Oqsillarning ajralishi. O’simliklarning oqsilli ajratmalaridan nisbatan keng ma’lum bo’lgani bu hashorotxo’r o’simliklarning umurtqasiz hayvonlarni oziq sifatida ajratgan hazm suyuqligidir. Ammo oqsilli ajratmalar boshqa o’simliklar barglaridan ham ajralishi mumkin. Masalan terak va tol o’simliklari barglaridan ajraluvchi shiralarning tarkibi ontogenez davomida terpenoidlardan glikoproteinlargacha o’zgarishi mumkin. SHuningdek oqsilli shira ajratuvchilarga boshoqdoshlar aleyron qavati hujayralaridan ajraluvchi shirani ham misol qilish mumkin.
Oqsilli shira ajratuvchi hujayralarning o’ziga xos xususiyatlaridan biri bu ularda ajraluvchi oqsillarni sintezlovchi donador ER va ko’plab mitoxondriyalarning bo’lishligidir. SHuningdek ushbu hujayralarda GA faol holda bo’lishi ham oqsillarning qandlashishiga va glikoproteinlar hosil bo’lishiga olib keladi.
Proteinlar maxsus aleyron vakuolalarda yig’ilishi va ichki muhitga ajralishi mumkin. Masalan, boshoqdoshlar va dukkaklilar aleyron hujayralaridagi zahira oqsillar hamda boshoqdoshlar endospermidagi gidrolitik fermentlar.
Hashorotxo’r o’simliklarda shira ajralishi azot va fosforning mavjudligiga sezgir kimyoviy retseptorlarning ishi tufayli indutsirlanadi. Boshoqdoshlar aleyron hujayralaridan shira ajralishi gibberellin gormoni nazorati ostida bo’ladi.
X.2-rasm. Terak (Populus suaveoleas) bezchasi (glikopro-teidlar ajralishi davrida); x 56000: 1-oqsil kristali, 2-leykoplast, 3-Glьji pufakchalari, 4-donador endoplazmatik retikulum.
Tuzlarning ajralishi. O’simliklarda mineral moddalarni ajralishida uch guruh sekretor hujayralar qatnashadi.
1. Galofit o’simliklarning barglari va poyalaridan tuz ajralishini ta’minlovchi bezchalar. Ushbu bezchalar galofit o’simliklrning tuzlar miqdori yuqori bo’lgan sharoitda o’sishi va rivojlanishi davomida olgan tuzlarning ajralishini ta’minlaydi va tuzlar bilan birgalikda ko’p miqdorda suvning ham yo’qolishiga olib keladi. Tuzlar barg va poyalarning yuzasidagi kutikulalarda yig’ilishi yoki yomg’ir suvlari bilan yuvilib ketishi mumkin.
2. O’simliklarning barglaridagi ikki qismdan ya’ni boshcha va oyoqchadan iborat, ikkita hujayradan tashkil topgan tuz ajratuvchi tukchalar. Boshcha hujayrasi vakuolasida ko’p miqdorda tuz to’planganidan so’ng u oyoqchadan uziladi (apokrin sekretsiyasi) va o’simlik shu yo’l bilan ortiqcha tuzdan qutiladi. O’simlik vegetatsiyasi davrida uning o’rnida bir necha marotaba yangi boshcha hosil bo’lib uzilib turadi. Tuzli tukchalar bilan juda kam miqdorda suv yo’qotiladi va u sho’rlangan tuproqlarda o’suvchi o’simliklar orasida keng tarqalgandir.
3. Hashorotxo’r o’simliklarning ionlar, suv va gidrolitik fermentlar ajratuvchi bezchalari.