Immun zardoblar va immunoglobulinlar sun’iy immunlangan hayvon va odam organizmidan olinadi. Ular qonda aylanib yurib, 4– 5 hafta ichida faol bo‘lmagan (passiv) immunitet hosil qiladi. Hozirgi paytda amaliyotda qoqshol, botulizm, difteriya, gripp kasalliklariga qarshi zardoblar hamda qizamiq, quturish, kanadan yuqadigan ensefalitga qarshi gamma-globulinlar qo‘llanilmoqda. Qo‘zg‘atuvchining o‘sishi va ko‘payishini to‘xtatuvchi preparatlar guruhiga yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining ko‘payishiga ingibitsiyalovchi (susaytiruvchi) yoki litik (erituvchi) ta’sir ko‘rsatadigan biopreparatlar kiradi. Bularga qorin tifi, dizenteriya,salmonelloz, stafilokokk, streptokokk bakteriofaglari va interferon(odam leykositar interferoni – gripp va boshqa virusli respiratorinfeksiyalarini davolash va profilaktikasi uchun ishlatiladi) kiradi.
4. Infeksion kasalliklarning terapiyasi. Spetsifik immunoterapiya.
Infeksion kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni kompleks davolash lozim. Bemorlarni etiologik va patogenetik jihatdan asoslangan holda davolash uchun infeksion kasalliklarni davolash qoidalariga amal qilish zarur. Bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– qo‘zg‘atuvchiga ta’sir etish;
– qo‘zg‘atuvchi toksiniga ta’sir etish;
– organizm reaktivligiga ta’sir etish;
– patologik jarayonning ayrim bo‘g‘inlariga ta’sir etish.
Yuqumli kasalliklarda ishlatiladigan preparatlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: spetsifik immunoterapiya (seroterapiya, vaksinoterapiya, fagoterapiya); kimyoterapiya (antibiotiklar,sulfanilamid preparatlar, nitrofuran va 8-oksixinolin hosilalari, antiprotozoy va viruslarga qarshi preparatlar); nospetsifik immunoterapiya (immunomodulyatorlar, metabolik jarayonlarni tezlashtiruvchi preparatlar, glyukokortikosteroidlar, anabolic steroidlar); patogenetik terapiyaning boshqa turlari (ferment preparatlar, eubiotiklar, vitaminlar); infuzion terapiya.
Spetsifik immunoterapiya.
Seroterapiya. Yuqumli kasalliklarda antiteloga ega preparatlardan zardoblar va gamma-globulinlar ishlatiladi. Seropreparatlar uch guruhga bo‘linadi: antitoksik (qoqsholga, difteriyaga, botulizmga qarshi hamda antistafilokokk gamma-globulin), antimikrob (kuydirgi va leptospirozga qarshi gamma-globulin) va antivirus (antirabik, chechakka, gripp va kanadan yuqadigan ensefalitga qarshi gamma-globulinlar). Eng ko‘p qo‘llaniladiganlari antitoksik zardoblar bo‘lib, ular u yoki bu qo‘zg‘atuvchilar tomonidan ishlab chiqiladigan toksinni neytrallaydi va xalqaro birlikda (XB) belgilanadi. Seroterapiyaning umumiy qoidalari tipospetsifiklik, erta qo‘llash va dozaning yetarliligidir.Zardoblar va gamma-globulinlar ko‘pincha mushak orasiga, kam hollarda venaga (bemor ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganda va zudlik bilan effekt olish zarurati tug‘ilganda), juda kam hollarda esa arteriyaga qilinadi. Oxirgi ikki yo‘l anafilaktik shok rivojlanishi ehtimoli borligi bilan xavfli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |