5-bob. Sertifikat olish uchun malaka imtihonini topshirish tartibi 21. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari malaka imtihonini o‘tkazish maqsadida:
talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi;
malaka imtihonini o‘tkazish uchun jihozlangan xonani zaruriy texnika vositalari bilan ta’minlaydi;
malaka imtihonini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar va materiallar saqlanishini ta’minlaydi;
malaka imtihonini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
22. Talabgorlar malaka imtihoniga pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida kiritiladi. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan yoki malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar imtihonga kelmagan deb hisoblanadi va ular navbatdagi imtihon topshirishga ruxsat beriladigan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi.
23. Agarda talabgor respublika jamoat birlashmalariga hujjatlarni topshirgan sanadan keyin ikki marotaba malaka imtihonini topshirishga kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarib berilmaydi.
24. Malaka imtihoni test sinovi usulida axborot-texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkaziladi.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun uch soat vaqt beriladi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga tushiriladi.
25. Test sinovi quyidagi bo‘limlar bo‘yicha 60 ta savoldan iborat bo‘ladi:
korporativ moliya;
boshqaruv hisobi;
ichki audit;
soliqqa tortish va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish.
26. Test savollarini shakllantirish tartibi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang. 27. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda qonunchilik hujjatlari, yo‘riqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan yoki boshqa axborot texnologiya vositalaridan (shu jumladan, kalkulyator sifatida) foydalanish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish taqiqlanadi.
(27-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi.
O‘zi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar (ko‘zoynak, linzalar) bo‘lishiga ruxsat etiladi. Talabgorning barcha shaxsiy buyumlari, shu jumladan, uyali telefon yoki boshqa axborot texnologiya vositalari (o‘chirilgan holatda) maxsus ajratilgan joyda saqlanadi.
28. Malaka imtihoni natijalari imtihon o‘tkazilgan kuni malaka imtihoni komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
29. Malaka imtihon natijalari auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining veb-saytiga imtihon o‘tkazilganidan keyin ikki ish kunida e’lon qilinadi.
30. Talabgorning to‘g‘ri javoblari malaka imtihonidagi test savollari sonining kamida 75 foizini tashkil qilsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
31. Begona shaxslarning malaka imtihonida qatnashishiga ruxsat etilmaydi.
32. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yig‘im qaytarib berilmaydi.
33. Malaka imtihonini topshirish natijalari salbiy baholangan talabgorning hujjatlari unga qaytarilmaydi.
34. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlar malaka imtihonini topshirish uchun hujjatlarni mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan tartibda qayta taqdim etishga haqlidir.
35. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda komissiyaning yig‘ilish bayonnomalari besh yil mobaynida auditorlarning respublika jamoat birlashmalarida saqlanadi.