Bog'liq Mikrobiologiya va biotexnologiya kafedrasi biotexnologiya mutaxa
Infeksiya manbaini zararsizlantirish bo‘yicha tadbirlar. Yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlar aniqlanganda, bu tadbirlar puxta ishlab chiqilgan sistema asosida o‘tkaziladi, bu bemorni izolatsiya va kasallikni qayd qilishdan boshlanadi. 24 soat ichida Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi (DSENM)ga shoshilinch xabarnoma yuboriladi. Bir vaqtning o‘zida bu haqda telefon orqali xabar beriladi va barcha ma’lumotlar daftarda qayd qilinadi. Bemorni shifoxonaga yotqizish paytidayoq shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish maqsadida kasallikning yuqish mexanizmini hisobga olgan holda bemorlarni alohidalashga qat’iy rioya qilish zarur. Infeksiya o‘chog‘ida zudlik bilan epidemiologik tekshiruv o‘tkaziladi va bu asosda infeksiya tarqalishining oldini olish uchun profilaktik tadbirlar bajariladi. Bemorni infeksiya turiga qarab har xil muddatlarga izolatsiya qilinadi.Izolatsiya uchun asosan shifoxondagina yetarli sharoitlar bo‘ladi.Lekin kasallik turi va kechishiga qarab ayrim holatlarda bemorni uyida izolatsiya qilish mumkin. Bunda bemor alohida xonaga joylashtiriladi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilingan holda parvarish qilinadi va iloji boricha uning ajratmalari dezinfeksiya qilinadi. Bemorga jamoat joylarida bo‘lish, jumladan birlamchi tibbiy muassasalarga borish ham qat’iyan taqiqlanadi. Infeksiyaning keyingi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bemor atrofidagi va u bilan aloqada bo‘lgan kishilar orasida infeksiya manbaini aniqlash borasida ishlar olib boriladi. Bemor bilan aloqada bo‘lganlar klinik tekshiruvdan o‘tkaziladi va ulardan laboratoriya tahlili uchun materiallar olib tekshiriladi. Bemor yoki infeksiya tashib yuruvchilar bilan real aloqada bo‘lgan kishilar orasida karantin tayinlanadi. Ma’lum yashirin davrga ega bo‘lgan infeksiyalar uchun karantin qat’iy bir muddatga belgilanadi. Boshqa hollarda karantin bakteriologik tekshiruvlar natijasi olingunga qadar o‘tkaziladi (difteriya, dizenteriya). Ayrim kasalliklarning birdan avj olgan epidemiyasi davrida imkon boricha kasallikni oldindan aniqlash va barcha bemorlarni o‘z vaqtida izolatsiya qilish maqsadida uyma-uy aylanib chiqiladi va tekshiruvlar o‘tkaziladi. Bu vrachlar, feldsherlar va tibbiy hamshiralar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yuqumli kasalliklarga gumon qilingan barcha isitmali bemorlar atrofdagilardan izolatsiya qilinadi va zarurat tug‘ilganda shifoxonaga yotqiziladi. Shuni ham aytish zarurki, bemor shifoxonadan chiqqandan keyin ham infeksiya tashuvchi bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni shifoxonadan chiqarishda nafaqat klinik ma’lumotlar, balki epidemiologik ko‘rsatkichlar (laboratoriya tahlillari natijasi) e’tiborga olinishi shart. Ayrim kasalliklarda bemorning shifoxonadan chiqishida bakteriologik tekshiruvlar ikki va uch martadan o‘tkaziladi.