Nomoddiy aktivlar kirimini hisobga olish
Nomoddiy aktivlarni buxgalteriya hisobida hisobga olish uchun quyidagi hisobvaraqlar ochilgan:
0410 - «Patentlar, nou-xau va litsenziyalar»
0420 - «Savdo markalari, tovar belgilari va sanoat namunalari» 0430 - «Dasturiy ta’minot»
0440 - «Er va tabiat resurslaridan foydalanish huquqi» 0450 - «Tashkiliy xarajatlar»
0460 - «Franshizalar»
0470 - «Mualliflik huquqlari» 0480 - «Gudvill»
0490 - «Boshqa nomoddiy aktivlar».
Nomoddiy aktivlarning kirim qilinishi quyidagi ko’rinishlarda bo’ladi:
Korxona tomonidan yaratilishi;
Boshqa korxonalardan sotib olish;
Tekinga olish;
Nomoddiy aktivni muassislar tomonidan korxonaning ustav kapitaliga ularning ulushi tarzida yoki aktsiyalarning haqini to’lash hisobiga kiritish.
Nomoddiy aktivlarni kirim qilishda quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi:
Nomoddiy aktivlar korxona tomonidan yaratilganida - nomoddiy aktivni barpo etish to’g’risidagi shartnoma; korxona rahbarining barpo etilgan ob’ekt to’g’risidagi hujjatlarga maxfiylik maqomini berish va bu hujjatlardan foydalanuvchilar doirasini cheklab qo’yish yo’li bilan ob’ektni nou-xau sifatida xizmat yoki tijorat siri rejimini ta’minlash to’g’risidagi muhofaza hujjati; ob’ektni barpo etishga ketgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar; ob’ektni kirim qilib olish to’g’risidagi dalolatnoma va baholash dalolatnomasi;
Pulga sotib olingan taqdirda - huquqlar berilganligi to’g’risidagi shartnoma, amalga oshirilgan to’lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar, qabul qilib olish dalolatnomasi;
Tekinga olingan taqdirda - huquqlar berilganligi to’g’risidagi shartnoma, qabul qilib olish dalolatnomasi va baholash dalolatnomasi;
Nomoddiy aktivni muassislar tomonidan korxonaning ustav fondiga ularning ulushi tarzida yoki aktsiyalarning haqini to’lash hisobiga kiritilganida - ta’sis hujjatlari, qabul qilib olish dalolatnomasi va baholash dalolatnomasi.
Tegishli shartnomalar asosida korxona mutaxassislari va chetdan jalb etilgan mutaxassislar kuchi bilan barpo etilgan nomoddiy aktivlar ob’ektlari 0830-«Nomoddiy aktivlarni sotib olish» hisobvarag’ining krediti bilan korrespondentsiyada 0410-0490-hisobvaraqlar debeti bo’yicha haqiqiy tannarxiga qarab nomoddiy aktivlar sifatida kirim qilinadi.
Boshqa korxona va shaxslardan sotib olingan nomoddiy aktivlar 0830-«Nomoddiy aktivlarni sotib olish» hisobvarag’ining krediti bilan korrespondentsiyada 0410-0490-hisobvaraqlar debeti bo’yicha kirim qilinadi.
Misol. «Bobur» hissadorlik jamiyati 2001 yil sentyabr oyida qiymati 500000 so’mlik dasturiy ta’minotni o’zga tashkilotdan sotib oldi va uni balansga qabul qilib oldi. Ushbu muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
Nomoddiy aktiv xarid qilindi:
D-t 0830-«Nomoddiy aktivlarni sotib olish» - 500000 so’m K-t 6990-«Boshqa majburiyatlar» - 500000 so’m.
Nomoddiy aktiv balansga qabul qilindi:
D-t 0430-«Dasturiy ta’minot» - 500000 so’m
K-t 0830-«Nomoddiy aktivlarni sotib olish» -500000 so’m.
Boshqa korxona yoki jismoniy shaxslardan tekinga, shuningdek, hukumat organlarining subsidiyasi sifatida olingan nomoddiy aktivlar 8530-«Tekinga olingan mol-mulk» hisobvarag’i bilan korrespondentsiyada 0410-0490-hisobvaraqlar debeti bo’yicha kirim qilingan sanada ekspert yo’li bilan, bozor qiymati bo’yicha belgilangan bahoda aks ettiriladi.
Ta’sischilar ustav fondiga ulush sifatida kiritgan yoki aktsiyalar haqini to’lash hisobiga bergan nomoddiy aktivlarni kirim qilish 4610-«Muassislarning ustav sarmoyasiga ulushlar bo’yicha qarzlari» hisobvarag’i krediti hamda 0410-0490-hisobvaraqlar debetida aks ettiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |