12.6. Fond qaytimi dinamikasi va unga tashkiliy-texnik omillar ta’siri tahlili Firma, kompaniya va korxonalar asosiy ishlab chiqarish fondlaridan samarali foydalanishi tufayli ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi pasayadi, foyda va rentabelligi oshishiga erishiladi. Mahsulot tannarxining pasayishi, raqobatbardoshligini oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 15-martdagi «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni muhim ahamiyatga ega.
Mazkur farmonga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar ishlab chiqarishga zamonaviy uskunalar muntazam kiritish asosida modernizatsiyalashni ta’minlasa, yangi texnika ishlab chiqarishga joriy etilgan paytdan boshlab quyidagi qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘ladilar:
ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun berilgan kreditlarni qaytarishga, lizing obyektini to‘lashga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdorida uch yil mobaynida foydadan olinadigan soliq bazasi tegishli hisobot davri uchun hisoblangan amortizatsiya mablag‘lari foydalanish sharti bilan kamaytiriladi;
ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi texnologik jihozlar besh yil muddatga mulk solig‘idan ozod etiladi;
soliqqa tortishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladigan ishlab chiqarish mikrofirmalari va kichik korxonalari uchun besh yil davomida yagona soliq to‘lovi to‘lashda soliqqa tortiladigan bazani xarid qilingan yangi tovar-moddiy zaxiralar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan bojxona to‘lovlarini to‘lashda imtiyozlardan foydalaniladi.
Asosiy ishlab chiqarish fondlaridan samarali foydalanish quyidagi ko‘rsatkichlar tizimi orqali ifodalanadi. – umumiy ko‘rsatkichlar; – yakka ko‘rsatkichlar.
Umumiy ko‘rsatkichlar qatoriga quyidagilar kiradi:
fond rentabelligi;
fond qaytimi;
fond sig‘imi;
asosiy ishlab chiqarish fondlaridan nisbiy iqtisod.
Yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlarni kompleks tahlil etishda ko‘rsatkichlar dinamikasi, rejasining bajarilishi, raqobatdagi korxonalar ma’lumotlari bilan taqqoslash orqali asosiy ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish ko‘rsatkichlariga baho beriladi. Bozor munosabatlari sharoitida asosiy ishlab chiqarish fondlarini har so‘miga to‘g‘ri keladigan foyda miqdori (fond rentabelligi) muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy faoliyatdan ko‘rilgan foyda
Fond rentabelligi =
Asosiy ishlab chiqarish fondlarinining o‘rtacha yillik qiymati