O’simliklarda maxsus ajratmalar tizimining faoliyati.
O’simliklarning ekskretor tizimlari.
O’simliklardan moddalar ajralishi jarayoni keng tarqalgan bo’lib har xil vazifalarni bajarishi mumkin. Masalan, zararlanishdan va hujayraga infektsiya kirishidan hujayra devori himoya qiladi. Hujayra devorining o’zi esa tsitoplazmadan kelayotgan polisaxaridlar va boshqa birikmalardan sintezlanadi. SHuningdek shilimshiq polisaxaridlar tufayli bir qancha organlar masalan ildiz tukchalari changchi naychalar va boshqalar himoyalanadilar.
Barglar yuzasida himoya vazifasini bajaruvchi mumli ajratmalarning ham o’simliklarning o’sishi va rivojlanishidagi ahamiyati katta. SHo’rlangan muhitlarda o’suvchi galofit o’simliklar hujayralarida ionlar nisbatining doimiyligini ham hujayralarning ajratmalari asosida faoliyat ko’rsatadigan tuz bezchalari va tuz tukchalari ta’minlaydi. Avval aytib o’tganimizdek hashorotxo’r o’simliklarda oziqning hujayra tashqarisida hazm bo’lishi ham hujayra ajratmalari-fermentlar faoliyatiga bog’liqdir. Nektarning ajralishi esa gullarning changlanishiga va boshqa hollarga sababchi bo’ladi.
O’simliklar metabolizmining mahsulotlari atrof muhitga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Masalan ildiz ajratmalari tuproqning faqatgina fizik-kimyoviy xossalariga ta’sir etib qolmasdan balkim unda yashayotgan organizmlar avvalo mikrofloraga katta ta’sir qiladi.
O’simliklrning hayot faoliyati natijasida har yili atmosfera havosiga 175 mln tonna uchuvchan uglevodorodlar, terpenoidlar va shu jumladan o’simliklar tomonidan ajratiladigan efir moylari ajraladi. Suv o’tlari tomonidan gidrosferaga ajratiladigan ajratmalar ular tomonidan o’zlashtirilayotgan umumiy uglerodning 20-40% qismini tashkil qiladi. Efir moylari kabi kuchli qaytarilgan uchuvchi metabolitlarning chiqarilishi o’simliklarning modda almashinuvini muvofiqlashishiga olib keladi.
Evolyutsiya davomida uchuvchan moddalarning ajralishi xususiyatlarini saqlanib va mustahkamlanib borishi boshqa hollar uchun ham foydalidir. Masalan ayrim organizmlardan saqlanish yoki ayrimlarini chaqirishda ajratmalarning o’rni beqiyosdir. SHuningdek hujayra ajratmalari tufayli atrof muhit o’simliklarini ayrimlarining o’sishi va rivojlanishini kuchayishi yoki susayishi fitotsenozdagi o’simliklarning o’zaro munosabatlarini belgilaydi. O’simliklar jamoasidagi bunday kimyoviy munosabatlar allelopatiya deyiladi.