Obyektivlar (lotincha objektum – predmet) – mikroskopning eng muhim, qimmat va nozik qismi. Ular metall gardishga biriktirilgan linzalar sitemasidan iborat bo‘lib, kattalashtirish darajasi va sonlar aperturasi ko‘rsatilgan. Preparatga tekis tarafi bilan joylashgan tashqi linza frontal deb ataladi. Aynan shu linza kattalashgan tasvir hosil bo‘lishini ta’minlaydi. Boshqa linzalar korreksion linzalar deb ataladi va tekshiriluvchi obyektni ko‘rishida paydo bo‘ladigan optik tasvirlarning kamchiliklarini kamaytirish uchun xizmat qiladi.
Obyektivlar quruq va immersion bo‘ladi. Quruq obyektiv deb obyektiv va frontal linza orasida havo bo‘ladigan obyektivga aytiladi. Quruq obyektivlar ko‘pincha katta fokus masofaga va 8 yoki 40 marotaba kattalashtirish xususiyatiga ega. Immersion obyektivda frontal linza va preparat orasida maxsus suyuq muhit bo‘ladi. SHisha (1,52) va havo (1,0) ning sindirish ko‘rsatkichlari turlicha bo‘lganligi sababli yorug‘lik nurlarining bir qismi sinadi va kuzatuvchining ko‘ziga tushadi. Buning natijasida tasvir noaniq bo‘lib, maydaroq strukturalar ko‘rinmaydi. Yorug‘lik oqimi sochilishinig oldini olish maqsadida preparat va obyektiv frontal linzasi orasi sindirish ko‘rsatkichi shishaning sindirish koeffitsientiga yaqin sindirish ko‘rsatkichga ega bo‘lgan modda bilan to‘ldiriladi. Bunday moddalarga glitserin (1,47) kedr moyi (1,51), kastor (1,49), anis (1,55) moylari va boshqalar kiradi. Immersion obyektivlar gardishida quyidagi belgilashlar mavjud: I – immersion (immersiya), HI – homogen immersion (bir jinsli immersiya) IO – oil immersion MI – moyli immersiya. Hozirgi vaqtda immersion suyuqlik sifatida ko‘pincha sun’iy mahsulotlar ishlatilib, ular optik xossalari bo‘yicha kedr moyiga mos keladi.
Obyektivlar kattalashtirish darajasiga qarab ajratiladi. Obyektivlarning kattalashtirish ko‘rsatkichi ularning gardishda ko‘rsatilgan (8x, 40x, 60x, 90x). Bundan tashqari, har bir obyektiv ishchi masofasining ma’lum bir kattaligi bilan xarakterlanadi. Immersion obyektiv uchun bu masofa mos ravishda 0,12 mm ni tashkil etsa, 8 va 40 marta kattalashtiruvchi quruq obyektivlar uchun 13,8 va 0,6 mm ni tashkil etadi.
Okulyar (lotincha okularis – ko‘z) ikkita linza- ko‘z (yuqori) va maydon (quyi) linzalardan iborat bo‘lib, ular metall gardishga kiritilgan. Okulyar obyektiv berayotgan tasvirni kattalashtirilgan xizmat qiladi. Okulyarning kattalashtirish darajasi uning gardishida ko‘rsatilgan. 4 martadan 15 martagacha kattalashtiruvchi okulyarlar mavjud.
Mikroskop bilan uzoq davr ishlaganda binokulyar nasadkadan foydalanish lozim. Nasadka qutilari kuzatuvchi ko‘zlari oralig‘i masofasiga bog‘liq holda 55-75 mm oralig‘ida surilishi mumkin. Binokulyar nasadkalar o‘zining xususiy kattalashtirish qobiliyati (1,5 barobar) va korreksion linzalarga egadirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |