3. G`oyani amalga oshirish uchun safarbar etish. Mafkuraning bunyodkorlik funksiyalaridan biri ilg`or g`oyani amalga oshirish uchun kishilarni safarbar etishdir.
Mafkurada ifoda etilgan g`oya va maqsad jamiyatdagi ko`plab partiyalar, ijtimoiy harakat va tashkilotlarning faoliyat dasturiga asos bo`ladi, ijtimoiy rivojlanishga kuchli turtki beradi.
U jamiyatda ro`y beradigan tub o`zgarishlarga zamin yaratadi, unga keng xalq ommasini ma`naviy-ruhiy jihatdan tayyorlaydi, so`ngra bunyodkorlik ishlariga safarbar etadi.
Jahon tarixida bunga misollar juda ko`p. Bunyodkor mafkuraning safarbar etuvchi roli tub ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlarda, jamiyat hayotidagi ma`naviy o`zgarishlarda yakqol ko`zga tashlanadi. Buni xalqlarning chet el bosqinchilariga qarshi kurashida, turli bunyodkorlik ishlarida, chunonchi xashar yo`li bilan suv inshootlari, ko`priklar, yo`llar, shahar va qishloqlar qurishdagi umumiy safarbarlik ishlarida ko`rish mumkin.
Mafkura ijtimoiy ongning tarkibiy qismi sifatida ijtimoiy o`zgarishlarga faol munosabatda bo`ladi, ularni yo ma`qullab qo`llab-quvvatlaydi, yoki inkor etadi. Binobarin, mafkura o`z mohiyatiga ko`ra ijtimoiy o`zgarishlarga befarq bo`la olmaydi.
Jamiyatdagi turli sotsial guruhlar, sinflar, qatlamlar mafkura asosida siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga o`z munosabatlarini belgilaydilar. Biroq, mafkuraning safarbar etuvchilik xususiyati sotsial o`zgarishlar jarayonida doim ham ko`zga aniq tashlanavermaydi, balki, tub ijtimoiy o`zgarishlar davrida yakqolroq namoyon bo`ladi. Masalan, mamlakat mustaqilligi va yaxlitligiga tahdid soladigan mafkuraviy xavf-xatarlar kuchaygan paytlarda kishilarni Vatan istiqloli, ravnaqi yo`lida jipslashtirish va safarbar etishda milliy mafkura muhim rol o`ynaydi.
Siyosiy kurashlar davrida aholining juda oz qismini va tor doiradagi manfaatlarni ko`zlovchi, buzg`unchilikni maqsad qilib olgan mafkuralar ham dunyoga kelishi mumkin. Bunday mafkuraga ega bo`lgan guruhlar bilan aholining asosiy qismini tashkil etuvchi guruh va sinflar o`rtasida mafkuraviy masalalarda turli ixtiloflar kelib chiqadi. Zero, Prezidentimiz ta`kidlagani kabi: «Xalq – o`zining ming yillik an`ana va tajribalari, sunmas xotirasi va buyuk tuyg`ulari bilan yashab kelayotgan qudratli kuch poligonga, aldovga duch kelgan paytda uning asriy qadriyatlari, doimo uyg`oq vijdoni tilga kiradi, noxaqlikka, qabixlikka qarshi kurashga da`vat etadi».4
Mafkuraning safarbar etuvchilik funksiyasi, Ayniqsa, mafkuraviy kurashlar jarayonida to`laroq namoyon bo`ladi. Zero, mafkuraviy ziddiyatlar keskinlashgan davrda maqsadga erishishning kupol vositalari, xususan bosqinchilik, terror, qo`poruvchilik, inqilobiy usullar ishga solinishi mumkin. Bu – mafkuraviy kurashning o`ta qo`pol va g`ayriinsoniy usullari bo`lib, ularga qarshi turishda sobitqadamlik, bardosh, sabot va faollik talab qilinadi.
Bu jarayonda bunyodkorlik g`oyalari bilan qurollangan keng xalq ommasining ideallari, manfaatlarini o`zida mujassamlashtiruvchi mafkuragina insonparvarlik, taraqqiyparvarlik tamoyillari asosida mamlakat, xalq taqdirida ijobiy ahamiyatga ega bo`ladi, kishilarni ezgu ishlarga da`vat etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |