KORXONALARNING MOLIYAVIY HOLATINI REYTING BAHOLASHNING ZARURIYATI, TAHLIL MAQSADI, MAZMUNI VA VAZIFALARI.
Reyting so‘zi amaliyotga ingliz tilidagi “rating” so‘zidan kirib kelgan bo‘lib, “baholash, baho qo‘yish” ma’nosini anglatadi. Umumiy mazmunda reytingni ikki xil mazmunda mashhurlik va liderlik ma’nosida ishlatish mumkin. Mashhurlik, liderlik faqat subyektlargagina emas, balki korxonalarga, hududlarga va davlatlarga ham xos tushunchalardir.
Masalan, har yili turli xalqaro tashkilotlar, fondlar, institutlar ekspertlar guruhi tomonidan 100 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha alohida subyektlar, korxonalar va davlatlarning reytingi e’lon qilinmoqda. Ular qatoriga BMT, Jahon banki, turli jamoat tashkilotlarini, mashhur reyting agentliklarini kiritish mumkin.
“Mudis” xalqaro reyting agentligi, “Fitch Ratings” xalqaro reyting
agentligi; “Standard & Poor's”, “Forbes” va h.k. reyting agentliklar eng
mashhur reyting agentliklari hisoblanadi.
Jumladan, “Moody's” va “Standard & Poor's”larning har biri jahon
bozori reytingini 40 % ini nazorat qiladilar.
Jumladan, makro ko‘lamda davlatlarning reytingini aniqlash
yuzasidan har yili turli ko‘rsatkichlar tizimi bo‘yicha baholashlar amalga
oshirilmoqda va natijalari e’lon qilinmoqda.
- ijtimoiy rivojlanish darajalarini o‘zida aks ettiruvchi; (baxtli hayot
indeksi, inson rivojlanish indeksi, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi,
aholining o‘sish darajasi, insonlarning baxtlilik darajasi, ijtimoiy
rivojlanish darajasi, ta’lim darajasi, meditsina xizmatini ko‘rsatish
darajasi, ekologik samaradorlik, yashash uchun eng qulay imkoniyatlar
darajasini aks ettiruvchi);
- iqtisodiy rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi (YaIM darajasi,
aholi jon boshiga YaMM darajasi, biznes yuritishga qulay shartsharoitlarning yaratilishi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi,
oziq-ovqat xavfsizligi darajasini aks ettiruvchi);
- siyosiy rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi (tinchliksevarlik,
qonun ustuvorligi, terrorizm xavfining yo‘qligi darajasini aks ettiruvchi);
- ilmiy texnikaviy rivojlanish darajasini aks ettiruvchi (ilmiy
tadqiqot faolligi, patentlar olish, innovatsion rivojlanish darajalarini aks
ettiruvchi);
- axborot kommunikatsion rivojlanish darajalarini aks ettiruvchi
(elektron hukumatning rivojlanishi, internet tizimining joriy etilishi va
uning tezligi, mobil aloqa tizimidan foydalanish darajalarini aks
ettiruvchi);
O‘zbekiston dunyo davlatlari qatorida, biznes yuritishga yaratilgan
shart-sharoitlar bo‘yicha, qonun ustuvorligi bo‘yicha, oziq-ovqat
xavfsizligi bo‘yicha, patentlar olish darajasi bo‘yicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri
xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turadi.
Jumladan, Jahon banki hamda uning bo‘linmasi bo‘lgan Xalqaro
moliya korporatsiyasi “Biznesni yuritish” hisoboti (Doing Business-
2016-2017) natijalariga ko‘ra O‘zbekiston, biznesni yuritishga qulay
imkoniyatlarning yaratilishi bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori o‘sish
darajalariga erishayotgan, TOP-10 talik davlatlar qatoriga kiritilgan. Bu
bevosita korxonalarning, iqtisodning ham rivoj topayotganligidan
dalolat beradi.
“Biznesni yuritish”ga qulay shart-sharoitlarning yaratilishi bo‘yicha,
tadqiqot natijalarida 10 ta muhim ko‘rsatkich, indikator sifatida tanlab
olingan. Ushbu ko‘rsatkichlarga quyidagilar kiritiladi: korxonaning
ruyxatga olinishi; qurilishga ruxsatnoma berilishi; energiya ta’minotiga
ulanish darajasi; mulkga huquqni ro‘yxatga olinishi; kredit olish;
minoritar investorlar himoyasi; soliqqa tortish darajasi; xalqaro savdo;
shartnoma majburiyatlarini bajarilishi; to‘lovga noqobillikka ruxsat
berilishi darajasi.
Bugungi kunda reyting amaliyotidan oliy ta’lim muassasalarida
talabalar bilimini baholashda, banklar reytingini chiqarishda,
aktsionerlik jamiyatlarida, auditorlik tashkilotlari, sug‘urta agentliklari
reytingini aniqlashda keng foydalanib kelinmoqda.
Reyting baholash korxonalar o‘rtasida turli belgilar bo‘yicha amalga
oshirilishi mumkin. Masalan, aktivlar hajmi bo‘yicha, tushum, foyda
hajmi bo‘yicha, eksport hajmi va ishlovchilar soni bo‘yicha va h.k.
Lekin korxonalar iqtisodiy va moliyaviy salohiyatida ushbu
ko‘rsatkichlarning barchasi qamrab olinganligi sababli ularning
moliyaviy holatini reyting baholash amaliyotidan keng foydalaniladi.
Korxonalar moliyaviy holatini reyting baholashning juda ko‘p
metodik ishlanmalari tuzib chiqilgan. Albatta bu tabiiy xol. Negaki,
barcha soha va bo‘g‘inlarning o‘ziga xos xususiyatlari mavjudki, ular
uchun yagona normani belgilash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Korxonalar
moliyaviy holatini baholashda qiymat, miqdor va boshqa birliklarni
ajratish qiyin bo‘lganligi sababli ularni yagona bitta jihatga keltiruvchi
nisbiy ifodalar asosida tasniflash mumkin bo‘lgan koeffitsiyentlar
usulidan keng foydalanish mumkin.
Moliyaviy koeffitsiyentlar asosida moliyaviy holatning reyting
bahosini aniqlash va uning natijalarini qiyosiy o‘rganish asosida nimaga
erishish mumkin?
Bu jarayon birinchi navbatda hech bir tahlil turi beraolmaydigan
natijani bilishga va undan korxonaning taktik va strategik boshqarishda
foydalanish uchun zarur. Shu bilan birgalikda uning natijalari faqat ichki
boshqaruv xodimlari uchungina emas balki ko‘proq tashqi
qiziquvchilarning keng doirasi uchun ham ahamiyatlidir.
Reyting baholash korxonalarning reyting baholash mezonlari
bo‘yicha bir-biriga nisbatan ustunligini belgilab beruvchi va o‘sib
boruvchi yoki kamayib ketuvchi tarkibda ularning joylashgan o‘rnini
ko‘rsatib beruvchi tartiblashdir. Bu baholash bir tizimga kiruvchi
korxonalarning bo‘limlari o‘rtasida, alohida olingan korxonalar o‘rtasida
ham amalga oshirilishi mumkin.
Bu borada albatta reyting bahosini aniqlashning etalon birliklari
tanlab olinishi lozim.
Moliyaviy holatni reyting baholashda eng muhim manba uning
axborot ta’minoti masalasidir. Bunday axborot manbalari sifatida
moliyaviy hisobotlar, statistik hisobotlar, soliq va bojxona hisobotlari va
boshqa hisobot ma’lumotlari olinishi mumkin.
Reyting baholashlar mutlaq ko‘rsatkichlar orqali ham nisbiy
ko‘rsatkichlarini jamlash orqali ham aniqlanishi mumkin.
Mutlaq ko‘rsatkichlar sifatida ko‘pincha mahsulot (ish va xizmat)lar
hajmi, sotish hajmi, sof foyda, aktivlar hajmi, xarajatlar sarfi
ko‘rsatkichlari olinadi. Ushbu ko‘rsatkichlarni jamlash, ranjirlash,
ketma-ketlikda tuzib chiqish korxonalarning reyting bahosini
chiqarishning umumbelgilangan tartib taomillari asosida amalga
oshiriladi.
Bu holatlar turli faoliyat sohasiga tegishli bo‘lgan korxonalarni,
ishlar mazmuni turlicha bo‘lgan korxonalarni taqqoslash imkonini
bermaydi. Shu sababli ham ko‘pincha nisbiy ifodalar asosida
aniqlanadigan, moliyaviy manbalari bir xil qoidalarda tuziladigan
moliyaviy holatning koeffitsiyentlardagi ko‘rsatkichlaridan foydalangan
holda reyting bahosini chiqarish tartiblaridan foydalaniladi.
Bunday ko‘rsatkichlar qatoriga korxonaning to‘lov layoqati, ish
aktivligi, bozor aktivligi, mablag‘lar aylanuvchanligi, kapital tarkibini
ifoda etuvchi moliyaviy koeffitsiyentlari kiritiladi.
Bitta ko‘rsatkich yoki belgi bo‘yicha korxonalarning ranjirlash va
ularning liderlik va mashhurlik o‘rnini belgilash qiyin jarayon. Negaki,
bitta ko‘rsatkichning ta’sir birliklari ikkinchi ko‘rsatkichning ta’sir
birliklari hisoblanmaydi. Ya’ni bitta ko‘rsatkich bo‘yicha yaxshi natija
ikkinchi ko‘rsatkich bo‘yicha yomon natijani umumiy baholashda
hisobga olinmasligiga olib keladi. Shu bilan birgalikda bir necha
ko‘rsatkichlar bo‘yicha ranjirlash qator qiyinchiliklar tug‘diradi.
Bu ta’sir birliklarini barchasini hisobga olish yuzasidan odatda
matematik usullardan foydalaniladi. Ular qatorida eng mashhurlari va
ommaviylashganlari taksometrik modellash, summalarni jamlash usuli,
etalon usuli, kenglikni belgilash, omadli raqobatchini belgilash va
boshqa usullar hisoblanadi.
Moliyaviy holatni reyting baholash maqsadi korxonalar moliyaviy
holatini kompleks ko‘rsatkichlari tizimida mutlaq va nisbiy ifodalarda,
oshkor etiladigan ma’lumotlar bazasiga tayangan holda davriy o‘rganish
hamda ranjirlash orqali tarmoq, soha va xudud bo‘yicha o‘rnini
belgilashdan iborat.
Moliyaviy holat bo‘yicha reytingni aniqlash quyidagi bosqichlarda
amalga oshiriladi:
1. Ranjirlash amalga oshiriladigan ko‘rsatkichlar tizimini tanlash.
Moliyaviy hisobot shakllari asosida aniqlanadigan va korxonaning turli
faoliyat natijaviyliklarni aks ettiruvchi bunday ko‘rsatkichlar qatoriga
quyidagilarni kiritish mumkin: mulkiy holatni baholash imkonini
beruvchi koeffitsiyentlar; likvidlik ko‘rsatkichlari, ish aktivligi,
rentabellik ko‘rsatkichlari, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari.
2. Reyting baholash yuzasidan iqtisodiy birliklarni tanlab olish.
Agar korxonalarning soha va tarmoq bo‘yicha reytingi aniqlash tahlil
maqsadi qilib belgilangan bo‘lsa, bitta tarmoqqa va soha tegishli bo‘lgan
turdosh korxonalargina tanlab olinadi.
Agar hudud va davlat bo‘yicha korxonalar reytingini aniqlash talab
etiladigan bo‘lsa, bunda bir-biriga to‘la mos tushuvchi metodik
yondashuvlardan foydalaniladi va bu jarayon bir qadar qiyin jarayon
hisoblanadi. Bunda ko‘pincha ularni ish hajmi bo‘yicha joylashuviga
muhim ahamiyat qaratiladi.Tanlov doirasi qanchalik kengayib borsa,
ranjirlash va reytingni aniqlash qiyinlasha boradi.
3. Koeffitsientlarni tanlash. Koeffitsientlar barcha korxonalarda bir
xil metodik asosda hisob-kitob qilinadi va ularning taqqoslash
shartlariga to‘la amal etish lozim. Shuningdek ko‘rsatkichlarning
faoliyat va tarmoq turlari bo‘yicha muhimlik darajasiga ham alohida
ahamiyat qaratish va ularning muhimlik darajasiga ahamiyat qaratish
zarur.
Masalan, savdo korxonasida ish aktivligini baholashda tovar oborot
ko‘rsatkichi, xizmat ko‘rsatuvchi bo‘g‘in uchun rentabellik ko‘rsatkichi
muhimligi kabi.
4. Tanlangan usullar asosida reyting baholashni amalga oshirish.
Moliyaviy holatni reyting baholash oldiga qo‘yiladigan vazifalar
quyidagilardan iborat:
1. Analitik balans ma’lumotlari asosida korxonaning umumiy
moliyaviy holatini baholash;
2. Qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligini moliyaviy
leviridj asosida baholash;
3. Korxona moliyaviy barqarorligini mutlaq ko‘rsatkichlarda tahlil
etish;
4. Moliyaviy koeffitsiyentlarni aniqlash va tahlil etish;
5. Moliyaviy natijalarni tahlil qilish;
6. Xulosa va takliflar tayyorlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |