Kletchatkaning bijg’ishi – o’simlik sellyulozalarining parchalanib, uglerodning ajralib chiqishidir. Sellyulozani parchalovchi mikroorganizmlar sellyuloza fermentini ajratadilar. Sellyulozani aerob, anaerob bakteriyalar hamda zamburug’lar parchalaydi. Jarayonda ishtirok etgan bakeriya turiga qarab, oxirgi mahsulot metan yoki vodorod hisoblanadi. Bu bakteriyalar hosil qilgan chirindilar yerni ug’itlaydi. Hazm jarayonida 75% sellyulozani parchalaydi va dag’al xashaklar hazm bo’lishi ortadi. Ammo zarari shundaki, ular qog’oz va yog’ochlarni buzadi. Sanoatda sellyulozani parchalanishidan turli organik kislotalar va spirt tayyorlanadi.
Pektinli bijg’ish. O’simlik hujayralarini bir –biriga biriktirib turuvchi moddalar pektin deb ataladi, ya’ni bu o’simlik hujayralarini mustahkamlab to’qimalarga aylantiradigan hujayralararo moddadir. Ular suvda erimaydi va har qanday o’simlik qoldiqlarida anchagina miqdorda bo’ladi. Ayniqsa daraxt po’stlog’ida va mevalarda ko’p bo’ladi, bunday mevalardan qonditer sanoatida marmelad, pastila va h.k. lar tayyorlashda ko’p ishlatiladigan meva ekstraktlari tayyorlanadi.
Pektinli moddalar murakkab polisaharidlar bo’lib, uchta tipi farqlanadi: protopektin –hujayra devorining suvda erimaydigan tarkibiy qismi, pektin – metilefir bog’li galakturon kislotasining suvda eruvchi polimeri, pektin kislotasi –metilefir bog’i yo’q galakturon kislotasining suvda eruvchi polimeri.
Bakteriya va achitqilar pektin, protopektin, pektin kislotasini aerob va anaerob sharoitlarda parchalaydi. Ular tuproqda ko’p miqdorda uchraydi. Aerob bakteriya lardan Bac. macerans, Bac.polimixa va anaeroblardan Cl. pectinovorum, Cl. felsineum, Cl. aurantibutericum, Cl. pectinolyticum, Cl. corallinum, Cl.flavum va h.k. bu bijg’ish jarayonida ishtirok etadi. Mikroorganizmlar pektin moddasini parchalovchi uchta ekzoferment sintezlaydi: protopektinaza- protopektinni parchalab eruvchi pektin hosil qiladi, pektinesteraza- pektinning metilefir bog’ini gidrolizlab pektin kislotasi va metil spirti hosil qiladi, pektinaza- pektinni to’liq gidrolizlaydi, natijada galakturon, sirka kislotalari, galaktoza, arabinoza, ksiloza va metil spirti hosil bo’ladi.
Pektin kislotasining parchalanishidan hosil bo’lgan mahsulotlar oksidlanadi yoki mikroorganizmlar bijg’itadi.Anaerob sharoitda moy kislotali bakteriyalardan Cl. pectinovorum bijg’itishi natijasida moy, sirka kislotalari, H2 va CO2 gazlari hosil bo’ladi. Cl. felsineumda esa ulardan tashqari kam miqdorda aseton va butil spirti hosil bo’ladi.
Pektinli bijg’ish zig’ir, nasha, kanop, kandir va boshqa o’simliklardan tola ajratib olishda keng qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |