Lazer qurollari mavjudmi? Bu savol haqiqatdan ham ko’pchilikni qiziqtiradi. Agar matbuot sahifalariga nazar tashlasak, 1980 yil 6 sentyabrda Pentagon bergan xabarlarda, Uayt-Sends poligonida (Nyu-Meksika shtati) haqiqiy harbiy holatga yaqinlashtirilgan tajriba o’tkazilganligi haqida ma’lumot bor. Unda kuchli lazer qurilmasi nurlari yordamida osmonda vertikal holatda uchirilgan "Titan-1" raketasining muvoffaqiyatli urib tushirilishi e’lon qilingan. Koinotga uchirilgan ko’plab sun’iy yo’ldoshlar bortiga lazer qurilmalari o’rnatilgan bo’lib, ular mudofoa maqsadlarida foydalaniladi. Bundan tashqari, er sirtida joylashgan lazer qurilmasidan yuborilgan nurlar bir necha yuzlab kilometr balandlikda joylashgan orbital stansiya ko’zgularidan qaytib, erning istagan nuqtasidan uchirilayotgan raketani qisqa vaqt ichida yakson qila oladi. Ya’ni, biror davlatdan uchirilgan atom qurollari bor raketalarni xali orbitaga ko’tarilmasdan turib yo’qotish lazerlar tomonidan amalga oshiriladi. Yanada quvvatliroq lazerlarda yadroviy reaksiya energiyalari lazer nurlariga aylantiriladi. Xayriyatki, bunday qurilmalardan qurollar yasash, ularni kosmosga olib chiqish va insoniyatga qarshi qurol sifatida foydalanish xalqaro kelishuvlarga asosan taqiqlab qo’yilgan.
L azer nurlari odam organizmi uchun zararlimi? Lazer nurlaridan turli xil muolajalarda foydalanilgan vaqtda vrachlar tomonidan nurlanish dozasi va quvvati belgilanadi. Albatta belgilangan me’yordan oshiqcha nurlanishning salbiy ta’siri seziladi. Lekin lazer nurlarining o’zi, radioaktiv nurlanishlaridek, odamlarda "nurlanish" kasalligini, "oqqonlik" kasalliklarini keltirib chiqarmaydi. Lazer nurlarining oddiy yorug’lik nurlaridan farqi ularning energiyasi va kogerentligi tufayli yuzaga keladigan xossalaridir. Boshqabarcha holatlarda u o’zini oddiy yorug’lik kabi namoyon qiladi va optika qonunlari qo’llaniladi.
Fan va texnikada lazer nurlarining qo’llanish sohasi kengayib borayotganligi sababli hal qilinishi kerak bo’lgan muammolar ham yuzaga kelmoqda. Serquyosh hududimizda Quyosh nurlari yordamida lazerlarni yaratish dolzarb muammolardan biridir. Bundan tashqari, keng to’lqin uzunliklari diapazonida nurlanuvchi past energiyaviy bo’sag’ali lazerlarni yaratish, yangi lazer kanallarini ochish, samarali nurlanishni yuzaga keltiruvchi yangi lazer materiallarini olish va boshqalar ham ushbu muammolardandir. O’quvchilarimiz orasida albatta bu ishlarga qiziquvchilar topiladi va yuqoridagi muammolarni hal qilishda o’zlarining munosib ulushlarini qo’shadilar.
Yorug’likni qabul qiluvchi qurilmalar yorug’lik tez o’zgaruvchan maydon bo’lganligi uchun uning o’rtacha qiymatini qabul qilali. Shuning uchun biz faqat yorug’likning amplitudasi to’g’risidagina gap yurita olamiz. To’lqin fazasini qayd qilish uning manbai to’g’risida ma’lumot beradi. Demak, to’lqinlar manbalarining joylashishi to’g’risida to’liq tasavvurga ega bo’lish uchun to’lqinlarning amplitudalari taqsimotini ham, fazalar taqsimotini ham o’lchab bilishimiz kerak.
Fazalar taqsimotini interferension hodisalar yordamida aniqlashimiz mumkin. Interferensiyaning moxiyati shundaki, kogerent tebranishlar qo’shilganda ularning fazalar farqi natijaviy tebranish amplitudasini o’zgartiradi, ya’ni to’lqinlarning fazaviy munosabatlarini interferension manzaraning amplitudaviy strukturasiga aylantiradi. Shu usul bilan manba tasvirini yozib olish va qayta tiklashga golografiya deyiladi.