2.Davlat — bosh islohotchi. Yangi jamiyat qurish davrida, ayniqsa o’tish bosqichida
davlat iqtisodiyotni boshqarish jilovini qo’ldan bermasligi zarur. Davlatning boshqaruvchilik roli
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning yana bir g’oyat muhim shartidir.
O’tish davrida davlatning iqtisodiyotdagi roliga yangicha yondashib, islohotlarni keng
jamoatchilik ishtirokida davlat ishlab chiqqan dasturlar asosida, uning bevosita ishtiroki va
rahbarligida amalga oshirish zarur. Bozor islohotlari umumiqtisodiy, umummilliy o’zgarishlar
bo’lganidan uni ayrim jamoa, siyosiy partiya, jamoat tashkilotlari amalga oshira olmaydi, chunki
ular shu guruh manfaatlarini himoya qilish bilan cheklanib qolishlari mumkin. Davlat esa
jamiyat barcha a’zolari manfaatlarini ifodalaydi, shu manfaatlarni amalga oshirishni ko’zlaydi.
Iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan o’zgarishlar, hal qilinayotgan vazifalarning
serqirraligi, bozorni shakllantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarning murakkabligi bilan
ajralib turadi. Bu jarayon iqtisodiyotni boshqarishni tashkil etish, bozor infrastrukturasini
yaratish, jahon iqtisodiyotiga qo’shilish bilan bog’liqdir.
Boshqarishni qayta tashkil etish sohasida markazlashtirilgan tartibda ish ko’ruvchi davlat
tuzilmalarini tugatib, bozor iqtisodiyotiga xos tuzilmalar barpo qilishga kirishildi. Davlat reja
qo’mitasi tugatilib o’rniga Davlat istiqbolni belgilash va statis-tika qo’mitasi tuzildi.
Keyinchalik, u Makroiqtisodiyot vazirligiga aylantirildi. Davlat ta’minot qo’mitasi Respublika
ulgurji va birja savdosi aktsiyadorlik jamiyati bilan almashtirildi. Davlat narx qo’mitasini
batamom tugatish asosida Moliya vazirligi tizimida maxsus Demonopoliyalash va monopol
narxlar ustidan nazorat qilish Bosh boshqarmasi tashkil etilib, u 1996 yilda Antimonopol
qo’mitaga aylantirildi. Bank tizimida ham katta o’zgarishlar yuz berdi. Qisqa muddat ichida
Davlat soliq qo’mitasi va davlat bojxona qo’mitasi tashkil etildi.
Ko’p ukladli iqtisodiyotni rivojlantirishda tashkil etilgan Davlat mulkini boshqarish va
tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash Davlat qo’mitasining rag’batlantiruvchi ahamiyati katta. Davlat
bozor iqtisodiyotining qaror topishiga zarur sharoit yaratar ekan, mulkchilikning turli shakllari,
raqobatchilikni vujudga keltirilishiga alohida ahamiyat beradi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish
sharoitida jamiyatda yuz berayotgan tabaqalanish natijasida odamlarning hayot kechirishida katta
farq bo’lishining oldini oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |