Dastlabki qiymat – aktivni xarid qilishda haqiqatda to‘langan pul mablag‘lari yoki uni barpo etishda amalga oshirilgan haqiqiy xarajatlardir. Xarid qilishning haqiqiy qiymati asosiy vositani xarid qilish va uni ishlatish uchun tayyor holga keltirishda qilingan barcha xarajatlarni, ya’ni: xarid narxi, yuridik yig‘imlar va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Tashkilot tekinga olgan asosiy vositalarning dastlabki qiymati ekspert yo‘li bilan bozor narxida baholangan qiymat bo‘yicha tan olinadi. Tekinga olingan asosiy vositani kirim qilingan sanada amal qilgan narx asosida joriy bozor qiymati shakllantiriladi. Amaldagi narx to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham hujjatlar va ekspert yo‘li bilan tasdiqlanishi kerak.
Sotish qiymati asosiy vositalarni bitim paytida manfaatdor taraflar o‘rtasida ayirboshlash mumkin bo‘lgan summa.
Asosiy vositani pulga xarid qilinsa, uning qiymati kontraktda ikkilamchi bozorda faol ishlayotgan shu singari aktivda aniqlangan bozor narxi bo‘yicha ko‘rsatilishi mumkin.
Asosiy vositani xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘zi tomonidan yaratilgan va uni yaratish chiqimlarini aniq belgilash mumkin bo‘lgan hollarda asosiy vosita haqiqiy tannarx bo‘yicha aks ettiriladi.
Ba’zi vaqtlarda asosiy vositalarni qayta baholashga ehtiyoj tug‘iladi. Asosiy vositalarni qayta baholaganda asosiy vositaning butun zanjiri qayta baholanishi kerak. Qayta baholash natijasida asosiy vositaning balans qiymati ko‘paygan holda ushbu ko‘payish avvalgi bahodan oshadigan summada 8510-»Aktivlarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar» schotining kreditida aks ettirilishi lozim.
Qayta baholash natijasida asosiy vositaning balans qiymati kamaygan bo‘lsa, bu kamayish avvalgi bahodan oshadigan summada xarajat sifatida tan olinadi.
Asosiy vositalarning tarkibi, ularning tuzilishini o‘rganish bilan bir qatorda dinamik o‘zgarishlariga ham baho berib boriladi. Dinamik o‘zgarishlar asosida korxonada asosiy vositalarning yillar bo‘yicha mutlaq va nisbiy o‘zgarishlariga baho beriladi.
Quyidagi jadval ma’lumotlari asosida esa korxonaning asosiy vositalari tarkibiga, tuzilishiga va dinamikasiga baho berish mumkin bo‘ladi.
Jadval ma’lumotlariga asoslanib, biz tahlil qilayotgan xo‘jalik subyektida, o‘rganilayotgan davrda o‘tgan yilga nisbatan jami ishlab chiqarishdagi asosiy vositalar hajmi 14122 ming so‘mga ko‘payganligini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur korxonadagi asosiy vositalarning asosiy salmog‘ini yer, bino hamda mashina va jihozlar tashkil etgan. Ushbu asosiy vositalar jami vositalarning 80-85 % ini tashkil qilmoqda. Joriy yilda korxonadagi asosiy vositalardan mashina va jihozlarning qiymati 8774 ming so‘mga, transport vositalarining qiymati 5712 ming so‘mga, uzatish moslamalarining qiymati 969 ming so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, binoning qiymati 860 ming so‘mga, inshoot 54 ming so‘mga va boshqa asosiy vositalar 663 ming so‘mga kamaygan.
109-jadval Xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy vositalari tarkibi, tuzilishi va dinamik o‘zgarishlari tahlili