2-bob. Talabgorga qo‘yiladigan malaka talablari 10. Sertifikat olishga talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) oliy ma’lumotga hamda oliy ta’lim muassasasini bitirganidan keyin oxirgi o‘n yildan kamida ikki yil buxgalteriya hisobi va audit, soliq maslahati va moliya sohasida yoki oliy ta’lim muassasalarida “Buxgalteriya hisobi” yoxud “Audit” fanidan ta’lim berish sohasida amaliy ish stajiga (shu jumladan, o‘rindoshlik asosida);
b) xalqaro sertifikat doirasida “Moliyaviy hisob” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lish.
Iqtisodiy ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy darajasi bo‘lgan yoki “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” ixtisosliklari bo‘yicha magistr diplomiga ega bo‘lgan talabgor uchun amaliy ish staji talab etilmaydi.
11. Talabgor quyidagilardan biriga ega bo‘lgan taqdirda sertifikatni berish va uning amal qilish muddatini uzaytirish malaka imtihoni topshirilmasdan amalga oshiriladi:
auditor malaka sertifikati (ariza berilgan sanada auditor malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashiga kamida 6 oy vaqt qolgan bo‘lsa) mavjud bo‘lsa;
xalqaro sertifikati (bunda olingan yildan keyingi yildan boshlab, belgilangan davriylikda xalqaro sertifikat doirasida malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat) mavjud bo‘lsa;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa;
kamida o‘n yil uzluksiz ichki auditor ish staji mavjud bo‘lsa.
3-bob. Sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati 12. Sertifikat olish uchun talabgor auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilingan holda taqdim etadi:
pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi nusxasi;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning yoki ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatning yoxud xorijiy mamlakatlarda olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqidagi vakolatli davlat organi tomonidan berilgan guvohnoma nusxasi;
mehnat daftarchasi nusxasi (o‘rindoshlik asosida ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan bo‘lishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma;
xalqaro sertifikat doirasida “Moliyaviy hisob” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (bundan mazkur Nizomning 11-bandida qayd etilgan talabgorlar mustasno);
ikki dona fotosurat (3 x 4 sm o‘lchamda);
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro sertifikat yoki auditor malaka sertifikati nusxasi yoxud buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash dasturi doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda);
arizani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatining nusxasi.
13. Talabgordan mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Mazkur Nizomning 12-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali taqdim etiladi.