N. N. Kolosovskiy «ishlab chiqarishning muayyan energiya va xom ashyo to‘rini olish uchun asosiy bo‘lgan jarayoni atrofida bir-birini to‘ldirib turishi asosida vujudga kelgan tipik barqaror kombinatsiyasiga» energiya ishlab chiqarish sikli deb ta’rif bergan4. Uning fikriga ko‘ra har bir sikl xom ashyo va yoqilg‘i-energetika resurslarining u yoki bu kombinatsiyasi asosida rivojlanib, xom ashyoni qazib olish va boyitishdan to shu joyda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan barcha xil tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
N. N. Kolosovskiy energiya-ishlab chiqarish sikllarining quyidagi tiplarini ajratgan: Qora metallarning pirometallurgiya sikli, rangdor metallarning pirometallurgiya sikli, neft-energoximiya sikli, gidroenergiya-sanoat sikli, qayta ishlash industriyasi sikllari majmui, o‘rmon-energetika sikli, industrial-agrar sikllar majmui, gidromeliorativ industrial-agrar sikl.
N. N. Kolosovskiyning energiya-ishlab chiqarish sikllari haqidagi konsepsiyasi vujudga kelgandan beri ancha vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida sanoat, ayniqsa ximiyalashtirnsh natijasida yangi texnologik jarayonlar bilan boyidi. Yangi sikllar vujudga keldi va ilgari belgilangan sikllar tarkibiy o‘zgarishlarga uchradi.
Agar sanoatning birgina o‘ziga uning qishloq xo‘jaligi va qurilish bilan bevosita aloqalarini hisobga olsak, energiya-ishlab chiqarish sikllari tizimining quyidagi muhim xususiyatlarini ajratish mumkin: yana yangi sikllarni ajratish va ularni asoslab berish; sikllarni muayyan hududlarga «bog‘lash», turli sikllar o‘rtasidagi aloqalarni aniqash.
Masalan, qora metallarning pirometallurgiya sikli temir rudasi va kokslanuvchi ko‘mirning katta zapaslari mavjud rayonlar, masalan, Donbass hamda Dneprbo‘yi, Ural, Kuzbass va boshqalar uchun xarakterlidir. Bu sikl xom ashyo bilan yoqilg‘ini qazib olish va boyitishni, ko‘mirni koksga aylantirish va bu jarayonda benzol hamda og‘ir organik sintez sanoatining boshqa yarim masulotlarini ajratib olishni, ammiak va atsetilen ishlab chiqarish uchun koks gazidan foydalanishni (ular asosida esa azot o‘g‘itlari, ammiak selitrasi, karbamid) hamda turli xil ximiya mahsulotlari (kaprolaktam, vinilatsetatdan ishlangan plastiklar va hokazolar) olishni, domna shlaklaridan foydalanib, binokorlik materiallari (ayniqsa, sement) ishlab chiqarishni, metalltalab mashinasozlikni (shu jumladan, metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni) o‘z ichiga oladi.
Qora metallar pirometallurgiyasi mamlakatning ayrim rayonlarida yoqilg‘i energiyasi sanoati (isitish maqsadlarida domna gazlaridan foydalanish va elektr energiyasidan foydalanish asosida) va ko‘mir-energoximiya (ko‘mirni kokslash orqali) sikllari bilan chambarchas bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |