6-bob. Sertifikatni rasmiylashtirish va berish tartibi 36. Malaka imtihoni natijalari komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga topshiriladi.
37. Sertifikat malaka imtihonida qatnashish uchun ariza topshirilgan auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladi.
38. Sertifikat mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi. Sertifikat auditorlarning respublika jamoat birlashmasining rasmiy qisqartirilgan nomidan keyin oraliq bo‘shliqlarsiz (X...X 000000 ko‘rinishida) ketma-ketlikda raqamlanadi.
39. Sertifikat auditorlar respublika jamoat birlashmasining QR — kodi (matrik shtrixli kodi) qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi va u ichki auditorlar reyestriga kiritiladi.
40. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari belgilangan tartibda berilgan va qayta rasmiylashtirilgan sertifikatlar hisobini yuritadi.
41. Sertifikat malaka imtihoni komissiyasining bayonnomalari olinganidan keyin uch kun ichida rasmiylashtiriladi va sertifikat egasiga beriladi.
42. Sertifikat dastlab besh yillik muddatga talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga javob beradigan talabgorlarga malaka imtihoni topshirilmasdan beriladi.
7-bob. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish tartibi 43. Sertifikatning amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, biroq sertifikatning amal qilish muddati tugashidan olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda, auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
sertifikatning asl nusxasi;
har yili malaka oshirish kurslaridan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro sertifikat yoki auditor malaka sertifikati nusxasi yoxud buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda);
mehnat daftarchasi nusxasi (o‘rindoshlik asosida ichki auditor ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan bo‘lishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma;
arizani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatining nusxasi.
44. Dastlabki besh yillik muddat tugagandan so‘ng sertifikatning amal qilish muddatini navbatdagi o‘n yilga uzaytirish malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud talabgor mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga javob berganda malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshiriladi.
Sertifikatni keyingi muddatsiz davrga uzaytirish talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud u mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga mos bo‘lganda malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshiriladi.
45. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun hujjatlar mazkur Nizomning 43-bandiga muvofiq taqdim etilganda, sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza taqdim etilgan sanadan boshlab sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan sanagacha bo‘lgan vaqt oralig‘i ichki auditor sifatida uzluksiz ish stajini hisoblashda inobatga olinadi.
Ichki auditor lavozimiga tayinlashlar oralig‘idagi vaqt bir oydan oshmagan bo‘lsa, ushbu davr ichki auditor sifatidagi uzluksiz ish stajini aniqlashda uzilish deb hisoblanmaydi.
46. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish mazkur Nizomning 43 — 45-bandlaridagi me’yorlarga rioya etilganda amalga oshiriladi.
Sertifikatning amal qilish muddati sertifikatda ko‘rsatilgan amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uzaytiriladi.
47. Talabgor sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonidan o‘ta olmagan taqdirda, sertifikatni qaytadan berish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
Agarda talabgor, mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinganidan so‘ng, sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirishga kelmasa, sertifikatning amal qilish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan hujjatlar (sertifikatning asl nusxasidan tashqari) qaytariladi. Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarib berilmaydi.
48. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish ilgari berilgan sertifikatga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.
Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun unda ajratilgan tegishli rekvizitlar to‘lgan bo‘lsa, ilgari berilgan raqam bilan yangi sertifikat beriladi. Yangi sertifikatning pastki o‘ng burchagiga ilgari berilgan sertifikat haqidagi axborotlar yozib qo‘yiladi.
49. Sertifikat egasining familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgargan taqdirda, u tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan so‘ng bir oy ichida sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklda sertifikatni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan sertifikatning asl nusxasi bilan birga ikkita fotosurat (3 x 4 hajmdagi) va tegishli o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.
Sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
50. Sertifikat ariza topshirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida ilgari berilgan sertifikat raqami va amal qilish muddati bilan qayta rasmiylashtiriladi.