Savol va topshiriqlar
1.
XІX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlaridagi lisoniy vaziyat
haqida ma’lumot bering.
2.
Muqimiy she’riyatining morfologik jihatlariga to‘xtalib o‘ting.
3.
Muqimiy ijodida o‘zlashma so‘zlarning qo‘llanishi xususida so‘z
yuriting.
4.
Furqat asarlarining xarakterli lisoniy xususiyatlari.
5.
Avaz O‘tar she’riyatida turkiy va mahalliy shevalarga munosabat.
6.
Publitsistik uslubning ahamiyati.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Алиев А., Содиқов Қ. Ўзбек адабий тили тарихидан. –Т.: Ўзбекистон,
1994.
2. Мухторов Ж., Санақулов Ў. Ўзбек адабий тили тарихи. - Т.
Ўқитувчи. 1995.
3. Пардаев Қ. Муқимий шеърияти: матн тарихи, таҳрири ва талқини. –
Т.: Муҳаррир, 2019.
4. Турсунов У., Ўринбоев Б., Алиев А. Ўзбек адабий тили тарихи. - Т.:
Ўқитувчи, 1995.
13 – MAVZU: XX ASR BOShLARI VA 30-YILLARDA O‘ZBEK
ADABIY TILI
Reja
1. XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy adabiy
til borasidagi qarashlar
2. O‘zbek adabiy tilida o‘g‘uzcha unsurlarning ifodalanishi
3. 20-30-yillarda o‘zbek adabiy tili
139
4. “Chig‘atoy gurungi”ning miiliy til borasidagi faoliyati
5. O‘zbek adabiy tili rivojida ma’rifatparvarlarning xizmatlari
O‘zbek milliy tili hozirgi o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan hamma
kishilarning umumiy va yagona tilidir. Bu til o‘zbek xalqining o‘zaro aloqa va fikr
almashuv quroli, shu xalqning hamma a’zolari uchun umumiy bo‘lgan tildir.
O‘zbek milliy tilining shakllanishi o‘zbek millatining shakllanish jarayoni bilan
bog‘likdir. O‘zbek millati shakllanguniga qadar u urug‘ tili va elat tili tarzida
yashab, rivojlanib kelgan. Ma’lumki, ijtimoiy munosabatlarning yuzaga kelishi
bilan birga millatlar ham tashkil topa boshlaydi. Ana shu millatlarning tashkil
topishida uning asosiy omili bo‘lgan milliy til ham yuzaga keladi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Marakaziy Osiyoda ziyolilar o‘rtasida
milliy o‘z-o‘zini anglash hissi kuchaydi. Jadidlar taraqqiyotga erishishning bosh
yo‘li ma’rifat ekanini his qilganlari holda, birinchi navbatda, yangi tipdagi
maktablar ochish, zamonaviy oliy maktablar tashkil etish, dunyo yangiliklarini
xalq o‘rtasida tezroq targ‘ib qilish, kishilarni uyqudan uyg‘otish uchun matbuotni
rivojlantirish; taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatlarni fosh qilish uchun teatr
san’atini barpo etish, iqtidorli yoshlarni Ovruponing eng ilg‘or oliy o‘quv
yurtlariga o‘qishga yuborish orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va
iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar. Yangi usuldagi maktablar ochildi. Ularda
darslar ona tilida olib borilib, dasturlarga dunyoviy fanlar ham kiritildi.
Ana shunday jarayonda maktablar uchun yoziladigan darslik va qo‘llanmalar
qaysi tilda bo‘lishi kerak? Turkiy til va adabiyotni birlashtirish tarafdorlari bo‘lgan
jadidlarning bir guruhi darslik va qo‘llanmalar usmonli turk tilida bo‘lishini
ma’qulladilar. Bu haqda Fitrat quyidagilarni yozadi: «...Mana shunday kulinch bir
holda qolgan burungi ziyolilarimiz: «tilimiz ilmiy, adabiy bir til emas ekan» degan
kulinch bir qarashga keldilar. Mana shuning bilan maktablarimiz, yozuvlarimiz
usmonlicha ta’siri ostida qoldilar. Toshkentda ochilgan kurslarda ona tili saboqlarn
uchun berilgan soatlarning ko‘prog‘i usmonlichaga berildi. Samarqandda ochilgan
birinchi muallimlar kursiga esa ona tili degan narsa kiritilmadi. 1918 yildagi
140
Maorif sho‘rosining bir majlisida ham o‘tkan yildagi muallimlarning qurultoyida
shunday bir qaror berilgan edi: «Maktablarimizning ibtidoiy uch yilida ona tili
o‘zbekcha o‘qitulsin, ondan so‘ng adabiy umumiy turk tili o‘qitulsin!» Bunlarning
adabiy umumiy turk tili deganlari arabcha qatnashgan usmonlicha edi». Bu holat
tabiiy ravishda jadidchilikning boshqa vakillari o‘rtasida e’tiroz tug‘dirdi.
XX asr boshlarida jadidlar tomonidan yangi tipdagi maktablarning ochilishi
va unda o‘qitishning yangi-yangi usullari qo‘llanishi tufayli bolalarning xat-
savodini tezroq chiqarishni ta’minlaydigan yangi darsliklarga ehtiyoj tug‘ildi.
Bog‘chasaroyda Ismoilbey G‘aspirali tomonidan bolalarning tez savod chiqarishini
ta’minlash uchun muvaffaqiyat bilan qo‘llanilgan «usuli savtiya» Markaziy Osiyo
jadidlari tomonidan ham ma’qullandi. Mazkur usulning afzalligi amaliyotda tezda
sezildi va u omma o‘rtasida tobora obro‘-e’tibor topa boshladi. Ana shu usul
asosida savod chiqarishga bag‘ishlangan bir qancha alifbolar paydo bo‘la boshladi.
Saidrasul Saidazizov 1902 yili «Ustodi avval» kitobini, Munavvarqori
Abdurashidxonov esa 1907 yili «Adabi avval» kitoblarini Toshkentda nashr
ettirdilar. 1917 yilga qadar o‘ndan ortiq o‘zbekcha alifbo kitoblari yaratildi. Lekin
ularning ichida alifboning ichki tuzilishi va boshqa bir qator jihatlardan yuqoridagi
ikki asar eng mukammali sanaladi. «Ustodi avval» 1917 yilgacha bir necha bor
(deyarli har yili) nashr qilingani va keyingi bir qator mualliflarning (masalan,
Abdulla Avloniy) «Alifbo» darsliklarini yaratishlariga asos bo‘lib xizmat qilgan.
Binobarin, yangi tipdagi maktablar ochishda Abdulla Avloniy, Ibrat,
Munavvar Qori, So‘fizoda, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy,
Abdurauf Fitrat singari vatanparvarlar jonbozlik ko‘rsatdi. Ularning ko‘pchiligi
yangi maktablar uchun darsliklar ham yozdilar. Xususan, Behbudiyning «Risolai
asbobi savod», «Risolai jo‘g‘rofiyai umroniy», «Risolai jo‘g‘rofiyai Rusiy»,
«Kitobat ul-atfol» (1905), «Amaliyoti islom», «Tarixi islom»; Hamzaning «Qizil
gul», «Pushti gul», Fitratning «Sarf», «Nahv» singari asarlari ana shunday
asarlardandir. Jadidlar taraqqiyot uchun to‘siq bo‘layotgan illatlarni fosh qilish,
xalqni uyqudan uyg‘otish uchun sahna asarlari yozib teatr san’atini yaratdilar.
Behbudiy, Hamza singari bir qator adiblar ilk o‘zbek dramalarini yozib, ularni xalq
141
oldida o‘zlari namoyish etdilar.
Dunyo voqealaridan kishilarni bahramand etmoq, kundalik hayot ikir-
chikirlarini, turmush yangiliklarini el o‘rtasida yoyish uchun matbuot ham zarur
edi. Shuning uchun ham jadidchilik vakillari matbuotni yo‘lga qo‘yish va
rivojlantirishga alohida ahamiyat berdilar. Turkistonda “Taraqqiyot”, “Xurshid”,
“Shuhrat”, “Osiyo”, “Tujjor”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Al-isloh”
kabi gazetalar va “Oyna” jurnali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari,
Ozarbayjonda chiqadigan “Yangi hayot”, “Xo‘ja Nasriddii”, Tataristonda
chiqadigan “Ong”, “Sho‘ro”, Qrimda chiqadigan “Tarjimon” kabi gazeta va
jurnallar ham o‘lkada keng tarqaldi. Shu tariqa, Volga bo‘yi, Qrim, Ozarbayjon,
Turkiston, Turkiya hamda Eronda adabiy va madaniy hayot jonlandi. Matbuotning
yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishi uchun ham
qulay imkoniyat yaratdi. Avvalo, jadidlar xalqimizning ajoyib ma’naviy merosi
bo‘lgan til masalasiga alohida e’tibor berdilar. Ular dastlab Ismoilbey
G‘aspiralining butun turkiy olamni birlashtirish, turkiy madaniyatning eski
obro‘yini ko‘tarish, umumturkiy adabiy til va adabiyotni yaratish harakatida
bo‘ldilar. Ana shu g‘oya ta’sirida bir qator gazeta va jurnallarda usmonli turkcha
va tatarcha unsurlar aralash bo‘lgan bir tilda maqolalar ko‘plab bosila boshlandi.
Umumturkiy tilni yaratishga gazeta sahifalarida targ‘ibot kuchaydi.
Matbuot tili jonli so‘zlashuvga asoslangan yangi o‘zbek adabiy tilining
shakllanishiga ko‘proq xizmat qilishi mumkinligini matbuotni oldinroq yo‘lga
qo‘ygan turkiy qavmlar tajribalaridan angladilar. Ashurali Zohiriy bu haqda
quyidagilarni yozadi: «Tatar qarindoshlarimiz- ning hozirdog‘i til va adabiyotlarini
bundan o‘n-o‘n besh yil ilgari adabiyotlariga tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik
darajada alarnnig tillarini kengaymog‘i milliy va ona tilidagi gazetalari bilan
bo‘ldi. Demak, gazeta va jurnallarning dunyo ahvolidan va boshqa to‘g‘rilaridan
xalqqa xabar berib turmog‘idan va boshqa ulug‘ va ko‘zga ko‘rinmaydurg‘on bir
foydasi bo‘lurki, ul ona tiliniig kengaymog‘i va mukammallashmog‘idir».
Jadidlarning til masalasiga alohida e’tibor berishlari bejizmas edi. Chunki til
millatning eng asosiy belgilaridan biridir. Shuning uchun ham: «Qachonki, bir
142
millat tilini yo‘qotsa, o‘z dinini va millatini yo‘qotur», – deydi Ashurali Zohiriy,
Behbudiy muharrirligidagi «Oyna» jurnali til masalasiga alohida e’tibor berdi. Bu
davr matbuotida tilimizni ajnabiy so‘zlardan imkon qadar tozalash, o‘z tilimizni
chuqur o‘rganish va unga mehr-muhabbat bilan qarashga undash bilan birga,
boshqa tillarni ham, albatta, o‘rganishga da’vat etildi.
Bularning hammasi o‘z navbatida o‘sha davr o‘zbek adabiy tili taraqqiyotiga
o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Natijada panislomizm, panturkizm g‘oyalari paydo bo‘ldi.
Milliy adabiy tilni yaratish sohasida ikki xil nazariya shakllandi:
1. Umumturkiy adabiy til nazariyasi. Bu panturkist, panislomistlar nazariyasi
bo‘lib, rahbari qrimlik Ismoil Gaspirinskiy edi. U “Tarjimon” gazetasida hamma
turkiy xalqlar uchun umumiy bir adabiy til yaratish g‘oyasini ilgari suradi.
2. Milliy tilni ona tili zaminida yaratish nazariyasi. Buning tarafdorlari
ma’rifatparvarlar edi. Bu nazariyalar katta munozara ob’ekti
bo‘ladi: 1905 yilda Butunrossiya musulmonlarining III s’ezdi Ismoil
Gaspirinskiyning tashabbusi bilan turkiy xalqlar maktablarining yuqori sinflarida
“yagona turkiy til” o‘qitilishini majburiy qilib qo‘yadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi
“Umumturkiy til” qaysi til bo‘lishi kerak?
Tatar, Ozarbayjon, o‘zbek gazetalari, jurnallari sahifalarida bu masala
yuzasidan qator maqolalar bosiladi. Xususan, tatar tilida chiqadigan “Vaqt”
gazetasi tatar tili turkiy xalqlar uchun yagona adabiy til bo‘lishini ta’kidlaydi.
Peterburgda(tatar tilida) nashr etiladigan “Ulfat” gazetasi 1906 yil 5 iyul sonida Ali
Qurqudning “Istambuldan xat” maqolasida esa usmonli turk tili "umumturk tili"
bo‘lishi qayd etilgan. Bunday qarashlar Ozarbayjon va O‘rta Osiyoda nashr
etilayotgan boshqa matbuot sahifalarida ham bo‘lgan. Bu yerda Vamberi
aytmoqchi, umumturkiy til nazariyasini ko‘tarib chiqish bilan xalqlariing etnik
chegaralarini hisobga olmay, umumturk xalqini yaratish ko‘zda tutilgan. Shunday
bo‘lsa-da, ko‘pchilik ommaga tushunarli bo‘lmagan “umumtil” tez orada o‘z
o‘rnini milliy tillarga bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Ona tili himoyasi adabiy
va madaniy kurashning ajralmas qismi bo‘lib qoldi.
Ma’lumki, chorizm vaqtida milliy til masalasi hal qilinishi mumkin emas,
143
chunki u milliy masalaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Qolaversa, bu chor
xukumatining Turkistonda rus-tuzem maktablari ochib, mahalliy xalqlarni
ruslashtirish siyosatiga zid edi. Hatto matbuotda mahalliy tillarning "kambag‘alligi
va qo‘polligi" uqtirilib, Turkiston xalqining taraqqiyoti uchun rus tilini o‘rganish
lozimlligi targ‘ib qilinadi. Bularga qaramasdan, Turkistonda turkcha adabiy til deb
nomlandi. “Sadoi Turkiston” gazetasi esa o‘zini turk tilidagi adabiy, iqtisodiy,
ilmiy va mahalliy gazeta sifatida e’lon qildi. Ayni paytda ayrim gazetalarda
“o‘zbek”, “o‘zbek tili” degan nomlar ham uchraydi. Shunday qilib, adabiy til
sohasida bir xil qarashning yo‘qligi bu davr adabiy tilida turli tillarga xos
xususiyatlarning o‘zlashib qolishiga sabab bo‘ldi.
XX asr boshlarida vaqtli matbuoti tilining negizini asosan eski o‘zbek tili
unsurlari tashkil qiladi. Shu bilan birga, jonli so‘zlashuv tili, mahalliy shevalarga
xos shakllar ham asta-sekin matbuot tiliga kirib kela boshladi. Xususan,
Samarkand, Buxoro shevalariga tegishli olopti, kelopti kabi shakllar Behbudiy,
Fitrat asarlarida uchraydi.
Usmonli turk, Ozarbayjon va tatar tillarida keng tarqalgan -jak, -ajak
shakllar g‘arbiy turk tillarida chiqqan “Tarjimon”, “Sho‘ro”, “Ulfat” kabi gazeta va
jurnallar orqali boshqa turkiy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham o‘zlashgan.
Masalan, 1929 yil o‘zbek adabiy tili uchun qonunlashtirilmasdan ancha ilgariyoq
bu shakl matbuot tilida ishlatilgan. Hozirda ko‘pchilik tilshunoslar buni Xorazm
shevalariga xos deb hisoblaydi. Shuningdek, qayd etilgan tillarga xos fe’l shakllari
ham xarakterlidir. Misollar: diylar, olg‘akita, olmiy, ko‘ri yurdi, bilmam, nalar. XX
asr boshlaridagi adabiy til A.Borovkov fikricha, “aralash til” edi. Bu davr tilida
g‘arbiy til shakli
Do'stlaringiz bilan baham: |