www.ziyouz.com
kutubxonasi
178
sotilayotgan hadis nashrlarini nomukammal deb hisoblaydi, shuning uchun eng qadimgi
va ishonchli qo‘lyozmalar asosida yangi nashrlarni tayyorlash maqsadga muvofiqdir.
Uning eng so‘nggi kitobi "Islom va musulmonlarni tushunish" 2002 yili Uilyam Grehem
bilan hammualliflikda AQShning Kentukki shtatida nashr qilingan. M.Z.Siddiqiyning
"Hadislar kitobi"ni arabchadan ingliz tiliga tarjima qilgan.
Muallif bugungi islomga postmodern va poststruktural qarashlardan kelib chiqqan holda
baho beradi, dinimizning bugungi dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatib berishga harakat
qiladi. Uning ba'zi bir qarashlarida G'arb tafakkuriga xos bo‘lgan va bizga g‘ayritabiiy
tuyuladigan, lekin teranroq nazar tashlanganda, chuqur va atroflicha tahlil ko‘zga
tashlanadi. Ayniqsa, muallifning aqidaparastlik, musulmon jamiyatida ayollar va ularning
haq-huquqlari qanday ta'minlanayotgani xususidagi mulohazalari hech kimni befarq
qoldirmaydi. Muallif G'arb feministlarining, musulmon dunyosida ayollarning huquq va
erkinliklari poymol qilinmoqda, degan da'volariga javoban, xristianlik va islomning ilohiy
manbalaridagi jinsga bo‘lgan fundamental munosabatni tahlil qilib ko‘radi hamda
islomda ayollarga nisbatan hech qanday cheklashlar yo‘q ekanini isbot qiladi. Bunday
mulohazalar o‘zbek kitobxoni uchun yangilikdir, qolaversa, unga modern jamiyatda o‘z
dinining o‘rnini belgilab olishida yordam beradi.
Amerikalik kelajakshunos olim Olvin Toffler "Uchinchi to‘lqin" kitobida "Biz embrion
holatidagi kelajakni kechagi kunning oddiy qolipiga tiqa olmaymiz. Bu borada ortodoksal
munosabat yoki kayfiyat ham qo‘l kelmaydi", deb yozgan edi.
Umuman olganda, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari bo‘rttirib
ko‘rsatayotganiday, aqidaparastlik faqat islom diniga xos tushuncha ham, hodisa ham
emas. Buni boshqa dinlarda ham ko‘rish mumkin. Dunyodagi globallashuv jarayoni
ma'lum ma'noda har bir dinga daxl qilayotgani, har bir jamiyat yoki hududda hukmron
bo‘lib kelgan dinning yoniga boshqa bir din kirib kelayotgani mavjud manzarani butunlay
o‘zgartirib yubormoqda. Bugungi kunda dinlar o‘rtasidagi chegara muayyan davlat yoki
jamiyat chegarsidan emas, har bir shaxsning yuragidan o‘tadigan bo‘lib bormoqda.
Afsuski, ba'zi hollarda boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik qilish qiyin
kechyapti. Bundan tashqari, u yoki bu dinning ilgari boshqa dinlar hukmronlik qilib
kelgan hududlarga yoyilishi o‘sha yerlardagi ijtimoiy norozilik belgisi sifatida ham ko‘zga
tashlanmoqdaki, ayni holni T.Uinter juda yaxshi tahlil qilib bergan. Uning nazarida
hayot jadal o‘zgarib borayotgan bugungi kunda yuzaga kelayotgan misli ko‘rilmagan
murakkab ijtimoiy muammolarga javob topish uchun muqaddas diniy manbalarni har
kim o‘zicha talqin qilishi, u yoki bu masalani shar'iy qilib olishga urinishi ummat
o‘rtasidagi keskin parchalanishga, to‘rtta mazhab o‘rniga millionlab sektalar vujudga
kelishiga sabab bo‘ladi. Bunday fojiaga esa mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Muallif bizning din mutafakkirlarimizdan farqli o‘laroq, vahhobiylik oqimining paydo
bo‘lishi va boshqa joylarga yoyilishini faqatgina din kontekstida emas, ijtimoiy-iqtisodiy,
hatto siyosiy kontekstda olib tahlil qiladiki, bu hol o‘quvchiga oqimning paydo bo‘lish
sabablari xususida yorqin tasavvur beradi. Ayni hol mustaqillikdan so‘ng mamlakatimiz
ijtimoiy hayotidagi dinni o‘zlarining g‘ayriqonuniy, siyosiy maqsadlariga erishish yo‘lida
niqob qilib olgan turli oqimlarning asl muddaosi nima ekanini tushunib olishda muhim
ahamiyat kasb etadi. Muallif 4 ta diniy mazhabning birini ikkinchisidan ustun qo‘ymagan
holda ularning muayyan masalaga yechim izlash borasidagi printsipial farqlarini ko‘rsatib
berishga harakat qiladi, arab mamlakatlari va Yevropadagi mujtahidlik da'vosini qilib
XXI asrda Islom: Postmodern dunyoda qiblani topish. Timoti J. Uinter
Do'stlaringiz bilan baham: |