Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qoidalari tijorat banklariga va budjet tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ichki auditor — ichki auditor sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs;
ichki auditor sertifikati (keyingi o‘rinlarda — Sertifikat) — ichki audit xizmatida faoliyat olib borish uchun ichki auditorning professional malakasini tasdiqlovchi hujjat;
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi ichki auditorga qo‘yilgan talablarga mos kelishini tekshirishga yo‘naltirilgan, malaka imtihoni komissiyasi tomonidan test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkaziladigan imtihon;
talabgor — ichki auditor sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga da’vogar jismoniy shaxs;
xalqaro sertifikat — “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Xalqaro moliyaviy hisobot bo‘yicha diplom (DipIFR ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)”, “Birlashgan diplomli buxgalterlar (ACA)”, “Diplomli ichki auditor (CIA)”, “Boshqaruv hisobi bo‘yicha sertifikat (CIMA)”, “Moliyaviy tashkilotlar diplomli auditori (CFSA)”, “Davlat tashkilotining diplomli auditori (CGAP)” va “Riskni boshqarishni baholash bo‘yicha diplomli mutaxassis (CRMA)” sertifikati.
3. Sertifikat, basharti talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladi.
Sertifikat ichki auditorning professional malakasini tasdiqlaydi va sertifikat egasiga tadbirkorlik subyektlarining ichki audit xizmatida faoliyat ko‘rsatish huquqini beradi.
Sertifikat dastlab besh yillik muddatga beriladi, uning amal qilishi navbatdagi o‘n yillik muddatga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytirilishi mumkin.
4. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari (O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston auditorlar palatasi):
malaka imtihonini o‘tkazishni tashkil qiladi, shuningdek, o‘zlarining veb-saytlariga malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risidagi axborotni joylashtiradi;
test savollariga kiritilgan fanlar bo‘yicha mavzularni veb-saytiga joylashtiradi;
malaka oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlaydi;
talabgorlarni malaka imtihoniga qo‘yish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
5. Sertifikat egasi sertifikatini olgan yildan keyingi yilidan boshlab har yili auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish namunaviy dasturi bo‘yicha 20 soatdan kam bo‘lmagan hajmda malaka oshirish kurslarini o‘tishi shart.
Xalqaro sertifikat egasi bo‘lgan ichki auditor o‘z tanloviga ko‘ra namunaviy dastur bo‘yicha yoki xalqaro sertifikat dasturi doirasida malaka oshirish kurslaridan birini o‘tishi mumkin.
Ichki auditorlar malakasini oshirish buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarda akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki auditor yil yakunlari bo‘yicha uning malaka oshirish kurslaridan o‘tganligini tasdiqlovchi ma’lumotni har yili 10-yanvarga qadar sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga taqdim etadi.
6. Malaka imtihonini o‘tkazuvchi komissiya (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tarkibiga auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari va buxgalteriya hisobi, audit, soliq va xo‘jalik huquqi sohalarining yetakchi mutaxassislari kiritiladi.
7. Komissiya auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan kamida beshta a’zodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.
8. Sertifikat olish, uning amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish haqidagi arizani ko‘rib chiqish uchun talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yig‘im to‘lanadi.
Yig‘im talabgor tomonidan hujjat topshirilgan auditorlarning respublika jamoat birlashmasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va malaka imtihonini tashkil qilish, sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun sarflanadi. Yig‘im to‘lash uchun bank rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar auditorlarning respublika jamoat birlashmalari veb-saytlariga joylashtiriladi.
9. Ichki auditor sertifikatini berish mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.