Ichki nazorat xizmati tashkilot yoki muassasaning ichida tashkil qilinsa, tashqi tekshiruv xizmati tekshirilayotgan muassasaning tashkiliy tarkibiy qismi hisoblanmaydi. Oliy nazorat organi tashqi nazorat organi hisoblanadi. Ichki nazorat xizmati qaysi tashkilotda tashkil etilgan bo’lsa, o’sha idora rahbariga bo’ysunishi kerak. Ba’zida, u tashkiliy struktura tarkibida funksional va tashkiliy jihatidan mustaqil bo’lishi mumkin. Oliy nazorat organi tashqi tekshiruv xizmati sifatida ichki nazorat tizmini samaradorligini tekshiradi. Agar ichki nazorat xizmati samarali deb baholansa, ichki nazorat xizmati va oliy nazorat organi o’rtasida vazifalarni taqsimlash va hamkorlik qilish uchun oliy nazorat organi qolgan tekshiruvlarni o’tkazmasligi mumkin.
11. Byudjet tashkilotlarini smetali moliyalashtirish tartibi va nazorati.
Byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetasi - tashkilotlar tomonidan joriy moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan hujjat bo’lib, unda tashkilotlar uchun xarajatlar moddalari bo’yicha ko’zda tutilgan byudjetdan ajratilgan mablag’lar (xarajatlar rejasi) aks ettiriladi.
Sog’liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy ta’minot muassasalari, davlat hokimiyati va davlat boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qilish organlari va ayrim boshqa muassasalar va tashkilotlar smeta tartibida moliyalanadi.
Xarajatlar smetasi asosida moliyalashning muhim tamoyili byudjet tashkilotlari tomonidan tarmoq, shtat va kontingent bo’yicha rejani bajarish darajasi hamda ilgari berilgan mablag’larning amaldagi foydalanilishi hisobga olingan holda ularga mablag’lar berilishi hisoblanadi.
Yuridik shaxs maqomiga ega bo’lgan va xarajatlarni qoplash byudjetdan ajratilgan mablag’lardan tashqari boshqa daromad manbalari mavjud bo’lgan tashkilotlar ham byudjetdan tashqari mablag’lar bo’yicha smetalarni tuzadilar.
Byudjetdan tashqari mablag’lar bo’yicha smeta - tashkilotlar tomonidan joriy moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan hujjat bo’lib, unda tashkil bo’lish manbalari va ushbu mablag’larning qonunchilikka muvofiq foydalanish yo’nalishlari ko’rsatilgan holda byudjetdan tashqari daromadlar tushumlarining prognoz hajmlari aks ettiriladi.12
Davlat byudjeti xarajatlarining iqtisodiy tayinlanishi va to’lovlarni aniq turlarini ifodalaydigan qismi xarajatlar moddasidir.
Vaqtinchalik xarajatlar smetasi - tashkilotlarning xarajatlar smetasi tasdiqlangunga va ro’yxatdan o’tkazilgunga qadar amal qiluvchi hujjat bo’lib, unda byudjet tashkilotlari uchun ko’zda tutilgan, qonunchilikka o’zgartirishlarni hisobga olgan holda, har oyda avvalgi moliya yilining oxirgi choragidagi byudjetdan ajratiladigan mablag’larning uchdan bir qismidan ortiq bo’lmagan miqdorlardagi byudjetdan ajratilgan mablag’lar (xarajatlar rejasi) aks ettiriladi.
Byudjet tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan byudjet hisobidan moliyalash normativlariga asosan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, hamda ularni qonunchilikda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazish uchun O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yoki uning hududiy moliya organlariga taqdim etadi.
Byudjet tashkilotlarini Davlat byudjeti hisobidan yangi tartibda moliyalash faoliyat yo’nalishi turlariga qarab, normativlar bo’yicha xarajatlarning guruhlari bo’yicha bir satrda moliyalash usuli bilan amalga oshiriladi
Amaldagi qonunchilikka muvofiq birinchi navbatda byudjet tashkilotlarining I va II guruhlar bo’yicha xarajatlari moliyalanadi. Bunda I guruh xarajatlarini, II guruh bo’yicha tegishli mablag’larni ajratmasdan turib, amalga oshirish taqiqlanadi.
I guruh harajatlari
|
Ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to’lovlar (bolali oilalarga beriladigan nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga - moddiy yordam, stipendiyalar va b.);
|
II guruh harajatlari
|
Ish haqiga hisoblab, yoziladigan xarajatlar
|
III guruh harajatlari
|
Kapital qo’yilmalar (Davlat investision dasturida ko’zda tutilgan adres ro’yxatlarga muvofiq);
|
IV guruh harajatlari
|
Boshqa xarajatlar.
|
3-rasm.Xarajat guruhlari
Respublika va mahalliy byudjetlardanI va II guruhlar bo’yicha xarajatlarni moliyalash har oyda smetalar va xarajatlar ro’yxatiga muvofiq ravishda, ularga kiritilgan o’zgartirishlar hisobga olingan holda, amalga oshiriladi. Ayni vaqtda oldingi hisobot yili uchun belgilangan baholash ko’rsatkichlarining bajarilishi ham hisobga olinadi
III guruh xarajatlarini moliyalash byudjet tashkilotlari tomonidan joriy moliya yili uchun Respublika investision dasturida belgilangan limitlar doirasida amalga oshiriladi.
IV guruh “Boshqa xarajatlar” bo’yicha belgilangan limitlar doirasida ajratilgan moliyaviy mablag’larni xarajat qilish quyidagi navbatga rioya etilgan holda amalga oshiriladi: 1) ovqatlanish; 2) dori-darmonlar; 3) kommunal xizmatlar; 4) boshqa xarajatlar.
Byudjet tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yoki uning hududiy moliya tashkilotlari bilan kelishuv bo’yicha IV guruh mablag’lari hisobidan mavsumiy va shoshilinch tadbirlar (birinchi sinf o’quvchilari uchun maktabga kerak narsalar, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun qishki kiyim sotib olish, epidemiyaga qarshi, dezinfeksion va boshqa tadbirlar)ni moliyalash uchun operativ xarajatlar qilishi mumkin.
Yuqorida qayd etilganidek, byudjet tashkilotlarini yangi tartibga muvofiq davlat byudjeti mablag’lari hisobidan moliyalash ijtimoiy soha tashkilotlari bo’yicha byudjetdan moliyalashning har yilgi bazaviy normativlariga asosan amalga oshiriladi, ularni ishlab chiqish, tasdiqlash va qo’llanish tartibi maxsus me’yoriy hujjatda nazarda tutilgan. Bunday normativlarni belgilashdan maqsad quyidagilardan iborat:
kontingent birligini saqlash uchun asossiz ravishda hisoblangan katta xarajatlarga ega bo’lgan hududlar va tashkilotlar bo’yicha nomutanosiblikni tenglashtirish;
mavjud kontingentni saqlash uchun asossiz ravishda hisoblangan katta xarajatlarga ega bo’lgan tashkilotlarni normativlarga qiyoslab, qonunchilikda belgilangan tartibda ularni qayta tashkil etish yoki tugatish maqsadida aniqlash;
byudjetdan moliyalashni faoliyat turi bo’yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va realizasiya qilish, byudjet tashkilotlari tomonidan chetdagi tashkilotlarga vaqtincha foydalanilmaydigan xonalar va boshqa davlat mulkini ijaraga berish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan byudjet tashkilotlariga ko’rsatiladigan homiylik (beg’raz) yordami hisobidan byudjet tashkilotlarini moliyalashning boshqa manbalari bilan birgalikda olib borish.
Normativlar tegishli moliya yili uchun ishlab chiqilib, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyrug’i bilan tasdiqlanadi va mintaqaviy moliya tashkilotlari, shuningdek ijtimoiy soha tashkilotlariga ega bo’lgan vazirliklar, idoralarga yetkazib beriladi.
Tuman, shahar, shaharga qarashli tumanlar byudjetlari hisobida bo’lgan va markazlashtirilgan buxgalteriyalar tomonidan xizmat ko’rsatiladigan tashkilotlar bo’yicha ayrim hollarda xarajatlarning jamlanma smetalari (umuman byudjet tasnifining tegishli paragrafi bo’yicha) tuzilishi mumkin. Ular quyidagi tashkilotlar xarajatlari uchun tuziladi:
a) bir turdagi kichik byudjet tashkilotlari (veterinariya uchastkalari va punktlari, qishloq klublari, kutubxonalar, feldsherlik-akusherlik punktlari va boshqa kichik tashkilotlar);
b) bir turdagi yirik byudjet tashkilotlariga – ularga xo’jalik xizmati ko’rsatish xo’jalik xizmati ko’rsatishning maxsus guruhlari orqali markazlashtirilgan ravishda amalga oshirilayotgan bo’lsa;
v) tegishli hokimiyatlar va ularning bo’limlari apparatini saqlash bo’yicha xarajatlar.
Hisobot choragining oxirgi ish kuni oxirida byudjet tashkilotlarining hisobvaraqlarida qolgan tejab qolingan (foydalanilmagan) byudjet mablag’lari (kapital qo’yilmalarni mablag’ bilan ta’minlash uchun nazarda tutilgan mablag’lar bundan mustasno) olib qo’yilmaydi, Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamg’armasiga o’tkaziladi va belgilangan tartibda sarflanadi.
Byudjet tashkilotlarini kelgusi chorakda mablag’ bilan ta’minlash hajmi hisobot choragida tejab qolingan (foydalanilmagan) byudjet mablag’lari summasiga kamaytirilmaydi.
Xarajatlar smetasi bo’yicha xarajatlarni hisoblab chiqish mablag’larga bo’lgan ehtiyojga muvofiq iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ko’rsatkichlarini va iqtisod qilishning qat’iy tartibini amalga oshirishni hisobga olgan holda amalga oshirilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |