Arvohlar
Bermud uchburchagi 1840 yildanoq mudhish nom chiqara boshlagandi. O‘shanda Bagam orollari poytaxti – Nassau porti yaqinida fransuzlarning “Rozali” nomli yelkanli kemasi paydo bo‘lib qolgandi. Uning barcha yelkanlari ko‘tarilgandi, hamma asbob-uskunalar soz edi, biroq kema guruhi yo‘q edi. Uni ko‘zdan kechirishganida aniqlandiki, kema ajoyib, soz holatda, hech qanday shikastsiz, yuki ham joyida ekan. Lekin ekipaj qayoqqa g‘oyib bo‘lgan? Kema jurnalida ham, ishning mohiyatiga aniqlik kirituvchi birorta yozuv topilmadi. “Bermud uchburchagi” atamasi qachonlardir dengiz sirlari haqida yozuvchi amerikalik adib Vinsent Gaddis tomonidan o‘ylab chiqilgandi. U shunday yozgan: “Floridadan Bermud orollariga, u yerdan – Puerto-Rikoga va keyin yana Bagam orqali Floridaga xayolan chiziq torting. Kema halokatlarining ko‘pchilik qismi aynan mana shu uchburchakda sodir bo‘ladi”. Reportyorlar ham, ko‘pchilik kemalar halokati yoki g‘oyib bo‘lishini tavsiflashda “Bermud uchburchagi” atamasini qo‘llashga harakat qilganlar. To‘g‘ri, bu hol sirli va xavfli “uchburchak” bilan aloqador ko‘pchilik jumboqlarning yechimini bermaydi. Masalan, Britaniyaning “Atlanta” kemasi 1880 yil yanvarda Bermud orollaridan Angliyaga yo‘l olgan. Uning 290 kishilik ekipajini asosan yosh stajyorlar tashkil etardi. Kema izsiz g‘oyib bo‘lgan, eng sinchkov qidiruvlar ham natija bermadi. Britaniya Harbiy dengiz flotiga qarashli oltita kema, bir-biridan bir mil uzoqlikda suzib, “Atlanta” g‘oyib bo‘lgan hududni tekshirishdi. Qidiruv to‘rt oy davom etdi, ammo hech qanday halokat izlari uchramadi. 1881 yilda esa “Elen Ostin” yuk kemasi Bermud uchburchagi chegarasida “arvoh kema”ga – yelkanlari yoyilgan kichikroq kemaga duch keldi. Bu g‘alati kemachaning bortiga yuk sifatida ko‘p miqdorda qizil daraxt ortilgan, ammo komandadan asar ham yo‘q edi. “Elen Ostin”ning kapitani avvaliga bunaqa omadga ishonolmadi. U tashlab ketilgan bu kemani o‘zinikiga tirkab olishga qaror qilib, unga o‘z odamlarini yubordi. Biroq kutilmaganda kuchli shamol ko‘tarildi. Kemalar bir-biridan ajralishdi va egasiz kema ko‘zdan yo‘qoldi. Ikki kundan so‘ng “Elen Ostin”dagilar o‘sha kemaning dengiz yuzida sokin suzib borayotganini ko‘rishdi. Ikki kun oldin unga yuborilgan matroslar o‘lishgan ekan. Ammo sirli kema jumboqlari bu bilan tugamadi. “Elen Ostin” kapitani, qimmatbaho yukli bu kemani qanday qilib bo‘lmasin qo‘lga kiritishga qattiq ahd qildi. Lekin yana bo‘ron ko‘tarildi va sirli kema, kapitan tomonidan unga yuborilgan kishilar bilan birga yana g‘oyib bo‘ldi. Bu safar u qayta paydo bo‘lmadi. XX asrda bu yerdagi ilk sirli holat – 1918 yilda AQShning “Siklop” kemasining yo‘qolishi bo‘ldi. Uzunligi 500 fut, sig‘imi 19,5 tonna bo‘lgan bu kema 4 martda Karib dengizi bo‘ylab Barbadosdan Norfolk tomon yo‘lga chiqdi. “Siklop” 309 kishidan iborat komandasi va qimmatbaho yuk – marganets rudasi bilan birga yo‘qolganida, uni nemislar minasiga uchragan yoki suvosti kemasi tomonidan yo‘q qilingan, deb o‘ylashdi (Birinchi jahon urushi ketayotgandi). Ammo keyinroq nemislarning harbiy arxivlari tekshirilganda, bu farazni chetga surishga to‘g‘ri keldi. Hujjatlarning tahlili shuni ko‘rsatardiki, “Siklop”ning yo‘lida mina ham, suvosti kemalari ham bo‘lmagan ekan. Kema g‘oyib bo‘lgan kuni ob-havo juda yaxshi, dengiz to‘lqinlari me’yordagidek, shabada yengil edi.
Bularning bari kemaning bo‘ronga uchragan bo‘lishi mumkinligini rad etadi. Harbiy dengiz floti vakillari ham: “Bizning flotimiz tarixida “Siklop”ning g‘oyib bo‘lishi eng sirli jumboqlardan biridir”, deb bayonot berishgan.
Bu kemalar bir-biriga mutlaqo o‘xshamasdi. Ularning yuk miqdori, kattaligi, yasalgan yili turlicha edi. Biroq bari bir-biriga o‘xshash holatlarda yo‘qolishgan: barchasida radioperedatchiklar mavjud bo‘lsa-da, birorta kema radio orqali yordamga chaqiruvchi “SOS” signalini bermagan. Bundan tashqari, ular g‘oyib bo‘lgan vaqtlarda hech qanday bo‘ron ham bo‘lmagan. Bermud uchburchagida olib borilgan eng batafsil qidiruv ishlari ham bu kemalar va ular komandasining g‘oyib bo‘lish sababini izohlab berolmadi. Faqat Yaponiyaning “Rayfuku Maru” yuk kemasi bundan mustasno. U 1924 yilning qishida Bagam va Kuba oralig‘idan turib, qo‘rqinchli xabar yuborgan. Radiogrammaning oxirgi so‘zlari shunday edi: “Xavf tasavvurga sig‘maydigan darajada buyuk… Aftidan… Biz qutulib ketolmaymiz…” Bu qanday xavf ekanini baribir hech kim bilolmadi. Yana ham jumboqlirog‘i, “Rayfuku Maru”ning yordam so‘rab yuborgan chaqiruv chignalini olib, unga ko‘makka borgan boshqa kemadagilar, ko‘rsatilgan hududda hech nima topolmadi: na kema parchalari, na biror jasad yo‘q edi. Bu Bermud uchburchagining navbatdagi qurboni edi… Mana, tinchlik paytidagi hodisa haqida ma’lumot. 1953 yilning 2 fevralida Bermud uchburchagidan sal shimolroqda, bortida 39 nafar ekipaj a’zolari va harbiylar bo‘lgan Angliya harbiy-transport samolyoti havoga ko‘tarilgandi. To‘satdan ular bilan aloqa uzilib qoldi, samolyot belgilangan vaqtda bazaga qaytib kelmadi. Falokat yuz berganligi taxmin qilinayotgan hududda “Vuduord” yuk kemasi hech nima topolmadi: kuchli shamol esar, dengizda sal to‘lqin bor edi. Biroq na yog‘ dog‘lari, na samolyot siniqlari uchramadi. Ellikta kema va samolyot falokatidan iborat bu ro‘yxatning oxirida hozircha “Anita” yuk kemasi turibdi. Ko‘mir ortilgan bu kema 1973 yil mart oyida Norfolk portidan Atlantika okeaniga chiqqan, u Gamburgga yo‘l olgandi. Bermud uchburchagida u bo‘ronga duch kelgan va “SOS” signalini ham yubormasdan cho‘kib ketgan. Oradan bir necha kun o‘tib, dengizdan “Anita” yozuvli bittagina qutqaruv balloni topildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |