Tuproq mikroorganizmlari. Tuproqda juda ko’p mikroorganizmlar uchraydi, ya’ni 1 g tuproqda millionlab yoki milyardlab bakteriya bo’ladi. Havo va suvdagiga qaraganda tuproqda bakteriyalar ko’p, tuproq mikroorganizmlarning asosiy manbai bo’lib, undan mikroorganizmlar suv va havoga uchib turadi. Tuproqda turli - tuman bakteriyalar, aktinomisetlar, achitqilar, suvo’tlari va sodda hayvonlar uchraydi. Ba’zi olimlarning hisoblashlaricha, haydaladigan bir gektar erning 25 sm chuqurlikkacha bo’lgan qatlamida 3-5 tonnagacha bakteriya uchrar ekan. Bakteriyalarning tuproqda tarqalishi tuproqning xususiyatiga bog’liq. Tuprroqqa tushgan o’simlik va hayvonlar qoldig’i hisobiga mikroorganizmlar juda ko’payib ketadi. Tuproqdagi mikroorganzmlar soni tuproqning turi, fizik-kimyoviy xususiyatlari va iqlim sharoitiga bog’liq holda har xil bo’ladi. Tuproqning yuza qismida mikroblar ko’p bo’ladi, pastga tushgan sayin ularning soni kamayib boradi. Mikroorganizmlar 10-15 sm li qatlamda ko’p bo’ladi, chunki bu erga quyosh nurlari tik tushmaydi, oziq va namlik etarlicha bo’ladi. CHuqur qatlamlarda esa bular kam. CHunki tuproq tabiiy filьtr vazifasini bajaradi va bakteriyalarni er osti suvlariga kam o’tkazadi.
Tuproqda turli-tuman fiziologik guruhlarga mansub aeroblar, anaeroblar, saprofitlar, nitrifikatorlar, azotofiksatorlar, selyuloza parchalovchilar, oltinguturt bakteriyalari, spora hosil qiladigan va spora hosil qilmaydigan vakillari keng tarqalgan. Yil fasllariga qarab tuproqdagi mikroorganizmlar soni ham o’zgarib turadi.
O’simliklarning ildiz tizimi atrofida bakteriyalar ko’p to’planadi, ularning ko’pchiligi aerob, tayoqchasimon spora hosil qilmaydigan vakillardir. Bu avlodlarga mansub bakteriyalar uglevodlar, organik kislotalarni o’zlashtiradi va bir qator vitaminlar sintezlash xususiyatiga ham ega. Bu vitaminlarni o’simliklar o’zlashtiradi G.M.SHavlovskiyning ishlarida psevdomonaslar tiamin, nikotin kislota, V6 vitamin va biotin kabilarni sintezlashi ko’rsatilgan.
E. N. Mishustinning fikriga ko’ra, tuproqdagi organik moddalar parchalanganda bakteriyalarning biosenozi (jamoasi) almashinib turadi. Avval, tuproqda tez va oson parchalanadigan moddalar bo’lganda, asosan spora hosil qilmaydigan tayoqchasimon bakteriyalar keng tarqaladi, keyinchalik ularning o’rnini spora hosil qiluvchi aerob bakteriyalar egallaydi.
Tuproqdagi mikroorganizmlarning sonini hisoblash uchun S.N. Vinogradskiy (1924) yangi usul ishlab chiqdi, ya’ni ma’lum hajmdagi tuproq suspenziyasi olinib eritma tayyorlanadi, so’ngra u karbol kislata (fenol) da eritilgan eritrozin bilan bo’yaladi va mikroskopda kuzatib mikroorganizmlar miqdori sanaladi. F.N. Germanov bakterioskopik usulni yanada takomillashtirib tuproq bo’laklariga osh tuzi bilan ta’sir etadi. Natijada tuproq tarkibidan kalьsiy va tuproq zarrachasi ichi va ustidagi bakteriyalar bo’shaydi. Bu usul bilan hisoblanganda, 1 g tuproqdagi bakteriyalar soni 10 milyardga etgan. Tuproqqa yaxshi ishlov berilganda, bakteriyalar sonining oshishi kuzatiladi. Tuproq hosil bo’lish jarayonida tirik organizmlardan bakteriyalar, zamburug’lar, infuzoriyalar, o’simliklarning ildizi va bir qator hayvonlarning roli nihoyatda katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |