdi” degan edi. Buning ustiga, g‘oyib bo‘lgan beshta samolyotdan birining uchuvchisi qo‘rquv aralash ortidagi boshqa samolyot uchuvchisiga: “Mening izimdan kelma, ularning ko‘rinishi xuddi fazoviy kelgindilarga o‘xshaydi”, deganini bir radiohavaskor eshitib qolgan ekan. Bu xabar Yel universiteti bitiruvchisi Charlz Berlitsni juda qiziqtirib qo‘ydi. U g‘oyib bo‘lgan Atlantida haqidagi afsonalarning ishqibozi edi va Bermud uchburchagining sirini ham o‘sha afsonaviy qit’a bilan bog‘lashga urindi. Berlitsning faraziga ko‘ra, qachonlardir Atlantidada ulkan quyoshsimon kristall bo‘lgan va hozirda u ummon tubiga tushib qolgan. “Mana shu kristall, – deya ta’kidlaydi Berlits, – kemalar va samolyotlarga chalg‘ituvchi signallar yuboradi va ba’zan ularni okean qa’riga tortib ketadi”.
2001 yilda Bermud uchburchagi siri ochilganligi to‘g‘risidagi navbatdagi xabar tarqatildi. Yangi versiyaga ko‘ra, Bermud uchburchagi va boshqa shu kabi joylarda kemalar okean tubidan keluvchi metan pufaklari ta’sirida cho‘kib ketishgan. Suv ostidan ko‘tariluvchi ko‘p miqdordagi pufaklar suvning zichligini pasaytiradi va kema o‘z suzuvchanligini yo‘qotadi.
Montereydagi (Kaliforniya) harbiy-dengiz maktabi tadqiqotchisi Bryus Denardo bu farazni tekshirib ko‘rishga qaror qildi. Bir qarashda, bu taxmin sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi, axir, pufakchalar va ularga ilashgan suv oqimi yuqoriga tomon yo‘naladi va kemani ham yuqoriga itarishi kerak. Buni tekshirish uchun tajribachilar suv yuzida zo‘rg‘a suzadigan (zichligi suvnikidan salgina yuqori bo‘lgan) sharchani suvli idishga solib, pastdan havo pufakchalari yuborishdi. Buni qarangki, sharcha darhol cho‘kib ketdi.
Yaqinda e’lon Shveysariya oliy texnika maktabining fizik olimlari bu sirni ochganlarini e’lon qildilar. Ular okeanda xuddi fazodagi kabi qora tuynuklar borligini ta’kidlashmoqda. Ularning fikricha, shunday tuynuklardan biri mashhur Bermud uchburchagida joylashgan. Dengiz girdoblari va kosmik qora tuynuklar orasidagi o‘xshashlik matematik amallar yordamida topilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, okean yuzasidagi girdoblarni ifodalovchi hisob-kitoblar va fazoviy qora tuynuklardagi bo‘shliq va vaqt og‘ishlarini ifodalovchi hisob-kitoblar matematik nuqtai nazardan hech nimasi bilan farq qilmaydi. Olimlar ushbu hisob- kitoblar yordamida “o‘lik” zonalarga tushgan predmetlar ularda uzoq vaqt qolib ketishi mumkinligini aniqladi. Olib borilgan tahlillar dengizga tushadigan chiqindilar aylanmasi fenomenini aniqlash imkonini berdi. Shuningdek, olimlar Bermud uchburchagining siri ham nafaqat chiqindilar, balki kemalar va samolyotlar ham tushib qoladigan shunday “o‘lik” zonalarda bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |