Pul o‘lchov birligi deganda har xil turdagi va turlicha iste’mol xususiyatga ega bo‘lgan hodisalarni (mahsulotlar, xizmatlarni) bir xil birlikka keltiruvchi o‘lchov birligi tushuniladi. Masalan, tashishdan tushgan daromad pul birligi yordamida ifodalanadi. U tashilgan yuklar, tashilgan yo‘lovchila kabi natura mahsulotlarining pul shaklida ifodalangan qiymati hisoblanadi. Demak, pul o‘lchov birligi yordamida barcha umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar aniqlanadi.
Nisbiy miqdorlar
Mutlaq miqdorlarning bir biriga taqqoslash natijasida kelib chiquvchi uchinchi miqdor nisbiy miqdor deb ataladi. Nisbiy miqdorlar hisoblanayotganda taqqoslash bazasi qilib har xil miqdorlar qabul qilinishi mumkin. Nisbiy miqdorlar asosan koeffitsiyent, foiz, promille va prodetsimellada ifodalanadi. Nisbiy miqdorlar koeffitsiyentda ifodalansa, baza 1 ga tenglashtiriladi, foizda ifodalansa, baza 100 ga, promelleda ifodalansa, baza 1000 ga, prodetsimelleda ifodalansa, baza 10000 ga tenglashtirib olinadi.
Nisbiy miqdorlarni ta’riflashda, ularga baho berishda u yoki bu ifodalash shaklini qo‘llash taqqoslanayotgan miqdorlar orasidagi farqqa bog‘liq. Agar bo‘linuvchi miqdor bo‘luvchiga nisbatan bir necha marta katta bo‘lsa, u holda nisbiy miqdorni koeffitsiyent yordamida ifodalash ma’quldir. Agar taqqoslanadigan miqdorlar bir-biridan uncha farq qilmasa, u holda nisbiy miqdorni foizda ifodalash qulay. Promella va prodetsimella shakllari ko‘pincha aholi statistikasi nisbiy ko‘rsatkichlarini ifodalashda qo‘llaniladi.
Taqqoslash bazasidagi miqdorlar har xil ko‘rinishda bo‘ladi, ya’ni o‘tgan davr (yil) ning haqiqiy ko‘rsatkichi, hisobot davrining rejalashtirilgan ko‘rsatkichi, boshqa xo‘jalik ko‘rsatkichi, o‘rganilayotgan hodisa yig‘indisi kabi ko‘rsatkichlar ko‘rinishida bo‘ladi. Shuning uchun ham, nisbiy miqdorlar har xil bo‘ladi va quyidagi turlarga bo‘linadi:
reja topshirig‘i nisbiy miqdorlari;
reja bajarilishi nisbiy miqdorlari;
dinamika nisbiy miqdorlari;
tuzilma (struktura) nisbiy miqdorlari;
taqqoslash nisbiy miqdorlari;
koordinatsiya nisbiy miqdorlari;
intensiv nisbiy miqdorlar.
Reja bajarilishi nisbiy miqdori yordamida rejaning bajarilish darajasi aniqlanadi. U ko‘rsatkich orqali ya’ni ishlab chiqarish hajmining yoki boshqa qandaydir jarayon hajmining (miqdorining) rejaga nisbatan necha foizga oshganligi yoki kamayganligi ta’riflanadi. Bu ko‘rsatkich quyidagicha hisoblanadi:
Bu yerda: RBnm – reja bajarilishi nisbiy miqdori (%);
D1 – joriy davr (haqiqiy) darajasi;
Drt – joriy davr uchun reja topshirig‘i.
Reja topshirig‘ini ifodalovchi nisbiy miqdorlar. Ushbu miqdorlar rejalashtirilgan davr ko‘rsatkichini oldingi davrning haqiqiy ko‘rsatkichiga nisbatan o‘zgarishini ifodalaydi, ya’ni u yoki bu hodisa bo‘yicha o‘sish, qo‘shimcha o‘sish yoki kamayish topshirig‘i foizini ifodalaydi. Buni quyidagi formula bilan ifodalash mumkin:
Bunda: RTnm – reja topshirig‘i nisbiy miqdori (% hisobida);
Drt – joriy davr uchun reja topshirig‘i;
D0 – bazis davr darajasi.
Dinamika nisbiy miqdorlari deganda bir xil turdagi ijtimoiy hodisalarning vaqt bo‘yicha o‘zgarishini ifodalovchi miqdorlar tushuniladi. Dinamika nisbiy miqdorlarni aniqlash uchun kamida ikki hisobot davri (ikki yil)ning haqiqiy miqdorlari (ko‘rsatkichlari) olinadi va birini ikkinchisiga taqqoslab ushbu nisbiy miqdor aniqlanadi. Buning uchun hisobot davridagi haqiqiy miqdorni 100 foizga ko‘paytirib, bazis davridagi haqiqiy miqdorga bo‘lish kerak. Natijada kelib chiqqan uchinchi ko‘rsatkich dinamika nisbiy miqdori hisoblanadi. Bu miqdor darajasiga qarab hisobot davridagi muayyan hodisaning bazis davridagi u yoki bu hodisaga nisbatan necha foizga oshganligini yoki kamayganligini ta’riflaydi.
Tuzilmaviy nisbiy miqdorlarni aniqlash uchun to‘plamning har bir qismini ifodalovchi miqdorni 100 foizga ko‘paytirib, uning jami miqdoriga bo‘lish kerak. Masalan, mamlakatning jami ichki mahsulotini 100 foiz deb olib, shundan necha foizi sanoat hissasiga, necha foizi qishloq xo‘jalik hissasiga va necha foizi boshqa tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri kelishligini aniqlash tuzilmaviy nisbiy miqdorga misol bo‘la oladi. Shu tariqa sof ichki mahsulot, yalpi milliy daromad, qishloq xo‘jalik yalpi mahsuloti kabi boshqa ijtimoiy hodisalarning tarkibiy tuzilishini aniqlash mumkin.
Tuzilmaviy nisbiy miqdorlar foizlarda ifodalanadi. Ana shu foizlar butun to‘plamga nisbatan ayrim qism, guruhlarning qancha hissa tashkil etishini ko‘rsatadi, ya’ni ijtimoiy hodisalarning tarkibiy tuzilishini ta’riflaydi.
Turli xil obyektlarga aloqador bo‘lgan sifat ko‘rsatkichlarini taqqoslash yo‘li bilan aniqlanadigan miqdorlar taqqoslash nisbiy miqdorlari deyiladi. Har xil xo‘jaliklarning hamma turdosh ko‘rsatkichlarni taqqoslab, nisbiy ko‘rsatkichlarni aniqlash mumkin emas, ayniqsa miqdoriy (hajmi) ko‘rsatkichlarni taqqoslab xulosa chiqarish mumkin emas, agar xulosa qilinganda ham ular aniq mazmunga ega bo‘lmaydi, aksincha katta xatoliklarga olib keladi.
Shuning uchun faqat xildosh, turdosh bo‘lgan sifat ko‘rsatkichlarini taqqoslab aniqlash va ular asosida turli xulosalar chiqarish mumkin.
Koordinatsiya nisbiy miqdorlari. Koordinatsiya nisbiy miqdorlari deganda statistik to‘plamdagi guruhlar (qismlar)ning bir-biriga bo‘lgan nisbati tariqasida aniqlanadigan nisbiy miqdorlar tushuniladi. Tashilgan netto tonno-km umumiy sonidagi yuk va yo’lovchilarning nisbati, umumiy ishchilar sonida tashish faoliyatida ishchilar soni koordinatsiya nisbiy miqdoriga misol bo‘la oladi.
Koordinatsiya nisbiy miqdorlari statistik to‘plam birliklari o‘rtasidagi zaruriy nisbatlarni nazorat qilish va har birining tutgan o‘rniga baho berishda qo‘llaniladi.
Intensiv nisbiy miqdorlar. Intensiv nisbiy miqdorlari deganda u yoki bu hodisaning aniq joyda, hududda tarqalish yoki rivojlanish darajasini tavsiflovchi miqdorlar tushuniladi. Ushbu miqdorlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan turli xildagi hodisalarni o‘zaro nisbati tariqasida yuzaga keladi.
Intensiv nisbiy miqdorlar, odatda, o‘rganiladigan hodisalarning 100, 1000 yoki boshqa birliklar nisbati tariqasida aniqlanadi. Mintaqada yashyatgan 1000 aholi soniga to‘g‘ri keladigan yo’lovchilar soni, 1 km2 ga to‘g‘ri keladigan aholi soni, 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilgan bolalar soni va hokazolar intensiv nisbiy miqdorlarga misol bo‘la oladi. Ushbu nisbiy miqdorlar faqat aniq son (raqamlar) – hajm ko‘rsatkichlari orqali ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |